Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

85-BOB

Tavba qilgan gunohkor uchun xursandchilik

Tavba qilgan gunohkor uchun xursandchilik

LUQO 15:1–10

  • YO‘QOLGAN QO‘Y VA TANGA HAQIDAGI MASALLAR

  • FARISHTALARNING OSMONDAGI XURSANDCHILIGI

Yer yuzida xizmat qilgan paytda Iso kamtarinlikning muhimligini bir necha marta ta’kidlaydi. (Luqo 14:8–11) U Xudoga kamtarlik ila xizmat qilishni xohlaydigan erkag-u ayollarni astoydil izlayapti. Ularning orasida o‘taketgan gunohkor deb tanilganlar ham bor.

Farziylar-u ulamolar ular nomunosib deb hisoblagan odamlar Isoga yaqinlashib, uning xabarini qabul qilayotganini ko‘rishadi. Ular norozi bo‘lib: «Bu kishi gunohkorlarni qabul qilib, ular bilan ovqat yeyapti»,— deyishadi. (Luqo 15:2) Farziy va ulamolar o‘zlarini ustun qo‘yib, oddiy xalqqa oyoq ostidagi kir kabi munosabatda bo‘lishardi. Bunday odamlarga nisbatan nafratini ko‘rsatish uchun ularni «tuproq odamlari» (ibroniycha am xaares) deb atashadi.

Ulardan farqli o‘laroq Iso hamma odamlarga hurmat, mehribonlik va rahmdillik ko‘rsatadi. Shu sababli, oddiy insonlardan ko‘pchiligi, hatto yomon ishlari bilan tanilgan odamlar ham uni tinglashga tashna bo‘ladi. Iso oddiy insonlarga yordam bergani uchun tanqid qilinganiga qanday munosabat bildiradi?

Bunga javoban Iso oldin Kafarnahumda aytganiga o‘xshash bir ta’sirli masal so‘zlab beradi. (Matto 18:12–14) Masaldagi odil kishilar Xudoning suruvida o‘zini xavfsiz his qilayotgan farziylarni, yo‘ldan adashib yo‘qolib qolganlar esa oddiy insonlarni bildiradi. Iso quyidagicha deydi:

«Sizlardan kimningdir 100 ta qo‘yi bo‘lsa-da, ulardan bittasini yo‘qotib qo‘ysa, 99 tasini cho‘lda qoldirib, yo‘qolganini topmaguncha axtarmaydimi? Uni topgach esa, yelkasiga ko‘tarib rosa sevinadi. O‘sha kishi uyga keladi-da, do‘stlari-yu qo‘shnilarini chaqirib: “Kelinglar, birga quvonamiz, chunki men yo‘qotgan qo‘yimni topdim”,— deydi». (Luqo 15:4–6)

Iso bu bilan nima demoqchi? U masalning ma’nosini tushuntiradi: «Sizlarga aytib qo‘yay, xuddi shunday, tavbaga muhtoj bo‘lmagan 99 ta odil kishidan ko‘ra, tavba qilgan bitta gunohkor uchun ham osmonda katta xursandchilik bo‘ladi». (Luqo 15:7)

Tavba haqidagi fikrdan farziylar hayron qolishadi. Ular o‘zlarini odil hisoblashgani uchun tavbaga muhtoj emasmiz, deb o‘ylashadi. Ikki yil oldin ulardan ba’zilari Isoni soliqchilar va gunohkorlar bilan ovqat yegani uchun ayblashganida, u shunday degan edi: «Axir men odil kishilarni emas, gunohkorlarni da’vat etgani kelganman». (Mark 2:15–17) Manman farziylar tavbaga muhtojligini tan olmayotgani uchun osmonda xursandchilik bo‘lmaydi. Astoydil tavba qilgan gunohkorlar uchun esa xursandchilik bo‘ladi.

Adashib qolgan gunohkorlarning tavba qilishi osmonda katta quvonchga sabab bo‘lishini yana bir bor ta’kidlab, Iso kundalik hayotdan olingan boshqa masalni aytib beradi: «Qaysi bir ayolning o‘nta kumush tangasi bo‘lsa-da, ulardan bittasini yo‘qotib qo‘ysa, chiroq yoqib uni topmaguncha uyini supurib, yaxshilab qidirmaydimi? Uni topgach esa, dugonalari-yu qo‘shnilarini chaqirib: “Kelinglar, birga quvonamiz, chunki men yo‘qotgan kumush tangamni topdim”,— deydi». (Luqo 15:8, 9)

Yo‘qolgan qo‘y haqidagi masalni tushuntirgani kabi, Iso ushbu masalni ham tushuntiradi: «Sizlarga aytib qo‘yay, xuddi shunday, tavba qilgan bitta gunohkor uchun ham Allohning farishtalari rosa xursand bo‘lishadi». (Luqo 15:10)

Bir tasavvur qiling: farishtalar yo‘ldan adashgan odamlar Xudoga qaytishini rosa istashadi! Shunisi qiziqki, tavba qilib Osmon Shohligiga kirgan odamlar farishtalardan ko‘ra yuksakroq mavqega ega bo‘lishadi! (1 Korinfliklarga 6:2, 3) Biroq farishtalar hasad qilishmaydi. Biz-chi, chin dildan tavba qilib, Xudoga qaytayotgan gunohkor odamga qanday munosabatda bo‘lishimiz kerak?