Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

121-BOB

«Dadil bo‘ling! Men dunyoni yengdim»

«Dadil bo‘ling! Men dunyoni yengdim»

YUHANNO 16:1–33

  • YAQINDA HAVORIYLAR ISONI BOSHQA KO‘RISHMAYDI

  • HAVORIYLAR QAYG‘USI QUVONCHGA AYLANADI

Iso va havoriylari Fisih taomini yeb bo‘lishdi. Yaqinda ular boloxonani tark etishadi. Iso ularni ogohlantirib, yana shunday deydi: «Men buni sizlarga qoqinmasligingiz uchun aytdim». Nega bunday ogohlantirish o‘rinli? Uning o‘zi shunday tushuntiradi: «Sizlarni ibodatxonadan haydaydilar va shunday vaqt keladiki, sizlarni o‘ldirayotgan har bir kishi, Xudoga muqaddas xizmatni bajaryapman, deb o‘ylaydi». (Yuhanno 16:1, 2)

Bu ogohlantirish havoriylarni xavotirga solgan bo‘lsa kerak. Ilgari Iso havoriylariga dunyo ulardan nafratlanishini aytgan bo‘lsa-da, ular o‘ldirilishini ochiqchasiga gapirmagan. «Bu so‘zlarni sizlarga boshida aytmagandim,— deb tushuntiradi u,— chunki sizlar bilan birga edim». (Yuhanno 16:4) Endi Iso ketishidan oldin ularni tayyorlayapti. Keyinchalik, bu ularga qoqinib qolmaslikka yordam beradi.

Iso davom etib: «Meni Yuborganning yoniga ketyapman va hech biringiz mendan: “Qaerga ketyapsiz?” — deb so‘ramayapsiz»,— deydi. Shu kecha sal avvalroq u qayerga ketishi haqida ular so‘rashgan edi. (Yuhanno 13:36; 14:5; 16:5) Endi esa, Isoning ta’qiblar haqidagi so‘zlarini eshitib ular hang-u mang bo‘lishadi va chuqur qayg‘uga botishadi. Shu bois, Iso ega bo‘ladigan shuhrat va bu Xudoning haqiqiy xizmatchilari uchun nimani anglatishi borasida surishtirishmaydi. Iso buni payqab: «Aytgan so‘zlarimdan qalblaringiz g‘am-g‘ussaga to‘ldi»,— deydi. (Yuhanno 16:6)

So‘ng Iso quyidagicha tushuntiradi: «Mening ketishim sizlarning foydangiz uchun. Bordi-yu ketmasam, yordamchi oldingizga kelmaydi. Agar ketsam, uni sizlarga yuboraman». (Yuhanno 16:7) Iso o‘lib osmonga ko‘tarilgandan keyingina shogirdlar yordamchi bo‘lmish muqaddas ruhni olishadi. Ular dunyoning qaysi chekkasida bo‘lishidan qat’i nazar, Iso muqaddas ruhni yubora oladi.

Muqaddas ruh «gunoh, adolat va hukm to‘g‘risida dunyoga dalillar keltiradi». (Yuhanno 16:8) Ha, dunyo Xudoning O‘g‘li bo‘lmish Isoga ishonmayotgani oshkor bo‘ladi. Isoning osmonga ko‘tarilishi, u adolatli ekani haqida shohidlik berib, nega «bu dunyoning hukmdori» Shayton hukmga loyiq ekanini ko‘rsatadi. (Yuhanno 16:11)

Iso so‘zida davom etib, shunday deydi: «Sizlarga aytadigan ko‘p gaplarim bor-u, ammo hozir hammasini tushuna olmaysiz». Iso yuborgan muqaddas ruh, shogirdlari «haqiqatni to‘liq» tushunishlari uchun ularni yo‘naltirib boradi. Shu yo‘sin, ular bu haqiqatga binoan hayot kechira olishadi. (Yuhanno 16:12, 13)

Isoning: «Yana bir ozdan so‘ng meni ko‘rmaysizlar. Ko‘p o‘tmay meni tag‘in ko‘rasizlar»,— degan so‘zlari havoriylarni o‘yga cho‘mdiradi. Shogirdlar bu so‘zlarning ma’nosini bir-biridan so‘ray boshlashadi. Iso ular bu bilan qiziqayotganini sezib, shunday deydi: «Ishonavering, sizlar yig‘lab, faryod qilasiz, dunyo esa quvonadi. Sizlar g‘am chekasiz, ammo g‘amingiz shodlikka aylanadi». (Yuhanno 16:16, 20) Ertasi kuni Isoni o‘ldirishganda, din rahbarlari sevinadi, shogirdlari esa qayg‘u chekishadi. Iso tirilganida esa ularning qayg‘usi quvonchga aylanadi. Ularning ustiga Xudoning muqaddas ruhi tushganida ham ular xursand bo‘lishadi.

Iso havoriylarning ahvolini to‘lg‘oq azobini chekayotgan ayolning ahvoli bilan solishtirib, quyidagilarni aytadi: «Oyi to‘lgan ayol dard bilan tug‘adi. Bola tug‘ilgandan so‘ng esa dardlari esidan chiqadi, chunki inson dunyoga kelganidan quvonadi». U havoriylariga dalda berib: «Sizlar ham hozir qayg‘u-alamdasiz. Lekin sizlar bilan yana ko‘rishganimda, qalbingiz shodlikka to‘ladi va bu quvonchni sizlardan hech kim tortib ololmaydi»,— deydi. (Yuhanno 16:21, 22)

Shu paytgacha havoriylar Isoning nomidan hech narsa so‘rashmagan. Hozir bo‘lsa, Iso ularga: «O‘sha kuni Otamdan mening nomimdan so‘raysizlar»,— deydi. Nega bunday qilishlari muhim? Gap, Xudo ularning iltimoslariga istar-istamas javob berishida emas. Iso: «Otam sizlarni sevadi, chunki sizlar meni sevib, Xudoning vakili sifatida kelganimga ishondingiz»,— deb aytadi. (Yuhanno 16:26, 27)

Havoriylar Isoning so‘zlaridan ruhlanib: «Shu sababli siz Xudodan kelganingizga ishonyapmiz»,— deyishadi. Lekin ko‘p o‘tmay ularning aminligi sinaladi. Iso buni quyidagicha tasvirlaydi: «Mana, meni yolg‘iz tashlab, hammangiz uy-uyingizga qochib ketadigan vaqt kelyapti, hatto keldi ham». Shunday bo‘lsa-da, Iso ularning ruhini ko‘tarib, shularni aytadi: «Bularni men tufayli orangizda tinchlik bo‘lsin, deb aytdim. Dunyoda sizlarni qayg‘u-alam kutyapti, ammo dadil bo‘ling! Men dunyoni yengdim». (Yuhanno 16:30–33) Iso ularni tark etmaydi. Ular ham u kabi dunyoni yengishlari mumkinligiga Isoning ishonchi komil. Shayton va uning dunyosi ularning benuqsonligini barbod qilishga urinsa ham, shogirdlar Xudoning irodasini sadoqat ila bajara olishadi.