Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

45-BOB

Unga hatto jinlar ham bo‘ysunishadi

Unga hatto jinlar ham bo‘ysunishadi

MATTO 8:28–34 MARK 5:1–20 LUQO 8:26–39

  • JINLARNING CHO‘CHQA PODASIGA KIRIB OLISHI

Kuchli bo‘rondan so‘ng qirg‘oqqa qadam bosgan shogirdlar hali o‘zlariga kelib ulgurmagan. Yaqin atrofda joylashgan qabristondan ko‘rinishi qo‘rqinchli bo‘lgan ikki kishi chiqib, Isoning oldiga yugurib keladi. Bu odamlar jinga chalingan. Ulardan biri ko‘p vaqt mobaynida yovuz ruhning ta’siri ostida yurgani uchun tajovuzkorroq bo‘lgandir. Shu bois butun e’tibor unga qaratiladi.

Bu bechora odam ancha vaqtdan beri kiyimsiz yuradi. U «kecha-yu kunduz qabriston-u tog‘larda baqirib yurardi va o‘zini toshlar bilan jarohatlardi». (Mark 5:5) U shu qadar vahshiyki, odamlar o‘sha yo‘ldan o‘tishdan qo‘rqishadi. Bu kishini bog‘lab qo‘yishga qancha urinishmasin, u zanjirlarni uzib, kishanlarni sindirib tashlardi. Hech kim uni yenga olmasdi.

O‘sha kishi Isoga yaqinlashib uning oyoqlariga yiqiladi va jinlar uni shunday deb baqirishga majburlashadi: «Ey, Xudoyi Taoloning O‘g‘li Iso, menda nima ishing bor? Xudo haqqi yolvoraman, meni qiynama!» Iso jinlar ustidan hokimiyatga ega ekanini ko‘rsatish uchun shunday deb buyuradi: «Ey yovuz ruh, bu odamdan chiqib ket!» (Mark 5:7, 8)

Aslida bu kishining ichiga ko‘plab jinlar kirib olgan. Iso: «Isming nima? — deb so‘raydi. — Ismim Tumonat [Legion], chunki biz ko‘pchilikmiz»,— deyishadi jinlar. (Mark 5:9, izoh) Qadimgi Rimda legion minglab askarlardan iborat harbiy qism bo‘lgan. Demak, bu odamning ichiga ko‘plab jinlar kirib olgan va uni qiynashdan ular zavq olishadi. Jinlar Isoga yolvorib, ularni «tubsizlikka yubormaslikni» so‘rashadi. Ular o‘zlarini ham, rahbarlari Shaytonni ham nima kutayotganini bilishsa kerak. (Luqo 8:31)

O‘sha yerda, tog‘ yonbag‘rida 2 000 ga yaqin cho‘chqa o‘tlab yuradi. Tavrotga binoan bu hayvonlar harom hisoblangani uchun yahudiylar ularni boqmasligi kerak edi. Jinlar Isoga yolvorib: «Bizga ruxsat ber, cho‘chqalarga kirib olaylik»,— deyishadi. (Mark 5:12) Iso ruxsat berganida, ular cho‘chqa podasiga kirib olishadi. Shunda butun cho‘chqa podasi jarlikdan dengizga sakrab cho‘kib ketadi.

Cho‘chqaboqarlar esa bu haqda aytib berish uchun shahar-u qishloqlarga qochib ketishadi va odamlar nima bo‘lganini ko‘rish uchun kelishadi. Shunda ular ichidan jinlar chiqqan kishining kiyinib, es-hushli holatda Iso bilan birga o‘tirganini ko‘rishadi!

Bu voqeani eshitgan yoki o‘sha kishini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan odamlarni vahima bosadi va Iso yana nimalar qilarkin, deya tashvishlanishadi. Ular Isoga yolvorib, yurtlarini tark etishini so‘rashadi. Iso qayiqqa tushayotganda, o‘sha kishi Isodan unga ergashib yurish uchun ijozat so‘raydi. Lekin Iso unga shunday deydi: «Uyingizga boring-da, Yahova siz uchun nimalar qilganini va qanday rahm-shafqat ko‘rsatganini qarindoshlaringizga gapirib bering». (Mark 5:19)

Odatda Iso shifo topgan odamlarga bu haqda hech kimga aytmaslikni buyuradi. Sababi, Iso insonlar shov-shuvli xabarlar asosida u haqda xulosa chiqarishlarini istamaydi. Hozir esa vaziyat o‘zgacha, chunki bu kishi Isoning o‘zi va’z qila olmagan odamlarga shohidlik berib, Isoning kuch-qudratga ega ekanining yorqin misoli bo‘ladi. Bu esa cho‘chqalar bilan yuz bergan voqea sababli har qanday nojo‘ya gaplar tarqalishining oldini oladi. Bu kishi O‘nkentga borib, Iso unga nimalar qilgani haqida jar sola boshlaydi.