Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

118-BOB

Kim buyuk ekani to‘g‘risida bahs

Kim buyuk ekani to‘g‘risida bahs

MATTO 26:31–35 MARK 14:27–31 LUQO 22:24–38 YUHANNO 13:31–38

  • O‘ZIGA TO‘G‘RI MUNOSABATDA BO‘LISH SABOG‘I

  • BUTRUSNING TONISHINI BASHORAT QILADI

  • ISONING IZDOSHLARI MEHR-MUHABBATIDAN BILINADI

Havoriylar bilan o‘tkazgan oxirgi kechada Iso ularning oyoqlarini yuvib, kamtarlik borasida zo‘r o‘rnak ko‘rsatgan edi. Nega bu ayni muddao edi? Chunki havoriylarning bir kamchiligi bor. To‘g‘ri, ular Xudoga sadoqatli, lekin oralarida kim buyuk ekani borasidagi savol ularni tashvishlantiradi. (Mark 9:33, 34; 10:35–37) Bu oqshom ham ularning kamchiligi yuzaga chiqadi.

Xullas, «oralarida kim buyuk deb hisoblanishi kerakligi to‘g‘risida qattiq bahs-munozara ko‘tariladi». (Luqo 22:24) Ular yana bahslashayotganini ko‘rib, Iso qanchalik ranjigan bo‘lsa kerak-a?! Qiziq, u nima qiladi?

Iso havoriylarni fikrlash tarzi va xulq-atvori uchun urishib bermaydi, aksincha, ular bilan sabr ila quyidagicha mulohaza yuritadi: «Shohlar xalqlar ustidan hukmronlik qilishadi. Xalqlarni boshqarishga huquqi borlarni valine’mat deb atashadi. Sizlar bo‘lsa ularga o‘xshamanglar. [...] Kim buyuk: xontaxta atrofida yonboshlaganmi yoki xizmat qilayotganmi?» So‘ngra o‘zi doimo qanday yo‘l tutayotganini eslatib, ularga: «Men esa oralaringizda xizmat qiluvchidayman»,— deydi. (Luqo 22:25–27)

Nomukammal bo‘lishiga qaramay, havoriylar Iso bilan ko‘p qiyin damlarda birga bo‘lishgan. Shuning uchun ularga: «Otam Shohlik qilishim uchun men bilan ahd qilganidek, men ham sizlar bilan ahd qilyapman»,— deydi. (Luqo 22:29) Bu erkaklar Isoning sadoqatli izdoshlaridir. Iso izdoshlarini shunga ishontiradiki, ular bilan qilgan ahdi tufayli ular Shohlikda u bilan hukmronlik qilishadi.

Garchi havoriylar bunday ajoyib umidga ega bo‘lishsa ham, ular hozircha nomukammal. Iso ularga shunday deydi: «Shayton hammangizni bug‘doy kabi g‘alvirdan o‘tkazishni talab qildi». (Luqo 22:31) Bug‘doyni g‘alvirdan o‘tkazganda, donlar har yoqqa uchib ketadi. Shuningdek, u quyidagicha ogohlantiradi: «Bu kecha barchangiz mendan yuz o‘girasizlar. Zero Muqaddas Yozuvlarda shunday deyilgan: “Men cho‘ponga zarba beraman, suruvdagi qo‘ylar esa tarqalib ketadi». (Matto 26:31; Zakariyo 13:7)

Butrus aminlik bilan: «Hamma sizdan yuz o‘girsa ham, men aslo yuz o‘girmayman!» — deydi. (Matto 26:33) Iso bo‘lsa, shu kecha xo‘roz ikki marotaba qichqirmasdanoq Butrus undan tonishini aytadi. Lekin Iso yana quyidagilarni qo‘shib qo‘yadi: «Siz uchun yolvorib, imoningiz susaymasligini Xudodan tiladim. Siz esa tavba qilganingizdan keyin, birodarlaringizni qo‘llab-quvvatlang». (Luqo 22:32) Biroq Butrus o‘zinikida turib olib: «Siz bilan birga o‘lishimga to‘g‘ri kelsa ham, sizdan hecham tonmayman»,— deydi. (Matto 26:35) Boshqa havoriylar ham shunaqa deyishadi.

Iso shogirdlariga shunday deydi: «Men yana bir oz sizlar bilan bo‘laman. Meni izlaysizlar, ammo yahudiylarga aytganimdek, sizlarga ham aytyapman: “Men borayotgan joyga sizlar borolmaysizlar”». Keyin yana qo‘shib qo‘yib: «Men sizlarga yangi amr beryapman: bir-biringizni sevinglar. Men sizlarni sevganimdek, sizlar ham bir-biringizni sevinglar. Agar orangizda mehr-muhabbat bo‘lsa, sizlar mening shogirdlarim ekaningizni barcha bilib oladi»,— deydi. (Yuhanno 13:33–35)

Iso ular bilan oz vaqt bo‘lishini eshitib, Butrus undan so‘raydi: «Hazrat, qayerga ketyapsiz?» Iso unga: «Men borayotgan joyga siz hozir borolmaysiz, keyinroq borasiz»,— deb javob beradi. Butrus hayron qolib unga: «Hazrat, nega hozir orqangizdan borolmas ekanman? Men siz uchun jonimni ham berishga tayyorman»,— deydi. (Yuhanno 13:36, 37)

Iso, havoriylarni Jalilaga va’z qilishga yuborganda, o‘zlari bilan pul yoki yegulik solingan to‘rva olmaslikni aytganini eslatadi. (Matto 10:5, 9, 10) Iso ulardan shunday so‘raydi: «Biron-bir narsaga muhtoj bo‘lganmidingiz?» Ular: «Yo‘q!» — deyishadi. Xo‘sh, keyinchalik ular qanday yo‘l tutishi kerak bo‘ladi? Iso quyidagicha yo‘l-yo‘riq beradi: «Bundan buyon kimning hamyoni va yegulik solingan to‘rvasi bo‘lsa, o‘zi bilan olsin. Shuningdek, qilichi bo‘lmagan kishi ustki kiyimini sotib, qilich olsin. Sizlarga aytib qo‘yay, Muqaddas Yozuvlardagi: “U jinoyatchilar qatorida sanaldi”,— deb aytilgani menda bajo bo‘lishi kerak. Chunki men haqimda yozilgani amalga oshyapti». (Luqo 22:35–37)

Iso u jinoyatchilar bilan azob ustuniga mixlanadigan vaqt haqida aytadi. Bundan so‘ng izdoshlari shiddatli ta’qiblarga duch kelishadi. Ular o‘zlarini bunga tayyor deb hisoblab: «Hazrat, bu yerda ikkita qilich bor»,— deyishadi. Iso ularga: «Buning o‘zi yetarli»,— deydi. (Luqo 22:38) Ularning ikkita qilichi bo‘lgani, Isoga yana bir saboq berishiga imkon yaratadi.