Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

TO‘RTINCHI BOB

Iso Masih to‘g‘risida haqiqat

Iso Masih to‘g‘risida haqiqat

1, 2. a) Agar birorta mashhur odamning ismini bilsangiz, uni yaxshi bilaman deb ayta olasizmi? Tushuntiring. b) Iso Masih to‘g‘risida qanday o‘zgacha fikrlar mavjud?

DUNYODA juda ko‘p taniqli odamlar bor. Ehtimol, siz birorta mashhur insonning ismini bilarsiz. Ammo ismini bilganingiz bilan uning hayoti hamda u qanday inson ekani borasida hamma narsani bilaman deb ayta olmaysiz.

2 Iso Masih taxminan 2 000 yil muqaddam yashaganiga qaramay, siz ham u haqda eshitgan bo‘lsangiz kerak. Ammo aslida u qanday inson bo‘lgani ko‘plarga noma’lum. Ba’zilar uni yaxshi inson qatorida bilsa, boshqalar u payg‘ambar bo‘lgan deb aytadi. Yana ayrimlar u Xudo deb ta’kidlaydi. Siz-chi, nima deb o‘ylaysiz? (12-ilovaga qarang.)

3. Nega Tangri Yahova hamda Iso Masihni tanib-bilishingiz muhim?

3 Iso to‘g‘risida haqiqatni bilishingiz muhim. Nega deysizmi? Chunki Muqaddas Kitobda: «Abadiy hayotga ega bo‘lish uchun, Seni — tanho haq Xudoni va Sen yuborgan Iso Masihni tanib-bilish kerak»,— deb yozilgan. (Yuhanno 17:3) Ha, Parvardigor Yahova hamda Iso to‘g‘risida haqiqatni bilib olsangiz, yer yuzidagi jannatda abadiy yashay olasiz. (Yuhanno 14:6) Boz ustiga, Iso haqidagi bilim hozirning o‘zida ko‘p foyda keltiradi. Chunki u qanday yashash va o‘zgalar bilan munosabat qilish borasida a’lo o‘rnak qoldirgan. (Yuhanno 13:34, 35) Mazkur kitobning birinchi bobida Xudo to‘g‘risida haqiqatni bilib olgan edik. Endi esa Muqaddas Kitobda Iso haqida nima deyilganini bilib olamiz.

«BIZ MASIHNI TOPDIK!»

4 «Masih» so‘zi nimani anglatadi?

4 Isoning tug‘ilishidan ancha avval Yahova Muqaddas Kitobda yer yuziga Masihni yuborishi haqida va’da qilgan edi. «Masih» so‘zi «moylangan», ya’ni Xudoning maxsus vazifasini bajarish uchun tanlangan shaxsni anglatadi. Tangri Taolo Isoni Uning muhim topshirig‘ini bajarish uchun tanlab, unga o‘zgacha mavqe berdi. Masih Xudoning barcha va’dalarini amalga oshiradi. Ammo Iso tug‘ilishidan oldin ko‘plarni: «Masih kim bo‘lar ekan?» — degan savol qiziqtirgan edi.

5. Isoning shogirdlari nimaga amin edi?

5 Isoning shogirdlari u va’da qilingan Masih ekanidan shubhalanmagan. (Yuhanno 1:41) Ulardan biri Simun Butrus Isoga ochiqchasiga: «Siz — Masihsiz»,— deb aytgan. (Matto 16:16) Isoning Masih ekaniga biz qanday ishonch hosil qilishimiz mumkin?

6. Samimiy insonlar Masih kimligini bilib olishi uchun Yahova nima qildi?

6 Iso tug‘ilishidan ancha oldin, Xudoning payg‘ambarlari Masihga oid ko‘p bashoratlarni tafsilotlarigacha yozib qoldirgan. Bu tufayli esa odamlar Masih kim ekanini aniqlay olishardi. Qanday qilib deysizmi? Deylik, siz hech ko‘rmagan odamni gavjum bekatda kutib olishingiz kerak. Agar sizga bu odamning tashqi ko‘rinishini ta’riflab berishsa, uni tanib olishingiz oson bo‘ladi, to‘g‘rimi?! Shunga o‘xshab, Yahova O‘z payg‘ambarlari orqali Masih nima qilishi va u bilan nima sodir bo‘lishi borasida batafsil aytib bergan. Ushbu bashoratlarning bari amalga oshgani samimiy kishilarga Masih kimligini bilib olishga yordam beryapti.

7. Qaysi ikkita bashorat Iso va’da qilingan Masih ekanini isbotlaydi?

7 Bu bashoratlardan ikkitasini olaylik. Birinchisi, Iso tug‘ilishidan 700 yil avval, Mixo payg‘ambar Masih Baytlahm nomli shaharchada tug‘ilishi haqida bashorat qilgan edi. (Mixo 5:2) Iso aynan shu joyda tug‘ildi! (Matto 2:1, 3–9) Ikkinchisi, Doniyor payg‘ambar milodiy 29- yili Masih kimligi ma’lum bo‘lishi haqida bashorat qilgan edi. (Doniyor 9:25) Mana shu ikkita bashoratning o‘zi Iso va’da qilingan Masih ekanini yaqqol tasdiqlab turibdi. (13-ilovaga qarang.)

