Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

70-BOB

Iso tug‘ma ko‘r kishini sog‘aytiradi

Iso tug‘ma ko‘r kishini sog‘aytiradi

YUHANNO 9:1–18

  • SADAQA SO‘RAGAN TUG‘MA KO‘R KISHI SOG‘AYADI

Shabbat kuni. Iso payg‘ambar Quddusda. U shogirdlari bilan shahar aylanib yurganida, sadaqa so‘rab o‘tirgan tug‘ma ko‘r kishini ko‘rib qoladi. Shogirdlari Isodan: «Ustoz, kimning gunohi tufayli bu odam ko‘r bo‘lib tug‘ilgan: o‘ziningmi yoki ota-onasiningmi?» — deb so‘rashadi. (Yuhanno 9:2)

Shogirdlar inson tug‘ilishidan oldin uning ko‘rinmas ruhi bo‘lmasligini bilishadi. Lekin ularni, inson onasining qornidayoq gunoh qilishi mumkinmi, degan savol qiziqtiradi. Iso ularga: «Na uning o‘zi, na ota-onasi aybdor, balki Xudoning qudrati unda namoyon bo‘lishi uchun bunday bo‘lgan»,— deb javob beradi. (Yuhanno 9:3) Boyagi kishining ko‘r bo‘lib tug‘ilganiga na ota-onasining, na o‘zining gunohi sabab bo‘lgan. Odamatoning gunohi dastidan insonlar nomukammal va ko‘zi ojizlik kabi jismoniy nuqsonlar bilan tug‘ilishadi. Iso dardga chalingan insonlarni sog‘aytirardi va hozir ham tug‘ma ko‘r kishini davolab, Xudoning qudratini namoyon etmoqchi.

Iso bu ishlarni paysalga solmaslik kerakligiga ishora qilib: «Hanuz kunduz ekan, biz meni Yuborganning ishini bajarishimiz lozim. Zero tun kelmoqda, o‘shanda biror kishi ham ishlay olmaydi. Men dunyoda ekanman, men dunyoning nuriman»,— deb aytadi. (Yuhanno 9:4, 5) Yaqinda Iso vafot etadi va zim-ziyo qabrda bo‘lib, hech qanday ish qila olmaydi. Ayni paytda u dunyo uchun nur manbaidir.

Xo‘sh, Iso bu odamni sog‘aytirarmikan? Qanday qilib? Iso yerga tupurib, tupugidan loy qildi. Keyin bu loyni ko‘r kishining ko‘zlariga surtib, unga: «Borib Siloam hovuzida ko‘zlaringizni yuving»,— deydi. (Yuhanno 9:7) O‘sha kishi borib yuvinadi va ko‘ra boshlaydi! Qaytib kelgach, u quvonchini ichiga sig‘dira olmaydi: axir u umrida birinchi marta ko‘ryapti-ku!

Qo‘ni-qo‘shnilari va ilgari uni tanigan odamlar hayron qolib: «Bu o‘sha, sadaqa so‘rab o‘tirgan odam emasmi?» — deb so‘rashadi. Ayrimlar: «Bu o‘sha»,— deyishsa, boshqalar: «Yo‘g‘-e, unga o‘xshaydi, xolos»,— deb aytishadi. Haligi kishi esa: «Men o‘shaman»,— deydi. (Yuhanno 9:8, 9)

Odamlar: «Qanday qilib ko‘zlaring ochildi?» — deb qiziqishadi. «Iso degan kishi tupugini tuproq bilan aralashtirib, ko‘zlarimga surtdi va menga: “Boring, Siloam hovuzida ko‘zlaringizni yuving”,— dedi. Men borib yuvindim va mana ko‘radigan bo‘ldim»,— deb javob qaytaradi u. «O‘sha odam qayerda?» — deb so‘rashadi ular. Sadaqa so‘rab yurgan kishi esa: «Bilmayman»,— deb javob beradi. (Yuhanno 9:10–12)

Odamlar bu kishini farziylarning oldiga yetaklab borishadi. Chunki farziylar ham uning qay yo‘sin ko‘zlari ochilganini bilmoqchi bo‘lishadi. O‘sha kishi ularga: «U tupugini tuproq bilan aralashtirib, ko‘zlarimga loy surtdi. Men borib ko‘zlarimni yuvdim-da, ko‘ra boshladim»,— deb tushuntiradi. IAslida farziylar bu tilanchining sog‘ayganiga xursand bo‘lishlari kerak edi! Ular esa buning o‘rniga Isoga tuhmat qila boshlashadi. «U Allohdan kelgan inson emas, chunki u Shabbat kuniga rioya qilmayapti»,— deyishadi ular. Biroq boshqalari: «Gunohkor inson bunday mo‘jizalarni qanday yarata oladi?» — deyishadi. (Yuhanno 9:15, 16) Shunday qilib, ularning orasida bo‘linish yuzaga keladi.

Zid fikrlar paydo bo‘lgani uchun ular boyagi kishidan: «Ko‘zlaringni ochgan o‘sha odam haqida sen nima deysan?» — deb so‘rashadi. O‘sha kishi esa hech ikkilanmay Iso haqida fikrini aytib: «U payg‘ambar»,— deb javob beradi. (Yuhanno 9:17)

Lekin yahudiylar bunga ishonmaydi. Ehtimol, ular bu kishi Iso bilan til biriktirgan va birgalashib xalqni laqillatishyapti, deb o‘ylashayotgandir. Masalani uzil-kesil hal qilish niyatida ular sadaqa so‘ragan kishining ota-onasini chaqirtirib, chindan ham u ko‘r bo‘lganmi, deb so‘ramoqchi bo‘lishadi.