Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

100-BOB

O‘n mina haqidagi masal

O‘n mina haqidagi masal

LUQO 19:11–28

  • ISONING O‘N MINA HAQIDAGI MASALI

Iso shogirdlari bilan hali ham Zakkaynikida bo‘lsa kerak. Ular Quddusga ketishayotganida unikiga mehmonga kirishgan edi. Shogirdlar Xudoning Shohligi yaqin orada keladi va Iso uning Shohi bo‘ladi, deb o‘ylashadi. (Luqo 19:11) Ular Iso o‘lishi kerakligini anglashmaganidek, bu borada ham adashishyapti. Shu bois, Shohlik boshqara boshlashiga hali ancha vaqt borligini tushunishlariga yordam berish niyatida Iso bir masal aytib beradi.

Iso shunday deydi: «Asilzoda bir odam shohlikni qo‘lga kiritish uchun uzoq mamlakatga ketibdi». (Luqo 19:12) Bunday safar uzoq vaqtni talab qiladi. «Asilzoda bir odam» — bu Iso. U «uzoq mamlakatga», ya’ni osmonga ketadi. O‘sha yerda Otasi unga hokimiyat ato etadi.

Safarga ketishdan avval, asilzoda odam yoniga o‘nta xizmatkorni chaqirtiradi-da, har biriga kumush pul, ya’ni mina berib: «Men kelguncha, bu pul daromad keltirishi uchun uni ishga solinglar»,— deydi. (Luqo 19:13) O‘sha paytdagi kumush mina katta pul bo‘lib, oddiy dehqon uni ishlab topish uchun uch oy mehnat qilishi kerak edi.

Ehtimol, shogirdlar Isoning o‘nta xizmatkor haqidagi so‘zlarini o‘ziga qo‘llashadi, chunki ilgari ham Iso ularni hosil yig‘adigan ishchilar bilan solishtirgan. (Matto 9:35–38) U shogirdlarini tom ma’nodagi hosilni emas, shogirdlardan iborat ma’naviy hosilni yig‘ishga jo‘natyapti. Keyinchalik bu yangi shogirdlar Xudoning Shohligida o‘rin egallashadi. Ha, Shohlik vorislarini ko‘paytirish uchun shogirdlar bor vaqti, kuchi va hatto moddiy narsalarini ayamayapti.

Ushbu masal bilan Iso yana qanday fikrlarga urg‘u beradi? «Asilzodaning hamshaharlari uni yomon ko‘rishgani uchun uning orqasidan elchilar jo‘natib: “Bu odam ustimizdan shoh bo‘lishini xohlamaymiz”»,— deb aytishadi. (Luqo 19:14) Yahudiylar Isoni qabul qilmayotganini va ba’zilar uni hatto o‘ldirmoqchi ekanini shogirdlar bilishadi. Iso o‘limidan so‘ng osmonga ko‘ tarilgach, yahudiylarning aksariyati uning izdoshlarini quvg‘un qilib, unga bo‘lgan munosabatini ayon qilishadi. Bunday yo‘l tutib, Iso ularning ustidan boshqarishini xohlamayotganini ko‘rsatishadi. (Yuhanno 19:15, 16; Havoriylar 4:13–18; 5:40)

«Asilzoda» odam shohlikni qo‘lga kiritib qaytgunicha o‘nta xizmatkor minalaridan qanday foydalanadi? Iso quyidagicha tushuntiradi: «O‘sha kishi shohlikni qo‘lga kiritib qaytgach, pul berilgan haligi o‘nta xizmatkorni chaqirtirib, ular pulni ishga solib bundan qancha daromad topganini bilishni istabdi. Birinchi xizmatkor kelib: “Xo‘jayin, siz bergan minani o‘n barobar orttirdim”,— debdi. Unga javoban xo‘jayin: “Barakalla! Yaxshi xizmatkor ekansan. Kichik ishda ishonchimni oqlaganing uchun sen o‘nta shaharga hokimlik qilasan”,— deya aytibdi. Keyin ikkinchi xizmatkor kelib: “Xo‘jayin, siz bergan minani besh barobar orttirdim”,— debdi. Xo‘jayin esa javob berib: “Sen ham beshta shaharga hokimlik qilasan”,— debdi». (Luqo 19:15–19)

Shogirdlar shuni tushunishlari kerakki, agar ular bu xizmatkorlar kabi bor imkoniyatlaridan foydalanib yanada ko‘proq shogird tayyorlashga intilishsa, Iso ulardan mamnun bo‘ladi va mehnatlari uchun mukofotlaydi. To‘g‘ri, shogirdlarning sharoitlari, imkoniyatlari va qobiliyatlari bir xil emas. Biroq «shohlikni qo‘lga kiritgan» Iso ularning vaziyatini tushunadi va shogird tayyorlashda sadoqat ila qilgan harakatlariga baraka beradi. (Matto 28:19, 20)

Masalning oxirida Iso boshqacha yo‘l tutgan xizmatkor haqida shunday deydi: «Bundan so‘ng boshqasi [xizmatkor] kelib: “Xo‘jayin, mana siz bergan mina. Men uni matoga o‘rab, saqlab qo‘ygandim. Men sizdan qo‘rqardim, sababi siz qattiqqo‘l odamsiz. Bermasdan olasiz, ekmasdan o‘rasiz”,— deb aytibdi. Lekin xo‘jayin unga: “Voy yaramas xizmatkor! Men seni og‘zingdan chiqqan gaplaring bilan hukm qilaman. Demak, sen qattiqqo‘lligimni, bermasdan olishimni, ekmasdan o‘rishimni bilgan ekansan-da? Unda nimaga pulimni ishga solmading? Men qaytib kelganimda ularni foizi bilan olardim”,— debdi. Xo‘jayin yonida turganlarga aytibdi: “Undan pulimni olib qo‘yinglar-da, 10 mina puli bor kishiga beringlar”». (Luqo 19:20–24)

Bu xizmatkor xo‘jayinining shohligidagi boylikni orttirmagani uchun boridan ayriladi. Havoriylar Iso Xudoning Shohligida hukm surishni boshlaydigan vaqtni kutishyapti. Shu bois, oxirgi xizmatkor haqida aytilgan gaplardan havoriylar hoynahoy shuni tushunadiki, agar jonkuyar bo‘lishmasa ularga Shohlikda joy bo‘lmaydi.

Isoning so‘zlari sadoqatli shogirdlarini xizmatda g‘ayrat va qunt bilan harakat qilishga undashi kerak. U shunday xulosa qiladi: «Sizlarga aytib qo‘yay, kimda bor bo‘lsa, unga ko‘proq beriladi. Kimda yo‘q bo‘lsa, qo‘lida bori ham tortib olinadi». Shuningdek, Iso «shoh bo‘lishini» istamagan dushmanlarini o‘lim kutishini aytadi. Keyin u Quddus tomon yo‘lida davom etadi. (Luqo 19:26–28)