Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

72-BOB

Iso 70 ta shogirdini va’z qilishga yuboradi

Iso 70 ta shogirdini va’z qilishga yuboradi

LUQO 10:1–24

  • ISO 70 TA SHOGIRDINI TANLAB, VA’ZGO‘YLIKKA YUBORADI

Mil. 32-yilning oxiri. Isoning suvga cho‘mganiga taxminan uch yil bo‘ldi. Yaqindagina u shogirdlari bilan Quddusga, Chaylalar bayramiga kelgan edi. Ehtimol, ular hali ham shahar yon-atrofida. (Luqo 10:38; Yuhanno 11:1) Qolgan olti oylik xizmatining aksariyat qismini u Yahudiyada va Iordan daryosining narigi tomonidagi Pereyada o‘tkazadi. Bu hududda ham xushxabarni va’z qilish kerak.

Avvalroq, mil. 30-yili Hosil bayramidan so‘ng, Iso Samariya bo‘ylab yurib, Yahudiyada bir necha oy mobaynida va’zgo‘ylik qilgan edi. Taxminan mil. 31- yili Hosil bayrami nishonlanayotganda yahudiylar uning joniga qasd qilishga urinishdi. Keyingi bir yarim yil davomida asosan shimolda joylashgan Jalilada ta’lim berib yurdi. Shu vaqt ichida ko‘plar uning izdoshiga aylandi. Jalilada Iso havoriylariga ta’lim berdi va ularni va’z qilishga jo‘natayotib shunday dedi: «“Osmon Shohligi yaqinlashib qoldi”,— deb e’lon qilinglar». (Matto 10:5–7) Mana endi Iso Yahudiyada keng ko‘lamli va’zgo‘ylik faoliyatini boshlaydi.

Dastlab, u shogirdlaridan 70 tasini tanlaydi va ularni ikkitadan qilib jo‘natadi. Shu yo‘sin, 35 juft shogird «hosil chindan ham mo‘l, faqat ishchilar oz» bo‘lgan hududlarda va’zgo‘ylik qiladi. (Luqo 10:2) Iso ularni o‘zi bormoqchi bo‘lgan shahar-u qishloqlarga jo‘natadi. Bu 70 ta shogird kasallarni davolab, Iso va’z qiladigan xabarni yetkazishi kerak.

Iso shogirdlariga ibodatxonalarga emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri odamlarning uylariga borishni buyuradi. U ularga shunday ko‘rsatma beradi: «Biron-bir uyga kirganingizda: “Assalomu alaykum”,— deb aytinglar. Agar u yerda tinchliksevar kishi bo‘lsa, salomingiz u bilan qoladi». Ular nima haqda gapirishlari kerak ekan? «“Xudoning Shohligi yaqinlashib qoldi”,— deya aytib yuringlar»,— deydi Iso. (Luqo 10:5–9)

Bundan qariyb bir yil oldin Iso 12 ta havoriysini va’zgo‘ylikka yuborayotib, ularga muayyan ko‘rsatmalar bergandi. Endi u 70 ta shogirdiga ham shu yo‘l-yo‘riqlarni beradi. Iso ularni hamma ham quvonch bilan kutib olmasligini aytib ogohlantiradi. Shogirdlarning ajoyib ishlari samimiy insonlarni sabrsizlik bilan ularning Ustozi kelishini kutishga undaydi.

Oradan ko‘p o‘tmay, 35 juft shogird Isoning oldiga qaytib keladi. «Hazrat,— deb aytishadi ular,— sizning ismingizni tilga olganimizda, hatto jinlar ham bizga bo‘ysunishyapti». Bunday quvonchli xabar Isoni juda xursand qiladi va u ularga javoban shunday deydi: «Men Shaytonning osmondan chaqmoqday tushganini ko‘rdim. Mana, men sizlarga ilonlar-u chayonlarni ezib tashlash uchun... hokimiyat berganman». (Luqo 10:17–19)

«Ilonlar-u chayonlarni ezib tashlash» iborasi ramziy ma’noga ega. Bu bilan Iso shogirdlarini ularga zarar yetkazadigan narsalarni yenga olishlariga ishontiradi. Bundan tashqari, shogirdlar kelajakda Shayton osmondan uloqtirilishiga amin bo‘lishlari mumkin. Iso shuningdek, 70 ta shogirdiga eng muhimi nima ekanligini anglab yetishga yordam beradi. U shunday deydi: «Lekin jinlar sizlarga bo‘ysunishganiga emas, balki ismlaringiz osmonda yozilganiga xursand bo‘linglar». (Luqo 10:20)

Iso quvonchga to‘lib, bunday ajoyib ishlarni amalga oshirishda kamtarin xizmatchilaridan foydalanayotgani uchun Otasini ulug‘laydi. Shogirdlariga murojaat qilib, Iso quyidagilarni aytadi: «Sizlar ko‘rayotgan narsalarni ko‘rganlar baxtlidir. Sizlarga aytib qo‘yay, ko‘pdan-ko‘p payg‘ambarlar-u shohlar sizlar ko‘rayotgan narsalarni ko‘rishni orzu qilishgan, lekin ko‘ra olishmagan. Sizlar eshitayotganlarni eshitishni xohlashgan, biroq eshita olishmagan». (Luqo 10:23, 24)