Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

115-BOB

Fisih bayramini so‘nggi marta nishonlash arafasida

Fisih bayramini so‘nggi marta nishonlash arafasida

MATTO 26:1–5, 14–19 MARK 14:1, 2, 10–16 LUQO 22:1–13

  • YAHUDO ISHQARIYOT ISONI TUTIB BERGANI UCHUN PUL OLADI

  • IKKITA HAVORIY FISIH BAYRAMIGA HOZIRLIK KO‘RADI

Iso to‘rtta havoriyga Zaytun tog‘ida ta’lim berishni yakunladi. U hozir bo‘ladigan payti va zamon oxirlab borayotgani haqidagi savolga endigina javob berdi.

Ushbu 11-nison kuni voqealarga juda boy bo‘ldi! Ehtimol, ular tunab qolish uchun Baytaniyaga qaytishayotganida, Iso havoriylarga shunday deydi: «Ikki kundan keyin Fisih bayrami bo‘lishini bilasizlar. O‘shanda Inson O‘g‘lini ustunga mixlash uchun tutib berishadi». (Matto 26:2)

Iso keyingi kunni, ya’ni chorshanbani faqat havoriylari bilan o‘tkazadi. Seshanba kuni u bosh ruhoniylarga ta’na qilib, ularni omma oldida ayblagandi. Endi esa ular Isoni o‘ldirish ilinjida yurishibdi. Shu bois, havoriylar bilan birga Fisih bayramini nishonlashiga hech nima xalaqit bermasligi uchun Iso 12- nison kuni xalqqa ko‘rinmaydi. Fisih bayrami esa keyingi kuni quyosh botgandan so‘ng, ya’ni 14- nisonda boshlanadi.

Biroq bosh ruhoniylar-u oqsoqollar Fisih bayrami arafasida tinch o‘tirishmaydi. Ular oliy ruhoniy Kayafaning hovlisida yig‘ilishadi. Nega deysizmi? Ular ayblovlardan g‘azabda va «Isoni ayyorlik bilan qo‘lga tushirib, o‘ldirishga kelishib olishyapti». Qiziq, ular buni qachon va qanday qilmoqchi? Ular: «Xalq g‘alayon ko‘tarmasligi uchun, buni bayram paytida qilib bo‘lmaydi»,— deb aytishadi. (Matto 26:4, 5) Ular qo‘rquvda, chunki Iso ko‘pchilikning ko‘nglidan joy topgan.

Shu payt din rahbarlarining oldiga bir kimsa keladi. Ular hayron, chunki bu Isoning havoriylaridan biri Yahudo Ishqariyot. Shayton uning diliga Ustozini tutib berish fikrini soladi. «Agar uni qo‘lingizga tutib bersam, menga nima berasizlar?» — deydi Yahudo. (Matto 26:15) Ular xursand bo‘lib, unga «kumush tangalar berishni va’da qilishadi». (Luqo 22:5) Qancha deysizmi? Naq 30 kumush tanga. Shuni aytish joizki, qulning narxi 30 shekel edi. (Chiqish 21:32) Shu tarzda din rahbarlari Isodan nafratlanganini ko‘rsatib, uni sariq chaqaga ham arzimas deb bilishadi. Bundan so‘ng Yahudo «xalq Isoning yonida bo‘lmagan paytda uni tutib berish uchun qulay fursatni poylab yuradi». (Luqo 22:6)

Chorshanba kuni quyosh botishi bilan 13-nison boshlanadi va bu, Iso Baytaniyada o‘tkazadigan so‘nggi kecha bo‘ladi. Keyingi kuni shogirdlar Fisih bayrami uchun so‘nggi tayyorgarlikni ko‘rishi kerak. Xo‘sh, ular taomni qayerda yeyishadi va 14- nison boshlanmasidan oldin Fisih taomi bo‘ladigan qo‘zini kim so‘yib, butunlayin qovuradi? Iso bunday tafsilotlar to‘g‘risida hali indamagan. Shuning uchun, Yahudo bosh ruhoniylarga bu haqda hech narsa ayta olmaydi.

Iso Baytaniyadan Butrus va Yuhannoni, ehtimol, payshanba kunduzi jo‘natayotib ularga: «Boringlar, Fisih taomini yeyishimiz uchun tayyorgarlik ko‘ringlar»,— deydi. Ular esa: «Uni qayerda tayyorlashimizni istaysiz?» — deb so‘rashadi. Iso ularga tushuntirib beradi: «Shaharga kirganingizda, sopol idishda suv olib ketayotgan kishini uchratasizlar. U qaysi uyga kirsa, uning orqasidan borib, o‘sha uy egasiga aytinglar: “Ustozimiz sizdan: “Shogirdlarim bilan Fisih taomini yeyishimiz uchun mehmonlarga atalgan xona qaysi?” — deb so‘rayapti”. O‘shanda u sizlarga katta boloxonani ko‘rsatadi, u yerda kerakli narsalar bo‘ladi. O‘sha joyda hozirlik ko‘ringlar». (Luqo 22:8–12)

Shaksiz, uy egasi Isoning shogirdi va u Iso Fisih bayramini nishonlash uchun qachon unga murojaat qilishini kutayotgandir. Ikkita havoriy Quddusga kelganida, hamma narsa Iso aytganidek yuz beradi. Ular qo‘zini tayyorlashga kirishib, Iso va 12 ta havoriy Fisih bayramini nishonlash uchun hamma narsani hozirlashadi.