Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

134-BOB

Iso tirik!

Iso tirik!

MATTO 28:3–15 MARK 16:5–8 LUQO 24:4–12 YUHANNO 20:2–18

  • ISO TIRILADI

  • QABR YONIDAGI VOQEALAR

  • ISO BIR NECHA AYOLGA KO‘RINADI

Ayollar qabr bo‘m-bo‘sh ekanini ko‘rib, dong qotib qolishadi. Magdalalik Maryam «yugurib Simun Butrus va Isoning sevimli shogirdi», ya’ni havoriy Yuhannoning oldiga boradi. (Yuhanno 20:2) Qabr yonida qolgan boshqa ayollar esa farishtani ko‘rishadi. Qabr ichkarisida «uzun oq kiyimli» yana bir farishta bor. (Mark 16:5)

Farishtalardan biri ularga shunday deydi: «Qo‘rqmanglar, sizlar ustunda qatl etilgan Isoni axtarib kelganingizni bilaman. U hozir bu yerda emas. U o‘zi aytganiday tirildi. Kelinglar, uning yotgan joyini ko‘rib qo‘yinglar. Endi tezroq borib, uning tirilganini shogirdlariga aytinglar. Shuningdek, ularga: “U sizlardan avval Jalilaga ketyapti [...]”,— deb aytinglar». (Matto 28:5–7) Ayollarni «vahima va hayajon» bosadi va bo‘lgan voqealarni shogirdlarga aytish uchun yugurib ketishadi. (Mark 16:8)

Shu orada magdalalik Maryam Butrus va Yuhannoni topib, nafasini rostlashga ulgurmay: «Hazratimizni qabrdan olib ketishibdi. Uni qayerga qo‘yishganini bilmaymiz»,— deb aytadi. (Yuhanno 20:2) Buni eshitgan Butrus va Yuhanno qabr tomon chopib ketishadi. Yuhanno tezroq yuguradi va u yerga birinchi bo‘lib yetib boradi. U qabr ichiga qaraydi va kafan yotganini ko‘radi, ammo ichkariga kirmaydi.

Butrus esa yugurib kelib to‘g‘ri qabr ichiga kiradi. U ham zig‘ir kafanni va Isoning boshiga o‘ralgan ro‘molni ko‘radi. So‘ng Yuhanno ham qabr ichiga kiradi va Maryamning gaplari to‘g‘riligiga amin bo‘ladi. Iso ilgari aytganiga qaramay, ularning hech biri uning tirilganini tushunishmaydi. (Matto 16:21) Ular taajjublangan holda uyga qaytishadi. Magdalalik Maryam esa qabr yoniga kelib o‘sha yerda qoladi.

Bu orada qolgan ayollar Iso tirilgani haqida shogirdlarga aytish uchun chopib ketishadi. Ularning yo‘lidan Iso chiqib: «Assalomu alaykum!» — deydi. Xotinlar uning oyoqlariga yiqilib, ta’zim qilishadi. Shunda Iso ularga: «Qo‘rqmanglar! Borib, birodarlarimga xabar beringlar, ular Jalilaga borishsin. Meni o‘sha yerda ko‘rishadi»,— deb aytadi. (Matto 28:9, 10)

Bundan avval zilzila yuz berib, farishtalar paydo bo‘lganida, qabrni qo‘riqlayotgan soqchilar «zir-zir titrashadi va qo‘rqqanlaridan qotib qolishadi». O‘zlariga kelgach, shaharga borishadi va «yuz bergan voqeani bosh ruhoniylarga aytib berishadi». Keyin ruhoniylar xalq oqsoqollari bilan maslahatlashib, askarlar aslida nima bo‘lgani haqida og‘iz ochmasligi uchun ularga pora berishga va: «Biz uxlab yotganimizda, shogirdlari kelib, uning jasadini o‘g‘irlab ketishdi»,— deb aytishga kelishib olishadi (Matto 28:4, 11, 13)

Rim askarlari soqchilik qilganda uxlab qolishsa, qatl etilishlari mumkin edi. Shu bois ruhoniylar quyidagicha va’da berishadi: «Mabodo bu [askarlar uxlab qolishgani haqidagi yolg‘on] hokimning qulog‘iga yetib borsa, o‘zimiz unga hammasini tushuntiramiz, sizlar hech tashvishlanmanglar». (Matto 28:14) Askarlar pora olib, ruhoniylar aytganidek yo‘l tutishadi. Shu sababli, Isoning jasadi o‘g‘irlangani haqidagi yolg‘on yahudiylar orasida keng tarqalib ketadi.

Qabr yonida qolgan magdalalik Maryam hali-hanuz g‘am chekyapti. U egilib qabr ichiga qaraydi va oq kiyimli ikkita farishtani ko‘radi. Biri Isoning jasadi qo‘yilgan joyning bosh tarafida, ikkinchisi esa oyoq tarafida o‘tirgan bo‘ladi. Ular Maryamdan: «Nega yig‘layapsiz?» — deb so‘rashadi. U javoban: «Hazratimni olib ketishibdi. Uni qayerga qo‘yishganini bilmayman»,— deydi va o‘girilib yana bir kishini ko‘radi. Farishtalar kabi u ham, Maryamdan nega yig‘layotganini so‘raydi-da: «Kimni qidiryapsiz?» — deya qo‘shib qo‘yadi. Maryam uni bog‘bon deb o‘ylab: «Taqsir, agar siz uni olib ketgan bo‘lsangiz, uni qayerga qo‘yganingizni ayting. Men uni olib ketaman»,— deydi. (Yuhanno 20:13–15)

Aslida Maryam tirilgan Iso bilan gaplashayotganini xayoliga ham keltirmaydi. Lekin u: «Maryam!» — deganida, ayol Isoning murojaat qilish tarzidan uni tanib qoladi. U quvonch ila Isoga: «Rabbuniy!» — deb aytadi. (Bu so‘z «Ustoz» degani.) Ustozi osmonga ko‘tarilib ketishi mumkinligidan qo‘rqib, Maryam uni mahkam ushlab oladi. Iso esa shunday deydi: «Bo‘ldi, meni ushlashni bas qiling. Chunki men hali Otamning yoniga ko‘tarilganim yo‘q. Siz birodarlarim oldiga borib, men o‘z Otam va sizlarning Otangiz, mening Tangrim va sizlarning Tangringiz huzuriga ko‘tarilishimni ayting». (Yuhanno 20:16, 17)

Maryam havoriylar va boshqa shogirdlar to‘plangan joyga boradi. U: «Men Hazratimni ko‘rdim!» — deya, avvalroq boshqa ayollar havoriylarga aytgan gaplarga qo‘shimcha qiladi. (Yuhanno 20:18) Lekin ular bu so‘zlarga ishonishmaydi. (Luqo 24:11)