Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

89-BOB

Yahudiyaga borayotib, Pereyada ta’lim beradi

Yahudiyaga borayotib, Pereyada ta’lim beradi

LUQO 17:1–10 YUHANNO 11:1–16

  • ODAMLARNI QOQINTIRISH: BU QANCHALIK JIDDIY?

  • KECHIRIMLI BO‘LISH VA IMONNI NAMOYON ETISH

Iso «Iordan daryosining narigi qirg‘og‘ida» joylashgan Pereyada va’z qilib yuradi. (Yuhanno 10:40) Keyin u janubga, Quddusga yo‘l oladi.

Iso yolg‘iz emas. U bilan birga shogirdlari va oralarida soliqchilar-u gunohkorlar bo‘lgan «katta xaloyiq» ketayotgan edi. (Luqo 14:25; 15:1) Oralarida, Isoning gaplari-yu ishlarini tanqid qiladigan farziylar va ulamolar ham bor. Ular yo‘qolgan qo‘y, yo‘qolgan o‘g‘il hamda boy kishi va Lazar haqidagi Isoning masallari to‘g‘risida ko‘p mulohaza yuritishlari mumkin. (Luqo 15:2; 16:14)

Ehtimol, dushmanlarining tanqidiy gaplari-yu masxara qilgani haqida o‘ylab, Iso shogirdlariga murojaat qiladi. U ilgari Jalilada aytgan fikrlarni yana takrorlaydi.

Masalan, Iso shunday deydi: «Odamlarni qoqintiradigan narsalar bo‘lishi muqarrar. Biroq bunga sababchi bo‘lganning holiga voy! [...] O‘zingizga diqqatli bo‘ling. Agar birodaringiz gunoh qilsa, unga tanbeh bering. Bordi-yu, tavba qilsa, uni kechiring. Hatto u bir kunning o‘zida sizga qarshi yetti marta gunoh qilsa-yu, yetti marta qaytib kelib: “Tavba qildim”,— desa, uni kechiring». (Luqo 17:1–4) Oxirgi aytilgan gap, ehtimol, Butrusga yetti marta kechirish haqida ko‘targan savolini eslatadi. (Matto 18:21)

Qiziq, shogirdlar Isoning so‘zlariga muvofiq yo‘l tutisharmikin? Ular Isodan: «Imonimizga imon qo‘shing»,— deb iltimos qilishadi. Shunda Iso ularni ishontirib quyidagilarni aytadi: «Agar imoningiz xantal urug‘iday bo‘lsa-yu, shu qora tut daraxtiga: “Ildizing bilan qo‘porilib chiq-da, dengizga ko‘chib o‘t”,— desangiz, u sizlarga quloq soladi». (Luqo 17:5, 6) Darhaqiqat, hatto kichik imon bilan ham buyuk ishlarni bajarsa bo‘ladi.

Bundan keyin Iso odam o‘ziga nisbatan kamtarona, muvozanatli munosabatda bo‘lishi kerakligini ko‘rsatadigan misolni aytib beradi: «Orangizdan qay biringizning yer haydovchi yoki poda boquvchi quli daladan qaytganida: “Tezda kelib, dasturxon atrofiga yonboshla”,— deb aytadi? Aksincha, unga: “Kechki ovqatimni tayyorla-da, belingni bog‘lab, yeb-ichgunimcha menga xizmat qil. Keyin o‘zing ham yeb-ichasan”,— demaysizmi? Buyurilgan ishning hammasini bajargani uchun xo‘jayin quliga tashakkur aytadimi? Sizlar ham o‘zingizga buyurilgan hamma ishni bajargandan so‘ng: “Biz hech narsaga arzimas qullarmiz. Zimmamizdagi ishni qildik, xolos”,— deb aytinglar». (Luqo 17:7–10)

Xudoning har bir xizmatchisi Uning irodasini hayotida birinchi o‘ringa qo‘yishi kerakligini tushunishi lozim. Boz ustiga, har bir xizmatchi Xudoning uyidagilari sifatida Unga topinish sharaf ekanini esda saqlashi muhim.

Iso bu misolni keltirgandan so‘ng oldiga bir xabarchi keladi. Uni Yahudiyaning Baytaniya qishlog‘ida yashovchi Marta va Maryam ismli Lazarning singillari yuborishgan. O‘sha xabarchi: «Hazrat, yaqin do‘stingiz kasal bo‘lib qoldi»,— deydi. (Yuhanno 11:1–3)

Lekin do‘sti Lazar og‘ir kasal ekanini eshitib, Iso qayg‘udan o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydi. U shunday deydi: «Ushbu kasallikning oxiri o‘lim bilan emas, aksincha, Allohning sharaflanishi bilan tugaydi, toki Xudoning O‘g‘li ham bu orqali ulug‘lansin». O‘sha yerda Iso yana ikki kun qoladi va keyin shogirdlariga: «Yuringlar, yana Yahudiyaga boramiz»,— deydi. Ammo ular Isodan: «Ustoz, o‘zi yaqinda yahudiylar sizni toshbo‘ron qilmoqchi edilar-ku, siz yana u yerga bormoqchimisiz?!» — deb so‘rashadi. (Yuhanno 11:4, 7, 8)

Iso ularga javob berib: «Kun 12 soatdan iborat emasmi? Kunduzi yurgan odam hech narsaga qoqilmaydi, chunki dunyoning nurini ko‘radi. Kechasi yurgan kishi esa biror narsaga qoqiladi, negaki unda nur yo‘q»,— deydi. (Yuhanno 11:9, 10) Iso, Xudo unga yer yuzida xizmat qilish uchun tayinlagan vaqt tugamaganini nazarda tutgan shekilli. Bu qisqa vaqt ichida Iso ko‘p ishlar qilishga ulgurishi kerak.

Iso gapida davom etib: «Do‘stimiz Lazar uxlab qoldi. Ammo men uni uyg‘otgani ketyapman»,— deydi. Shogirdlar Lazarning uxlayotganini o‘ylab: «Hazrat, agar u uxlab qolgan bo‘lsa, sog‘ayib ketadi»,— deyishadi. Keyin Iso ularga ochig‘ini aytadi: «Lazar vafot etdi. [...] Qani ketdik, uning oldiga boraylik». (Yuhanno 11:11–15)

Isoni Yahudiyada o‘ldirishlari mumkinligini anglab va uni qo‘llab-quvvatlash maqsadida To‘ma boshqa shogirdlarga: «Qani yuringlar, biz ham u bilan o‘lamiz!» — deydi. (Yuhanno 11:16)