Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

111-BOB

Havoriylar belgi haqida so‘rashadi

Havoriylar belgi haqida so‘rashadi

MATTO 24:3–51 MARK 13:3–37 LUQO 21:7–38

  • TO‘RTTA SHOGIRD BELGI HAQIDA SO‘RAYDI

  • BASHORATLARNING I-ASRDA VA KELAJAKDA AMALGA OSHISHI

  • HUSHYOR TURISHIMIZ KERAK

Seshanba, tushlikdan so‘ng. 11-nison o‘z nihoyasiga yetyapti. So‘nggi kunlari Iso juda band. Uning yer yuzidagi faoliyati ham tugay deb qoldi. Oxirgi paytlari u kunduzi ma’badda ta’lim berar, shahar tashqarisida esa tunardi. «Tong saharda butun xalq uni tinglash uchun ma’badga kelardi». (Luqo 21:37, 38) Endi esa hammasi ortda qoldi. Hozir Iso to‘rtta havoriysi: Butrus, Idris, Yoqub va Yuhanno bilan birga Zaytun tog‘ida turibdi.

Bu to‘rtta havoriy Isoning oldiga alohida keladi. Ular ma’bad bilan nima bo‘lishini o‘ylashyapti. Chunki bundan sal oldin u tosh ustida tosh qolmasligini bashorat qilgandi. Havoriylarning fikri-zikri boshqa narsalar bilan ham band. Bir qancha vaqt oldin Iso ularga: «Sizlar ham tayyor turinglar, chunki Inson O‘g‘li sizlar o‘ylamagan soatda keladi»,— deb ogohlantirgandi. (Luqo 12:40) Shuningdek, u «Inson O‘g‘li oshkor bo‘ladigan kun» haqida gapirgan. (Luqo 17:30) Bularning hammasi Isoning ma’bad haqida aytgan so‘zlari bilan bog‘liqmi? Havoriylar juda ko‘p narsani bilmoqchi. Ular: «Bizga ayting-chi, bu voqealar qachon yuz beradi? Sizning hozir bo‘lishingizni va zamon oxirlab borayotganini qaysi belgidan bilib olamiz?» — deb so‘rashadi. (Matto 24:3)

Ehtimol, ular sal uzoqda ko‘rinib turgan ma’badning vayron bo‘lishini nazarda tutishgandir. Bundan tashqari, ular Inson O‘g‘li hozir bo‘lishiga doir tafsilotlarni ham bilishmoqchi. Balki ular «shohlikni qo‘lga kiritish uchun uzoq mamlakatga ketgan» «asilzoda bir odam» to‘g‘risidagi Isoning masalini eslashgandir. (Luqo 19:11, 12) Tag‘in ular «zamon oxirlab borayotganida» nimalar bo‘lishi bilan qiziqishadi.

Iso batafsil javob berib, Quddus va undagi ma’bad qachon vayron qilinishini ko‘rsatadigan belgi haqida aytadi. Lekin u bu bilan kifoyalanib qolmaydi. Ushbu belgi kelajakda yashaydigan masihiylarga ham Isoning «hozir bo‘lish» vaqti kelganini hamda zamon oxirlab borayotganini aniqlashga yordam beradi.

Keyingi yillar mobaynida havoriylar Isoning bashorati amalga oshayotganini ko‘rishadi. Ha, bashorat qilingan narsalar ular hayotligida ro‘yobga chiqa boshlaydi. Shu yo‘sin, 37 yildan so‘ng, ya’ni mil. 70-yili Quddus va undagi ma’bad yo‘q qilinganida, hushyor turgan masihiylar omon qolishadi. Lekin Iso bashorat qilgan narsalarning hammasi ham mil. 70- yilgacha va shu yilning o‘zidayoq ro‘yobga chiqmaydi. Unda Iso Shoh sifatida hozir bo‘lgani qaysi belgidan ko‘rinadi? U havoriylariga javobni aytadi.

Iso «urushlar shovqinini va urushlar xabarlarini» hamda «xalq xalqqa qarshi, podshohlik podshohlikka qarshi ko‘tarilishini» karomat qiladi. (Matto 24:6, 7) Shuningdek u: «Kuchli zilzilalar yuz beradi, bir joyda, keyin boshqa joyda oziq-ovqat yetishmovchiligi hamda o‘latlar bo‘ladi»,— deydi. (Luqo 21:11) Iso shogirdlarini ogohlantirib: «Odamlar sizlarga qarshi chiqib, ta’qib qilishadi»,— deb aytadi. (Luqo 21:12) Ko‘plarni yo‘ldan ozdiradigan soxta payg‘ambarlar paydo bo‘ladi. Qonunsizlik ko‘payadi va ko‘plarning sevgisi soviydi. Qolaversa, u aytganiday, «Shohlik haqidagi xushxabar hamma xalqlarga shahodat berilishi uchun butun dunyo bo‘ylab va’z qilinadi. Ana o‘shandagina oxirat bo‘ladi». (Matto 24:14)

Qaysidir jihatdan Isoning bashorati, Quddus rimliklar tomonidan vayron qilinishidan oldin hamda u vayron qilingan paytda amalga oshdi. Qanday bo‘lmasin, Iso bu bashorat keyinchalik keng miqyosda amalga oshishini nazarda tutgan. Ushbu muhim bashorat bizning zamonamizda amalga oshayotganini ko‘ryapsizmi?

