Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

57-BOB

Iso qizchaga va kar odamga shifo beradi

Iso qizchaga va kar odamga shifo beradi

MATTO 15:21–31 MARK 7:24–37

  • FINIKIYALIK AYOLNING QIZINI SOG‘AYTIRADI

  • KAR VA YAXSHI GAPIRA OLMAYDIGAN KISHIGA SHIFO BERADI

Farziylarni o‘z manfaatlariga xizmat qiladigan barcha urf-odatlari uchun ayblab, Iso shogirdlari bilan ketadi. U shimoli-g‘arbda, ancha kilometr narida joylashgan Finikiyaning Tir va Sidon shaharlariga ketyapti.

Iso to‘xtash uchun uy topdi, lekin u bu yerda ekanini hech kim bilishini istamaydi. Biroq bu yerda ham Isoni tinch qo‘yishmaydi. Shu yerda tavallud topgan bir yunon ayol Isoning oldiga kelib: «Ey Hazratim, Dovudning O‘g‘li, menga rahm-shafqat qiling. Qizim jinga chalinib, juda qiynalyapti»,— deb faryod qiladi. (Matto 15:22; Mark 7:26)

Shogirdlari Isoga: «Ayting unga ketsin, axir tinmay orqamizdan baqirib kelyapti-ku»,— deyishadi. Iso esa bu ayolga e’tibor bermaganining sababini shunday tushuntiradi: «Xudo meni adashgan qo‘ylarga o‘xshagan Isroil xalqigagina yuborgan». Lekin ayol taslim bo‘lmaydi. U Isoning oldiga kelib, tiz cho‘kkancha: «Hazratim, menga yordam bering!» — deydi. (Matto 15:23–25)

Ehtimol, Iso ayolning imonini sinash niyatida, o‘z so‘zlari bilan yahudiylarning boshqa millatga bo‘lgan noto‘g‘ri fikriga e’tibor qaratadi: «Nonni bolalardan olib, kuchuklarga berish yaxshi emas». (Matto 15:26) Iso «kuchuklar» yoki kuchukchalar deb aytganida, yahudiy bo‘lmagan kishilarga nisbatan iliq tuyg‘ularini oshkor etgan. Uning yuz ifodasida va rahm-shafqatga to‘la ovozida ham bunday tuyg‘ular aks etgandir.

Ayol hech xafa bo‘lmaydi, u yahudiylarning noto‘g‘ri fikri haqidagi Isoning shamasini tushunib, kamtarlik ila: «Siz haqsiz, Hazratim. Ammo kuchuklar ham xo‘jayinlarining dasturxonidan tushgan ushoqlarni yeydi-ku»,— deydi. Iso ayolning qalbi toza ekanini ko‘rib: «Ishonchingiz juda kuchli ekan. Mayli, siz xohlaganday bo‘lsin»,— deb aytadi. (Matto 15:27, 28) Garchi qizcha onasining yonida bo‘lmasa ham, Isoning so‘zlari amalga oshadi! Ayol uyiga keladi-da, «qizalog‘ining jindan qutulib», to‘shakda yotganini ko‘radi. (Mark 7:30)

Iso bilan shogirdlari Finikiyadan chiqqach, butun o‘lka bo‘ylab o‘tib Iordan daryosining yuqorisiga ketishadi. Ular Jalila dengizining shimolidagi Iordanni kechib o‘tib, O‘nkent hududiga kelishadi. Ular tog’ga chiqishadi, ammo o‘sha yerga ham olomon ularni izlab keladi va o‘zi bilan cho‘loq, mayib, ko‘zi ojiz, soqovlarni keltiradi. Ularni Isoning oyoqlari oldiga qo‘yishadi va Iso ularga shifo beradi. Xaloyiq hayratga tushib, Isroilning Xudosiga shon-sharaflar aytadi.

O‘sha yerda Iso butun diqqat-e’tiborini kar va yaxshi gapira olmaydigan bir kishiga qaratadi. Bunday inson olomon ichida o‘zini qanday his qilishini bilsangiz kerak. Ehtimol, Iso bu kishining hayajonini payqab, uni chetroqqa olib chiqadi. Ular yolg‘iz qolishganda, Iso nima qilmoqchi ekani ayon bo‘ladi. U barmoqlarini kishining quloqlariga tiqadi va tupurib, tiliga tekkizadi. Keyin Iso osmonga qarab: «Effatah», ya’ni «Ochil»,— deydi. Shu onda bu odamning quloqlari ochilib, ravon gapira boshlaydi. Iso bu haqidagi xabar ommalashib ketishini istamaydi. Chunki u, odamlar o‘zlari ko‘rgan va eshitgan narsalari asosida unga ishonishlarini xohlaydi. (Mark 7:32–36)

Isoning mo‘jizalar yaratish qudrati odamlarda kuchli taassurot qoldiradi va ular judayam hayratlanib: «Uning hamma ishlari ajoyib. U hatto karlarni eshitadigan, soqovlarni gapiradigan qilyapti»,— deyishadi. (Mark 7:37)