Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

62-BOB

Kamtarin bo‘lish sabog‘i

Kamtarin bo‘lish sabog‘i

MATTO 17:22–18:5 MARK 9:30–37 LUQO 9:43–48

  • ISO YANA O‘LIMI HAQIDA AYTADI

  • BALIQ OG‘ZIDAN CHIQQAN TANGA BILAN SOLIQ TO‘LAYDI

  • XUDONING SHOHLIGIDA KIM BUYUK?

Qiyofasi o‘zgarganidan va Filip Kesariyasida jinga chalingan bola sog‘ayganidan so‘ng Iso Kafarnahumga jo‘naydi. U yerga faqatgina shogirdlari bilan boradi, sababi, bu haqda xaloyiqdan «kimdir bilib qolishini xohlamasdi». (Mark 9:30) Bu, Iso shogirdlarini o‘limiga tayyorlashi hamda ular bajaradigan vazifalar to‘g‘risida gaplashishi uchun imkon ochib beradi. Iso shogirdlariga: «Inson O‘g‘li dushmanlarining qo‘liga tutib beriladi va ular uni o‘ldirishadi. Ammo u uchinchi kuni tiriladi»,— deb aytadi. (Matto 17:22, 23)

Bu so‘zlardan shogirdlar hayron qolmasliklari kerak. Iso o‘ldirilishi haqda allaqachon aytgandi, biroq Butrus bunga ishonmas edi. (Matto 16:21, 22) Bundan tashqari, uchta havoriy Isoning qiyofasi o‘zgarganini ko‘rgan va u «dunyoni tark etishi» haqidagi suhbatni eshitgan. (Luqo 9:31) Shogirdlar u nima deganini oxirigacha tushunmagan bo‘lishsa-da, uning gaplaridan «qayg‘uga botishdi». (Matto 17:23) Shu bilan bir vaqtda ular Isodan bu haqda tafsilotlarni so‘rashga ham jur’at eta olishmadi.

Bir oz vaqt o‘tib, ular Iso ko‘pincha xizmat qiladigan shaharga — Kafarnahumga yetib kelishadi. Bu yer boshqa havoriylarning ham ona shahri. Shunda Butrusning oldiga ma’bad solig‘ini yig‘adigan kishilar kelishadi. Ehtimol, ular Isoni urf-odatlarga rioya qilmaganlikda ayblash niyatida: «Ustozingiz ma’bad solig‘ini to‘laydimi?» — deb so‘rashadi. (Matto 17:24)

«To‘laydi»,— deb javob qaytaradi Butrus. Butrus u bilan uyda ko‘rishganda, Iso allaqachon barcha narsadan xabardor bo‘ladi. Shuning uchun, Butrus gapirishidan oldin Iso undan: «Nima deb o‘ylaysiz, Simun, jahon podshohlari boj yoki jon solig‘ini kimdan olishadi? O‘z o‘g‘illaridanmi yoki begonalardanmi?» — deb so‘raydi. Butrus javob berib: «Begonalardan-da»,— deydi. «Demak, o‘g‘illar soliqdan ozod ekan-da»,— deydi Iso. (Matto 17:25, 26)

Isoning Otasi Sarvari Olamdir va Unga ma’badda topinishadi. Demak, Xudoning O‘g‘li qonun bo‘yicha ma’bad solig‘ini to‘lashga majbur emas. Iso shunday deydi: «Lekin biz haqimizda noto‘g‘ri fikrga bormasliklari uchun dengizga borib, qarmoq tashlang. Qarmoqqa ilingan baliqning og‘zini ochsangiz, kumush tanga topasiz. O‘shani olib, ikkovimiz uchun to‘lang». (Matto 17:27)

Vaqt o‘tgach shogirdlar birga yig‘ilishadi va Isodan Osmon Shohligida kim eng buyuk ekanini so‘rashadi. Bundan sal oldin ular Isoning o‘limi to‘g‘risida so‘rashga jur’at eta olishmagan edi, hozir esa o‘zlarining kelajagi borasida savol berishdan qo‘rqishmayapti. Ular nima haqda o‘ylashayotganini Iso biladi. Kafarnahumga Isoning orqasidan ergashib ketayotganda, ular aynan buni jo‘shqin tarzda muhokama qilib ketishgandi. Shu bois Iso: «Yo‘l-yo‘lakay nima to‘g‘risida bahslashdingiz?» — deb so‘raydi. (Mark 9:33) Shogirdlar uyalganidan indashmaydi, sababi, oralarida kim eng buyuk ekani to‘g‘risida bahslashishgandi. Nihoyat, havoriylar Isodan: «Osmon Shohligida kim eng buyuk bo‘ladi?» — deb so‘rashadi. (Matto 18:1)

Shunisi ajablanarliki, shogirdlar deyarli uch yil mobaynida Isoni kuzatib, aytganlarini eshitishganiga qaramay, baribir bu mavzuda gap ochishyapti. Lekin shuni yodda tutish kerakki, ular nomukammal. Boz ustiga, ular o‘sib-ulg‘aygan diniy muhitda o‘rin va martabaga muhim e’tibor qaratilardi. Bundan tashqari, Iso Butrusga Osmon Shohligining «kalitlarini» va’da qilgani uchun u o‘zini ustunroq hisoblagan bo‘lishi mumkin. Yoqub bilan Yuhanno ham o‘zlarini shunday his qilishgandir, axir ular Isoning qiyofasi o‘zgarganini ko‘rishgan-ku.

Sababi qanday bo‘lmasin, Iso ularning nuqtai nazarini o‘zgartirish maqsadida ta’sirli bir misol keltiradi. U bir bolakayni chaqirib, ularning orasiga turg‘izadi-da, shunday deydi: «Agar o‘zgarib, jajji bolalarday bo‘lmasangizlar, Osmon Shohligiga aslo kira olmaysizlar. Kimki shu jajji boladek o‘zini past tutsa, u Osmon Shohligida eng buyuk bo‘ladi. Kimki shunday jajji bolalarning birini mening nomimdan qabul qilsa, u meni qabul qilgan bo‘ladi». (Matto 18:3–5)

Ta’lim berish usuli naqadar ajoyib-a?! Isoning ularga achchig‘i chiqayotgani yo‘q, ularni mag‘rur, ochko‘z yoki shuhratparast deb ham atamagan. Aksincha, Iso yaqqol misol keltiradi. Bolalarning yuksak martabasi bo‘lmaydi. Shuning uchun Iso, shogirdlari bolalar kabi bo‘lishga o‘rganishi kerakligini ko‘rsatadi. Keyin Iso so‘zlariga shunday yakun yasaydi: «Orangizda kim o‘zini past olib yursa, o‘sha buyuk bo‘ladi». (Luqo 9:48)