Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

69-BOB

Ularning otasi Ibrohim payg‘ambarmi yoki Iblismi?

Ularning otasi Ibrohim payg‘ambarmi yoki Iblismi?

YUHANNO 8:37–59

  • YAHUDIYLAR IBROHIM PAYG‘AMBARNI OTA DEB ATASHGAN

  • ISO IBROHIM PAYG‘AMBARDAN OLDIN BOR EDI

Quddusda Chaylalar bayrami davom etar ekan, Iso odamlarga haqiqatni o‘rgatadi. Ayrim yahudiylar unga: «Bizlar Ibrohimning avlodimiz va aslo hech kimga qul bo‘lmaganmiz»,— deyishadi. Iso esa ularga shunday deydi: «Sizlar Ibrohimning avlodi ekaningizni bilaman. Lekin so‘zlarim qalbingizdan o‘rin olmayotgani sabab, meni o‘ldirmoqchisizlar. Men Otamning huzurida ko‘rgan narsalarimni gapiryapman, sizlar esa o‘z otangizdan eshitganlaringizni qilyapsizlar». (Yuhanno 8:33, 37, 38)

Iso ularning otasi uning Otasidan farqli ekanini aniq ko‘rsatadi. Yahudiylar Iso kimni nazarda tutayotganini tushunmay: «Bizning otamiz Ibrohim»,— deb aytishadi. (Yuhanno 8:39; Ishayo 41:8) Ular chindan ham Ibrohim Xalilullohning avlodi bo‘lishgani uchun u kabi kuchli imonga egamiz, deb o‘ylashadi.

Biroq Isoning quyidagi so‘zlari ularni esankiratib qo‘yadi: «Agar Ibrohimning bolalari bo‘lsangiz, Ibrohimning ishlarini qilinglar». Darhaqiqat, o‘g‘il otasidan o‘rnak oladi. Iso so‘zida davom etib: «Ammo sizlar meni — Xudodan eshitgan haqiqatni sizlarga so‘zlagan odamni o‘ldirmoqchisizlar. Ibrohim bunday qilmagan bo‘lar edi». Iso yana ularga: «Sizlar o‘z otangizning ishlarini qilyapsizlar»,— deydi. (Yuhanno 8:39–41)

Ammo ular Iso kim haqida aytayotganini baribir tushunishmaydi. Ular Ibrohimning qonuniy o‘g‘illari ekanliklarida turib olib: «Bizlar haromi emasmiz. Bizning bitta Otamiz bor. U — Xudo»,— deyishadi. Lekin Xudo chindan ham ularning Otasimi? «Otangiz Xudo bo‘lganida edi,— deb javob beradi Iso,— meni sevgan bo‘lardingiz. Chunki meni Alloh yuborgan va men bu yerdaman. Men o‘z xohishimcha kelganim yo‘q, U meni yubordi». Iso ularga savol berib, javobini ham o‘zi aytadi: «Nega aytganlarimni tushunmayapsizlar? Chunki so‘zlarimni eshitishni istamayapsizlar-da». (Yuhanno 8:41–43)

Iso, uni rad etish nimaga olib kelishini tushuntirmoqchi bo‘lgan edi. Endi esa Iso ularga aniq gapiradi: «Sizlarning otangiz Iblis va sizlar uning xohishini bajarishni istaysizlar». Ularning otasi haqida nima desa bo‘ladi? Iso uni quyidagicha ta’riflaydi: «U boshidanoq qotil edi... haqiqat yo‘lida tura olmadi». Keyin shunday xulosa qiladi: «Kim Xudodan bo‘lsa, u Allohning so‘zlarini tinglaydi. Sizlar Xudodan bo‘lmaganingiz uchun meni tinglamayapsizlar». (Yuhanno 8:44, 47)

Bunday xulosa chiqarganidan jahli chiqqan yahudiylar Isoga: «Sen samariyaliksan, seni jin urgan, deb bekorga aytmagan ekanmiz-da»,— deyishadi. Ular Isoni «samariyalik», deb undan nafratlanayotganini bildirishadi. Ularning kamsitadigan so‘zlariga parvo qilmay, Iso: «Meni jin urmagan. Men Otamni sharaflayapman, sizlar esa meni haqoratlayapsizlar»,— deb aytadi. Nega Isoning bu so‘zlari jiddiy ahamiyatga ega? Sababini u shunday tushuntiradi: «Kimki so‘zlarimga amal qilsa, hech qachon o‘lmaydi». Naqadar ajoyib va’da! Iso bu bilan havoriylari va boshqa shogirdlari hech qachon o‘lmasliklarini nazarda tutmagan. Aksincha, ular abadiy yo‘q qilinmaydi yoki tirilishdan xoli bo‘lgan «ikkinchi o‘limni» ko‘rishmaydi. (Yuhanno 8:48–51; Vahiy 21:8)

Lekin yahudiylar Isoning so‘zlarini tom ma’noda tushunib, quyidagilarni aytishadi: «Seni jin urganligiga endi amin bo‘ldik. Ibrohim ham, payg‘ambarlar ham o‘lishgan. Sen bo‘lsang: “Kimki so‘zlarimga amal qilsa, hech qachon o‘lmaydi”,— deyapsan. Nahotki sen otamiz Ibrohimdan ham buyukroq bo‘lsang?.. Sen o‘zingni kim deb o‘ylayapsan?» (Yuhanno 8:52, 53)

Bu suhbat davomida Iso o‘zining va’da qilingan Masih ekanini ularga ko‘rsatyapti. Lekin uning kimligi borasidagi savolga Iso to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob bermay, shunday deydi: «Agar men o‘zimni ulug‘layotgan bo‘lsam, mening ulug‘vorligim befoydadir. Sizlar Alloh deyayotgan Otam meni ulug‘lamoqda. Sizlar aslida Uni bilmaysizlar. Men esa Uni bilaman. Bordi-yu, Uni bilmayman desam, sizlar kabi yolg‘onchi bo‘lardim». (Yuhanno 8:54, 55)

Iso sodiq bobokalonining namunasiga yana ishora qilib: «Otangiz Ibrohim men qilayotgan ishlarni ko‘rishga umid bog‘lab, juda quvongandi. Endi ko‘rib, shod-xurram bo‘ldi»,— deydi. Ha, Ibrohim payg‘ambar Allohning va’dasiga ishonib, Masih kelishini kutgan. Yahudiylar esa: «Hali 50 yoshga kirmagansan-u, Ibrohimni ko‘rdim, deyapsanmi?» — deb so‘rab, Isoga ishonishmayotganini ko‘rsatishadi. «Ishonavering, Ibrohim dunyoga kelishidan avval men bor edim»,— deydi ularga Iso. Bu so‘zlari bilan Iso yer yuziga kelishdan oldin osmonda qudratli farishta bo‘lib yashaganiga ishora qiladi. (Yuhanno 8:56–58)

Isoning Ibrohimdan oldin yashaganini ta’kidlaganidan darg‘azab bo‘lib, yahudiylar uni toshbo‘ron qilmoqchi bo‘lishadi. Lekin Iso ulardan qutulib qoladi.