Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

124-BOB

Yahudo Isoni dushman qo‘liga topshiradi

Yahudo Isoni dushman qo‘liga topshiradi

MATTO 26:47–56 MARK 14:43–52 LUQO 22:47–53 YUHANNO 18:2–12

  • YAHUDO BOG‘DA XOINLIK QILADI

  • BUTRUS BIR KISHINING QULOG‘INI KESIB TASHLAYDI

  • ISONI HIBSGA OLISHADI

Tunning yarmi ham tugay deb qoldi. Yahudo Isoga xiyonat qilgani uchun ruhoniylar unga 30 kumush tanga berishga rozi bo‘lishdi. Yahudo Isoni qidirib, bosh ruhoniylar-u farziylardan iborat bir to‘da odamni boshlab kelyapti. Ular bilan qurollangan rimlik askarlar va mingboshi keladi.

Fisih taomi paytida Iso Yahudoni chiqarib yuborganda, u to‘ppa-to‘g‘ri bosh ruhoniylarning oldiga borgandir. (Yuhanno 13:27) Ular esa soqchilarni hamda bir guruh askarlarni yig‘ishadi. Ehtimol, avval Yahudo ularni Iso havoriylar bilan Fisih bayramini nishonlagan uyga olib borgandir. Lekin hozir bu to‘da Qidron vodiysidan o‘tib, bog‘ tomon yo‘l olyapti. Qurollangan bu odamlar Isoni mash’ala-yu moychiroqlar bilan qidirishadi.

Yahudo barchani Zaytun tog‘iga boshlab boradi. U Isoni qayerdan topish mumkinligini biladi. O‘tgan hafta mobaynida Iso havoriylar bilan Baytaniyadan Quddusga bir necha marta borib qaytganida, Getsemaniya bog‘ida tez-tez to‘xtardi. Tun bo‘lgani uchun zaytun daraxtlari orasida Isoni topish juda qiyin. Xo‘sh, askarlar uni qanday qilib taniy olishadi? Axir ular Isoni hech qachon ko‘rishmagan-ku?! Yahudo ularga belgi berishini aytadi: «Men kimni o‘psam, u o‘shadir. Uni mahkam ushlab, olib ketinglar». (Mark 14:44)

Yahudo to‘dani boqqa boshlab kiradi. Iso havoriylar bilan birga ekanini ko‘rib, u tomon qadam bosadi. «Salom, Ustoz!» — deydi Yahudo va uni astagina o‘padi. Iso undan: «Do‘stim, bu yerga nega keldingiz?» — deb so‘raydi. (Matto 26:49, 50) Bu savolga o‘zi javob berib: «Yahudo, Inson O‘g‘liga o‘pich bilan xiyonat qilyapsizmi?» — deydi. (Luqo 22:48) Shu bilan Iso xoinga hech narsa gapirmaydi.

Iso mash’ala va moychiroqlar yongan tomonga chiqib: «Kimni qidiryapsizlar?» — deb so‘raydi. Shunda to‘dadan kimdir: «Nosiralik Isoni»,— deydi. Iso jasorat ila: «O‘sha menman»,— deydi. (Yuhanno 18:4, 5) Nima yuz berishini bilmagan odamlar yerga yiqilishadi.

Iso fursatdan foydalanib, tunda yashirinib olishning o‘rniga, kimni izlashayotganini ulardan yana so‘raydi. Ular takroran: «Nosiralik Isoni»,— deb javob berishganida, u xotirjamlik bilan: «O‘sha men ekanligimni sizlarga aytdim-ku. Agar meni qidirayotgan bo‘lsangiz, bularni qo‘yib yuboringlar». Hatto shunday daqiqalarda ham Iso ilgari aytganlarini, ya’ni hech bir shogirdini yo‘qotmasligini eslaydi. (Yuhanno 6:39; 17:12) «Halokatga yo‘liqadigan kishi», ya’ni Yahudodan bo‘lak Iso barcha sodiq havoriylarini saqlab qoldi, hech birini yo‘qotmadi. (Yuhanno 18:7–9) Shuning uchun, sodiq havoriylarini qo‘yib yuborishlarini so‘rayapti.

Askarlar o‘rnidan turib, Isoga yaqinlashayotganida havoriylar nima bo‘layotganini tushunishadi. Shunda ular: «Hazrat, qilichni ishga solaylikmi?» — deb so‘rashadi. (Luqo 22:49) Iso hali javob berishga ulgurmay, Butrus qo‘liga qilichni (havoriylar o‘zlari bilan olgan ikkita qilichdan birini) olib, oliy ruhoniyning xizmatkori Malxusga hujum qiladi-da, o‘ng qulog‘ini kesib tashlaydi.

Iso Malxusning qulog‘iga tegib, uni sog‘aytiradi. Keyin muhim bir saboq berib Butrusga buyuradi: «Qilichingizni qiniga solib qo‘ying. Chunki qilich ko‘targanlarning hammasi qilichdan halok bo‘ladi». Iso uni hibsga olishlariga shay bo‘lib: «Muqaddas Yozuvlardagi so‘zlar qanday amalga oshar edi? Axir bularning sodir bo‘lishi karomat qilingan-ku»,— deb tushuntiradi. (Matto 26:52, 54) So‘ng: «Otam menga bergan kosani nahotki ichmasam?» — deb qo‘shib qo‘yadi. (Yuhanno 18:11) Iso Xudoning unga nisbatan irodasiga qarshi chiqmaydi va hatto o‘lishga ham tayyor.

Iso odamlardan quyidagilarni so‘raydi: «Men sizlarga qaroqchimidimki, meni hibsga olish uchun qilich-u tayoq ko‘tarib kelibsizlar? Har kuni ma’badda o‘tirib ta’lim berganimda, meni hibsga olmagan edingiz-ku. Ammo bularning bari payg‘ambarlarning so‘zlari amalga oshishi uchun sodir bo‘ldi». (Matto 26:55, 56)

Shunda askarlar, mingboshi va yahudiylarning soqchilari Isoni ushlab, bog‘lashadi. Buni ko‘rib havoriylarning hammasi qochib ketadi. Lekin «bir yigit», ehtimol, Mark olomonga qo‘shilib Isoning orqasidan ketadi. (Mark 14:51) Bu yigitni tanib qolishadi va uni ushlab olmoqchi bo‘lishadi. U esa zig‘ir matodan tikilgan kiyimini tashlab, qochib ketadi.