Isoning so‘zlariga ko‘ra, u hozir bo‘lishining yana bir belgisi, «vayronagarchilik keltiradigan jirkanch narsa» paydo bo‘lishidir. (Matto 24:15) Mil. 66-yili paydo bo‘lgan jirkanch narsa «Quddusning atrofida qarorgoh qurgan» Rim harbiylari edi. Ular butparastlikka xos shtandartlari, ya’ni bayroqlari bilan kelib Quddusni o‘rab olishadi va shaharning ba’zi devorlari tagini qaziy boshlashadi. (Luqo 21:20) Shunday qilib, «jirkanch narsa» turishi kerak bo‘lmagan yerda — yahudiylar muqaddas deb hisoblagan joyda turadi.

Iso davom etib shunday bashorat qiladi: «O‘shanda shunaqangi buyuk musibat bo‘ladiki, dunyo paydo bo‘lganidan beri bunaqasi hali bo‘lmagan, bundan keyin ham bo‘lmaydi». Mil. 70-yili rimliklar Quddusni vayron qilishadi. Ular yahudiylarning muqaddas shahri-yu ma’badini zabt etib, yuz minglab odamlarni o‘ldirishadi. Bu chindan ham buyuk musibatdir. (Matto 4:5; 24:21) Bunday keng miqyosli fojia Quddus va yahudiy xalqining boshiga hali tushmagan. Yahudiylar asrlar mobaynida Xudoga ma’badda topinib kelishardi, endi esa buning hammasi o‘tmishda qoldi. Shunisi e’tiborliki, Iso bashorat qilgan so‘zlar keyinchalik keng miqyosda amalga oshadi va bu chindan ham dahshatli bo‘ladi.

OXIRZAMON PAYTIDAGI ISHONCH

Iso havoriylariga Shoh sifatida hozir bo‘lishi va zamona oxirlab borayotganining belgisi haqida hali hamma narsani aytib bermadi. Shuningdek, u «soxta Masihlar» va «soxta payg‘ambarlar paydo bo‘ladi», deb ogohlantiradi. Isoning so‘zlariga ko‘ra, ular «iloji bo‘lsa hatto tanlanganlarni ham yo‘ldan ozdirishga» urinishadi. (Matto 24:24) Lekin tanlanganlar yo‘ldan ozishmaydi. «Soxta Masihlar» ko‘rinarli tarzda paydo bo‘lishi mumkin. Ammo Isoning hozir bo‘lishi ko‘rinmas bo‘ladi.

Zamonaning oxirida boshlanadigan buyuk musibat haqida Iso yana shularni aytadi: «Quyosh qorayib, oy nurini sochmay qo‘yadi. Yulduzlar osmondan tushib, samoviy kuchlar larzaga keladi». (Matto 24:29) Ushbu dahshatli so‘zlar qanday amalga oshishini havoriylar aniq bilishmaydi, lekin bu nihoyatda vahimali bo‘lishini tushunishadi.

Qiziq, bu dahshatli voqealar insoniyatga qanday ta’sir qiladi? Iso shunday deydi: «Odamlar yer yuziga kelayotgan hodisalarni kutib, qo‘rquvdan ado bo‘lishadi. Chunki samoviy kuchlar larzaga keladi». (Luqo 21:26) Shubhasizki, Iso insoniyat tarixidagi qora kunlarni tasvirlayapti.

Lekin u havoriylarga Inson O‘g‘li «kuch-qudrat va shon-shuhrat bilan» kelgan o‘sha paytda hamma ham fig‘on chekmasligini aytadi. (Matto 24:30) Alloh «tanlangan kishilarni» deb harakatga tushishini Iso bundan oldin ta’kidlagan edi. (Matto 24:22) Xo‘sh, Isoning sodiq shogirdlari bunday vahimali voqealarga qanday munosabatda bo‘lishlari lozim? Iso ularga dalda berib: «Bu narsalar yuz bera boshlaganda, qomatingizni g‘oz tutib boshingizni ko‘taringlar, zero xalos bo‘lish vaqtingiz yaqinlashib qoldi»,— deydi. (Luqo 21:28)

