Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

119-BOB

Iso — yo‘l, haqiqat va hayot

Iso — yo‘l, haqiqat va hayot

YUHANNO 14:1–31

  • ISO JOY TAYYORLASH UCHUN KETYAPTI

  • IZDOSHLARIGA YORDAMCHI BERISHNI VA’DA QILADI

  • OTA ISODAN ANCHA USTUN

Qutlug‘ Kechlikdan so‘ng Iso va havoriylar haligacha boloxonada. Iso ularga dalda berib, shunday deydi: «Yuragingiz siqilmasin. Xudoga hamda menga ishoning». (Yuhanno 13:36; 14:1)

Iso sadoqatli havoriylari nega uning ketishidan xavotirlanmasligini quyidagicha tushuntiradi: «Otamning uyida turar joy ko‘p. [...] Agar borib sizlar uchun joy tayyorlasam, yana kelib, men bilan bir joyda bo‘lishingiz uchun sizlarni oldimga olib ketaman. Boradigan joyimning yo‘lini sizlar bilasiz». Lekin havoriylar Iso osmonga ketishi borasida gapirayotganini tushunishmaydi. To‘ma undan: «Hazrat, qayerga ketayotganingizni bilmaymiz-ku. Yo‘lini qanday topa olamiz?» — deb so‘raydi. (Yuhanno 14:2–5)

Iso: «Men yo‘l, haqiqat va hayotdirman»,— deb javob beradi. Isoni va uning ta’limotlarini qabul qilibgina, hayot tarziga taqlid qilish orqali samoviy Otasining uyiga kirish mumkin. Iso shunday deydi: «Mensiz hech kim Otamning oldiga kela olmaydi». (Yuhanno 14:6)

Isoni diqqat bilan tinglayotgan Filip: «Hazrat, samoviy Otani bizga ko‘rsating, shu biz uchun yetarli»,— deydi. Xudo O‘zini vahiy orqali Muso, Ilyos va Ishayoga oshkor qilganini bilgan Filip, hozir ham U O‘zini ko‘rsatishini xohlayotgandir. Ammo havoriylar o‘sha vahiylardan ham ko‘proq narsaga ega. Iso bunga e’tibor qaratib, shunday deydi: «Filip, shuncha vaqtdan beri men sizlar bilan birgaman-u, haligacha meni bilmadingizmi? Meni ko‘rgan, Otamni ham ko‘rgan bo‘ladi». Ha, Iso Otasining shaxsiyatini mukammal tarzda aks ettiradi, demak, u bilan yashash va uni kuzatish Otani ko‘rish bilan barobar. Albatta, Ota O‘g‘lidan ancha ustundir. Iso: «Sizlarga aytayotgan so‘zlarimni o‘z ixtiyorim bilan gapirmayapman»,— deydi. (Yuhanno 14:8–10) Darhaqiqat, havoriylar Iso o‘rgatayotgan narsalari uchun Otasiga sharaflar keltirayotganini ko‘rishadi.

Isoning havoriylari u yaratgan ajoyib ishlarni ko‘rishgan hamda Xudoning Shohligi haqida xushxabarni va’z qilganini eshitishgan. Endi Iso ularga: «Menga ishongan kishi, men qilayotgan ishlarni qila oladi va bundan ham ortig‘ini qiladi»,— deb aytadi. (Yuhanno 14:12) Bu bilan ular undan-da ulug‘roq mo‘jizalar yaratishadi, deb aytmoqchi emas. Ammo ular Isoga qaraganda ko‘proq vaqt mobaynida xizmat qilib, xushxabarni talaygina odamlarga yetkazish uchun ko‘plab hududlarga borishadi.

Isoning ketishi shogirdlar yolg‘iz qolishadi degani emas. Chunki Iso ularga shunday va’da beradi: «Mening nomimdan nimaiki so‘rasangiz, bajo keltiraman». Bundan tashqari, u: «Men Otamga murojaat qilaman va U toabad sizlar bilan bo‘ladigan boshqa yordamchini beradi. Bu yordamchi haqiqatni oydinlashtiradigan muqaddas ruhdir»,— deb aytadi. (Yuhanno 14:14, 16, 17) Iso muqaddas ruhni, ya’ni boshqa yordamchini berishiga havoriylarni ishontiradi. Bu esa Hosil bayramida sodir bo‘ladi.

«Yana bir ozdan so‘ng,— deydi Iso,— dunyo meni boshqa ko‘rmaydi. Sizlar esa ko‘rasiz, negaki men yashayapman va sizlar ham yashaysiz». (Yuhanno 14:19) Iso nafaqat tirilganidan keyin shogirdlariga ko‘rinadi, balki vaqti kelganda ularni tiriltiradi va ular ruhiy mavjudotlar sifatida u bilan birga osmonda bo‘lishadi.

Keyin Iso oddiy bir haqiqatni aytadi: «Amrlarimni qabul qilib, ularga amal qilgan kishi meni sevadi. Meni sevganni Otam sevadi. Men ham uni sevib, o‘zimni unga oshkor etaman». Taddey deb atalgan havoriy Yahudo shunday so‘raydi: «Hazrat, nima bo‘ldiki, o‘zingizni dunyoga emas, bizga oshkor etmoqchisiz?» Iso javoban quyidagicha aytadi: «Meni sevgan, kalomimga rioya qiladi va Otam uni sevadi. [...] Meni sevmaydigan so‘zlarimga amal qilmaydi». (Yuhanno 14:21–24) Izdoshlaridan farqli o‘laroq, dunyo Isoni yo‘l, haqiqat va hayot deb hisoblamaydi.

Qiziq, qanday qilib Iso ketgach shogirdlar u o‘rgatgan narsalarni eslashadi? Iso quyidagicha tushuntiradi: «Yordamchi, ya’ni Otam mening nomimdan yuboradigan muqaddas ruh sizlarga barcha narsani o‘rgatib, aytganlarimning hammasini yodingizga soladi». Havoriylar muqaddas ruh qudratini ko‘rishgan, shuning uchun Isoning gaplari ularga dalda beradi. U yana: «Sizlarga tinchlikni qoldiryapman, o‘z tinchligimni sizlarga beryapman. [...] Yuraklaringizga g‘ulg‘ula tushib, qo‘rquvdan siqilmasin»,— deb qo‘shib qo‘yadi. (Yuhanno 14:26, 27) Demak, Isoning Otasi yo‘l-yo‘riq berib, himoya qilishini bilish shogirdlarga xavotirlanmaslikka yordam beradi.

Yaqinda Xudo odamlarni himoya qila olishi yaqqol namoyon bo‘ladi. Iso shunday deydi: «Bu dunyoning hukmdori kelyapti. U esa menga hokim emas». (Yuhanno 14:30) Iblis Yahudoning ichiga kirib, uni boshqara oldi. Lekin Isoning gunohli moyilliklari bo‘lmagani bois, Shayton bundan foydalanib uni Xudoga qarshi qila olmaydi. Iblis Isoning tirilishiga ham to‘sqinlik qila olmaydi. Nega deysizmi? Isoning o‘zi: «Otam menga buyurganiday qilyapman»,— deydi. Ha, Otasi uni tiriltirishiga ishonchi komil. (Yuhanno 14:31)