Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

120-BOB

Shogirdlar hosil keltirib, Isoning do‘stlari bo‘lishadi

Shogirdlar hosil keltirib, Isoning do‘stlari bo‘lishadi

YUHANNO 15:1–27

  • HAQIQIY TOK VA NOVDALAR

  • ISONING SEVGISIDAN AYRILMASLIK

Iso sadoqatli havoriylar bilan iliq va do‘stona suhbat qurib, ularga dalda beradi. Hozir kech tushdi, ehtimol, yarim kechadir. Iso harakatga undovchi masal keltiradi.

«Men haqiqiy tokman, Otam esa bog‘bondir»,— deya gap boshlaydi u. (Yuhanno 15:1) Shunga o‘xshash masal bir necha asr oldin keltirilgan. Unga ko‘ra Isroil xalqi Yahovaning tokidir. (Yeremiyo 2:21; Ho‘sheya 10:1, 2) Biroq Yahova bu xalqni inkor etadi. (Matto 23:37, 38) Aynan shu sababli, Iso bu masalda yangi fikr aytadi. Chunonchi, uning o‘zi — tok. Yahova mil. 29- yili Isoni muqaddas ruh bilan moylaganidan beri uni parvarishlab kelgan. Lekin Isoning aytishicha, tok faqatgina uni bildirmaydi.

«Mendagi hosil bermaydigan har qanday novdani U [Otam] kesib tashlaydi. Hosil keltiradiganini esa ko‘p meva bersin deya butab tozalaydi. [...] Tokda qolmagan novda o‘z-o‘zidan hosil berolmaganidek, sizlar ham men bilan birlikda bo‘lmay turib hosil berolmaysiz. Men — tokman, sizlar esa novdasiz». (Yuhanno 15:2–5)

Iso va’da qilganiday ketganidan keyin shogirdlariga yordamchini, ya’ni muqaddas ruhni yuboradi. 51 kun o‘tgach, ya’ni havoriylar va boshqa shogirdlar muqaddas ruhni olishganida, ular majoziy ma’noda tok novdalariga aylanishadi. Hamma «novdalardan» Iso bilan birlikda bo‘lish kutiladi. Qay maqsadda?

Iso buni quyidagicha tushuntiradi: «Kimki men bilan birlikda bo‘lsa, men ham u bilan birlikda bo‘laman va u mo‘l-ko‘l hosil keltiradi. Chunki mensiz hech narsa qilolmaysiz». Ushbu «novdalar», Isoning sodiq izdoshlari uning fazilatlariga taqlid qilib anchagina hosil keltirishadi. Ular Xudoning Shohligi haqidagi xushxabarni g‘ayrat ila va’z qilishadi va yangi shogirdlar tayyorlashadi. Agar kimdir Iso bilan birlikda bo‘lmasa va hosil keltirmasa, nima bo‘ladi? Iso: «Men bilan birlikda bo‘lmagan kishi esa, novda singari kesib tashlanadi»,— deb aytadi. Keyin davom etib, quyidagicha deydi: «Agarda men bilan birlikda bo‘lib, aytganlarimni qalbingizda saqlasangiz, unda nimaiki tilasangiz sizga beriladi». (Yuhanno 15:5–7)

Endi Iso ikki marta eslatib o‘tgan fikrni, ya’ni amrlariga amal qilish kerakligini ta’kidlaydi. (Yuhanno 14:15, 21) Shogirdlar bunga rioya etishayotganini qay yo‘sin isbotlay olishlarini Iso quyidagicha tushuntiradi: «Men Otamning amrlarini bajo keltirib, Uning sevgisidan ayrilmaganim kabi, sizlar ham amrlarimga rioya qilsangiz, mening sevgimdan ayrilmaysiz». Demak, ulardan Alloh Yahovani va Isoni yaxshi ko‘rishdan ko‘proq narsa talab qilinadi. Iso shunday deydi: «Mening amrim shu: men sizlarni qanday sevgan bo‘lsam, sizlar ham bir-biringizni shunday seving. Kim o‘z do‘stlari uchun jonini bersa, bundan buyukroq sevgi yo‘qdir. Men bergan amrlarga rioya qilsangiz, mening do‘stlarim bo‘lasiz». (Yuhanno 15:10–14)

Bir necha soatdan keyin, Isoning sevgisi unga ishongan har bir kishi uchun hayotini qurbon qilganida ko‘rinadi. Uning o‘rnagi izdoshlarini bir-biriga fidokorona sevgini namoyon etishga undashi lozim. Iso ilgari ham aytganidek, ularni oralaridagi muhabbat tufayli bilib olishadi: «Agar orangizda mehr-muhabbat bo‘lsa, sizlar mening shogirdlarim ekaningizni barcha bilib oladi». (Yuhanno 13:35)

Havoriylar Iso ularni «do‘stlarim» deb ataganiga diqqat qaratishlari kerak. Iso ularga: «Sizlarni do‘stlarim deb atayman, zero Otamdan nimaiki eshitgan bo‘lsam, barchasini sizlarga oshkor etdim»,— deydi. Ha, Iso bilan do‘st bo‘lish hamda Otasi unga nimalar gapirganini bilish katta sharaf! Biroq bunday munosabatlarni saqlab qolish uchun shogirdlar «mo‘l-ko‘l hosil berishlari» lozim. Shunda, Iso aytganidek, ular uning nomidan Otasidan nimaiki so‘rashsa, U ularga beradi. (Yuhanno 15:15, 16)

Iso «novdalar» deb atagan shogirdlarning orasidagi mehr-muhabbat, ular duch keladigan har qanday narsaga dosh berishga yordam beradi. Iso dunyo ulardan nafratlanishini ogohlantiradi. Lekin bundan so‘ng ularga dalda berib, shunday deydi: «Dunyo sizlardan nafratlansa, bilingki, sizlardan avval u mendan nafratlangan. Agar dunyoga tegishli bo‘lganingizda edi, dunyo o‘ziniki kabi sizlarni ardoqlagan bo‘lardi... dunyoga tegishli emassiz. Shu sababli dunyo sizlardan nafratlanadi». (Yuhanno 15:18, 19)

So‘ngra Iso nega dunyo ulardan nafratlanishini shunday deb tushuntiradi: «Sizlarga qarshi qilinadigan bu barcha narsalar mening nomim tufaylidir. Boisi meni Yuborganni ular tanimaydi». Isoning mo‘jizalari aslida undan nafratlangan odamlarni hukm qilish uchun asos ekanini u quyidagicha aytadi: «Mabodo, men ularning orasida hech kim qilmagan ishni bajarmaganimda edi, ular gunohkor bo‘lishmasdi. Ammo ular ko‘rgan holda Otamdan ham, mendan ham nafratlanishdi». Darhaqiqat, ularning nafrati Muqaddas Kitobdagi bashoratning amalga oshishidir. (Yuhanno 15:21, 24, 25; Zabur 35:19; 69:4)

Iso muqaddas ruhni, ya’ni yordamchini yuborishni yana va’da qiladi. Izdoshlarining barchasi bu qudratga ega bo‘ladi va uning yordamida ular hosil keltirishadi, ya’ni «shohidlik berishadi». (Yuhanno 15:27)