Ammo bashorat qilingan paytda yashayotgan Isoning shogirdlari zamon oxirlab borayotganini qanday aniqlay olishadi? Iso anjir daraxtini misol qilib keltirib, shunday deydi: «Uning shoxlari ko‘karib, barg chiqarayotganidan yoz yaqinlashganini bilasizlar. Shunga o‘xshab, sizlar ham barcha bu voqealarni ko‘rganingizda, Inson O‘g‘li yaqin, eshik oldida turganini bilinglar. Ishonavering, bu avlod o‘tmasdanoq, bularning hammasi amalga oshadi». (Matto 24:32–34)

Demak, shogirdlar belgining turli xususiyatlarini ko‘rishganida, oxirat yaqin ekanini anglab yetishlari kerak. Iso o‘sha muhim davrda yashaydigan shogirdlarga murojaat qilib, quyidagicha nasihat beradi:

«U kun va u soat haqida osmondagi farishtalar ham, O‘g‘il ham bilmaydi. Faqatgina samoviy Otam biladi. Nuh payg‘ambar davrida qanday bo‘lgan bo‘lsa, Inson O‘g‘li hozir bo‘lganida ham shunday bo‘ladi. To‘fondan oldin, Nuh payg‘ambar kemaga kirguncha, odamlar yeb-ichishgan, uylanib, erga tegishgan. Ammo To‘fon kelib barini qirib tashlamaguncha, ular parvo qilishmagan. Inson O‘g‘li hozir bo‘lganida ham xuddi shunday bo‘ladi». (Matto 24:36–39) Iso Nuh davridagi To‘fon olamshumul ahamiyatga ega bo‘lganini aytadi. Oxiratda ham xuddi shunday bo‘ladi.

Isoni Zaytun tog‘ida tinglab o‘tirgan havoriylar hushyor turish muhimligini anglashlari kerak. U shunday deydi: «O‘zingizga diqqat qilinglar, yuraklaringizni ortiqcha yegulik, ichkilik va turmush tashvishlari egallab olmasin. Tag‘in o‘sha kun nogahon kelib sizlarni to‘rga ilintirmasin. Chunki o‘sha kun yer yuzida yashovchi barchaning boshiga tushadi. Shunday ekan, yuz beradigan bu voqealardan omon qolib, Inson O‘g‘lining oldida tura olish uchun, Allohga doimo iltijo qilib, hushyor turinglar». (Luqo 21:34–36)

Bashorat qilingan voqealar kichik miqyosda bo‘lmasligini Iso yana bir bor tushuntiradi. U bir necha o‘n yil o‘tib sodir bo‘ladigan voqealar hamda Quddus va yahudiy xalqi haqida karomat qilmayapti. Aksincha, uning so‘zlari «yer yuzida yashovchi barchaga» taalluqlidir.

Iso shogirdlarini ogohlantirib, ular hushyor va tayyor turishlari kerakligini aytadi. So‘zlari muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlash uchun Iso quyidagi misolni keltiradi: «Shuni bilib qo‘yinglarki, o‘g‘ri kechasi soat nechada kelishini uy egasi bilganida, hushyor turib, uyiga o‘g‘ri tushishiga yo‘l qo‘ymasdi. Shunga o‘xshab, sizlar ham tayyor turinglar, chunki Inson O‘g‘li sizlar o‘ylamagan soatda keladi». (Matto 24:43, 44)

Bundan so‘ng, shogirdlari kelajakka aminlik bilan qarashlari uchun Iso sabab keltiradi. Uning so‘zlari amalga oshganida, hushyor turgan «xizmatkor» faoliyat ko‘rsatishiga ishontiradi. Buni tushuntirish maqsadida Iso havoriylar tasavvur qila oladigan quyidagicha vaziyatni keltiradi: «Uyidagilarga rizq-ro‘zni vaqtida berib turish uchun xo‘jayin ular ustidan tayinlagan ishonchli va aqlli xizmatkor kim? Xo‘jayin qaytib kelgach, xizmatkorni o‘z vazifasini bajarayotgan holda ko‘rsa, bu xizmatkor naqadar baxtlidir! Ishonavering, xo‘jayin bor mol-mulkini unga ishonib topshiradi». Agar «xizmatkor» yovuz bo‘lib, boshqalar bilan yomon munosabatda bo‘lsa, xo‘jayin uni «qattiq jazoga mubtalo qiladi». (Matto 24:45–51; Luqo 12:45, 46 ni solishtiring.)

Biroq Iso izdoshlarining ayrimlari yovuz xizmatkor kabi yo‘l tutadi deb aytmoqchi emas. Unda Isoning shogirdlari qanday saboq olishlari mumkin? U shogirdlari hushyor turib, ko‘p mehnat qilishlarini xohlaydi. Buni ko‘rsatish uchun Iso yana bir masal keltiradi.