Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

80-BOB

Yaxshi cho‘pon va qo‘ralar

Yaxshi cho‘pon va qo‘ralar

YUHANNO 10:1–21

  • ISO YAXSHI CHO‘PON VA QO‘RALAR HAQIDA GAPIRADI

Iso Yahudiyada xalqqa ta’lim berishni davom etadi. U tinglovchilariga yaxshi tanish bo‘lgan misol, ya’ni qo‘ylar va qo‘ralar haqida aytadi. Dovudning: «Yahova mening Cho‘ponimdir. Hech narsada muhtojlik ko‘rmayman. Yam-yashil yaylovlarda U menga orom beradi»,— degan so‘zlari yahudiylarning xayoliga kelgan bo‘lsa kerak. (Zabur 23:1, 2) Boshqa bir sanoda Dovud xalqqa murojaat qilib, shunday degan: «Yaratuvchimiz Yahova oldida tiz cho‘kaylik. Chunki U bizning Tangrimizdir, biz Uning yaylovidagi xalqmiz». (Zabur 95:6, 7) Chindan ham, Tavrotga rioya qilgan isroilliklar qadim zamonlardan beri qo‘ylar bilan solishtirilgan.

Qo‘ylar bilan solishtirilgan isroilliklar «qo‘y qo‘rasida» degani, ular Musoning Qonun ahdi amal qilgan paytda tug‘ilganini anglatadi. Bu qonun, ularni Tavrotga itoat etmagan xalqlarning yomon ta’siridan himoya qilardi. Biroq ba’zi isroilliklar Xudoning suruviga yomon munosabat ko‘rsatishardi. Iso shunday deya tushuntiradi: «Ishonavering, kimki qo‘y qo‘rasiga eshik orqali emas, boshqa joydan kirsa, u o‘g‘ri va bosqinchi. Eshik orqali kirgan esa cho‘pondir». (Yuhanno 10:1, 2)

Isoni tinglayotgan ba’zi isroilliklar o‘zlarini Masih deb tanitgan odamlarni esga olishadi. Bunday odamlarni o‘g‘ri va bosqinchilar bilan solishtirsa bo‘ladi. Albatta xalq bunday firibgarlar ortidan ergashmasligi kerak. Aksincha, ular Iso aytgan cho‘pon orqasidan borishlari kerak.

U haqda Iso quyidagicha aytadi: «Darvozabon unga eshikni ochib beradi va qo‘ylar uning ovoziga quloq soladi. U qo‘ylarini nomma-nom chaqirib, tashqariga olib chiqadi. Tashqariga olib chiqayotib, ularning oldida boradi. Qo‘ylar ham uning orqasidan ergashadi, chunki uni ovozidan taniydi. Ular begonaning ketidan bormaydi, aksincha, undan qochadi, sababi qo‘ylar begonalarning ovozini tanimaydi». (Yuhanno 10:3–5)

Bundan oldin, darvozabonga o‘xshatilgan Yahyo Isoga ishora qilgan. Sababi, Tavrotga bo‘ysunadigan ramziy ma’nodagi qo‘ylar uning orqasidan ergashishi kerak. Bu yerda, ya’ni Yahudiyada va Jaliladagi ba’zi qo‘ylar Isoning ovozini taniydi. Xo‘sh, Iso ularni qayerga olib boradi? Ular uning orqasidan ergashsa, buning natijasi qanday bo‘ladi? Tinglovchilardan ba’zilari «Iso ularga bu misolni keltirganida, ular tushunishmaydi». (Yuhanno 10:6)

Iso quyidagicha tushuntiradi: «Ishonavering, men qo‘ylar uchun eshikman. Qalbaki ravishda mening nomimdan kelganlarning barchasi o‘g‘ri va bosqinchidir. Ammo qo‘ylar ularga quloq solmaydi. Men eshikman. Men orqali kirgan, qutqariladi. U kiradi, chiqadi va yaylov ham topadi». (Yuhanno 10:7–9)

Demak, Iso qandaydir yangi fikr aytmoqchi bo‘ladi. Isroil xalqi bilan qilingan ahd bir necha asrlar oldin mavjud bo‘lgan. Lekin tinglovchilar, Iso bu ahdga olib boradigan «eshik» emasligini tushunishadi. Iso qo‘ylarini boshqa qo‘raga olib borayotganini aytgan bo‘lsa kerak. Xo‘sh, bu nimani anglatadi?

Keyin Iso o‘z vazifasini shunday deb tushuntiradi: «Men esa qo‘ylar yashashi, abadiy hayotga ega bo‘lishi uchun keldim. Men yaxshi cho‘ponman. Yaxshi cho‘pon qo‘ylari uchun o‘z jonini ham ayamaydi». (Yuhanno 10:10, 11) Bundan oldin, Iso shogirdlariga: «Qo‘rqma, ey kichik poda, chunki samoviy Otangiz sizlarga Shohlikni berishni ma’qul ko‘rdi»,— deb dalda bergan edi. (Luqo 12:32) Ha, «kichik poda» qatoriga kirganlarni Iso yangi qo‘raga olib boradi va ular «yashashi, abadiy hayotga ega bo‘lishi» mumkin. Bunday «poda»ga tegishli bo‘lish katta baraka!

Ammo bu bilan Isoning so‘zlari tugamaydi. U so‘zida davom etib: «Bu qo‘radan bo‘lmagan boshqa qo‘ylarim ham bor. Ularni ham olib kelishim kerak. Ular mening ovozimni eshitadi va bir suruv hamda bir cho‘pon bo‘ladi»,— deydi. (Yuhanno 10:16) «Boshqa qo‘ylar» «bu qo‘radan» emas degani, ular Shohlikka ega bo‘ladigan «kichik poda» uchun atalgan qo‘ra emas, balki qandaydir boshqa qo‘raga tegishli. Ushbu ikkita qo‘radagi qo‘ylarning istiqboli har xil. Biroq ikkala qo‘radagi qo‘ylar Iso bajaradigan topshiriqdan foyda olishadi. Iso shunday deydi: «Otam meni sevadi, negaki men o‘z jonimni... beryapman». (Yuhanno 10:17)

Xaloyiqdan ko‘pi: «Bu odamni jin urgan, u aqldan ozgan»,— deb aytadi. Boshqalar esa yaxshi cho‘ponga ergashmoqchi bo‘ladi. Ular Isoni diqqat bilan tinglashadi. «Jin urganda, bunaqa gapirmasdi,— deyishadi ular.— Axir jin ko‘rlarning ko‘zlarini ocha olarmidi?» (Yuhanno 10:20, 21) Ehtimol, odamlar yaqinda yuz bergan voqeani, ya’ni Iso tug‘ma ko‘r kishini sog‘aytirganini nazarda tutishayotgandir.