Iso suvga cho‘mganida Masih bo‘ldi

8, 9. Iso suvga cho‘mganida u Masih ekani qanday ma’lum bo‘ldi?

8 Yahova Isoning Masih ekanini yaqqol ko‘rsatdi. Isoning davrida Yahyo ismli payg‘ambar yashardi. Odamlar gunohlaridan tavba qilgani ramzi sifatida Yahyoning oldiga suvga cho‘mish uchun kelishardi. Yahova Yahyoga Masih kim ekanini ko‘rsatish uchun belgi berishini va’da qildi. Milodiy 29- yili Iso Iordan daryosida suvga cho‘mish uchun Yahyoning oldiga borganida Yahyo o‘sha belgini ko‘rdi. Biroq Iso gunohlaridan tavba qilish maqsadida suvga cho‘mmagan edi. Aksincha, Iso bu harakati bilan o‘zini Xudoning irodasini bajarish uchun bag‘ishlaganini ko‘rsatmoqchi edi. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Nihoyat Iso suvga cho‘mib chiqdi. Buni qarangki, osmon ochilib ketdi va Yahyo Xudoning muqaddas ruhi kaptar shaklida Isoning ustiga tushayotganini ko‘rdi. Osmondan esa: “Bu Mening sevikli O‘g‘limdir, undan mamnunman”,— degan sado keldi». (Matto 3:16, 17) Yahyo bu belgini ko‘rib, Xudoning so‘zlarini eshitganidan so‘ng, Isoning Masih ekanini tushundi. (Yuhanno 1:32–34) O‘sha kuni Yahova Isoning ustiga muqaddas ruhini yog‘dirdi va u Masih bo‘ldi. Xudo Yetakchi va Shoh qilib tanlagan shaxs aynan Iso edi. (Ishayo 55:4)

9 Muqaddas Kitob bashoratlari, Yahovaning O‘zi aytgan so‘zlari hamda Iso suvga cho‘mganida bergan belgisi Isoning Masih ekanini tasdiqlaydi. Ammo u qayerdan kelgan va qanday inson bo‘lgan? Keling, Muqaddas Kitobda bu borada nima deyilganini ko‘rib chiqaylik.

ISO QAERDAN KELGAN?

10. Muqaddas Kitobga ko‘ra, Iso yer yuziga kelishidan oldin qayerda yashagan?

10 Muqaddas Kitobga ko‘ra, Iso yer yuziga kelishidan ancha ilgari osmonda yashagan. Mixo payg‘ambar Masihning «kelib chiqishi qadim zamonlardan» ekani haqida aytgan edi. (Mixo 5:2) Isoning o‘zi inson qiyofasida tug‘ilishidan oldin osmonda yashagani haqida bir necha marotaba aytgan edi. (Yuhanno 3:13; 6:38, 62; 17:4, 5 ni o‘qing.) Yer yuziga kelishidan avval, u Yahova bilan yaqin munosabatda bo‘lgan.

11. Nega Iso Yahovaning nazarida juda qadrli?

11 Yahova uchun Iso juda qadrli shaxs hisoblanadi. Nima uchun deysizmi? Chunki Yahova uni barcha narsa va mavjudotlardan oldin yaratgan edi. Shu sababli, Iso «barcha mavjudotlar ichida to‘ng‘ich» deb aytilgan. (Kolosaliklarga 1:15) Yahova Isoni bevosita O‘zi yaratgani uchun ham Uning nazarida qadrli. Shu bois, Iso «yagona O‘g‘il» * deb atalgan. (Yuhanno 3:16) Shuningdek, qolgan barcha narsalarni yaratishda Iso Yahovaning yagona yordamchisi bo‘lgan. (Kolosaliklarga 1:16). Qolaversa, Iso «Kalom» deb nomlangan. Chunki Yahova Iso orqali farishtalar va insonlarga O‘z xabarini hamda yo‘l-yo‘riqlarini yetkazgan. (Yuhanno 1:14)

12. Iso va Xudo alohida shaxs ekanini qayerdan bilamiz?

12 Ba’zilar Isoni Xudo deb o‘ylaydi. Biroq bu fikr Muqaddas Kitobga ziddir. Mazkur kitobga ko‘ra, Isoni Xudo yaratgan. Demak, Isoning ibtidosi bo‘lgan. Lekin butun borliqning Yaratuvchisi Yahovaning ibtidosi bo‘lmagan. (Zabur 90:2) Iso Xudoyi Taologa teng bo‘lishni hatto xayoliga keltirmagan. Muqaddas Kitobda Yahova Isodan ulug‘ ekani haqida aniq qilib yozilgan. (Yuhanno 14:28 ni o‘qing; 1 Korinfliklarga 11:3) Yolg‘iz Yahova «Qodir Tangridir». (Ibtido 17:1) U koinotdagi eng buyuk va qudratli shaxsdir. (14-ilovaga qarang.)

13. Nima uchun Muqaddas Kitobda Iso haqida «ko‘rinmas Allohni o‘zida aks etadi» deb aytilgan?

13 Osmon va yerni yaratishdan ancha oldin, Yahova o‘g‘li Iso bilan birga milliardlab yillar davomi yaqindan hamkorlik qilgan. Bu tufayli ular bir-biriga qattiq bog‘lanib qolgani shubhasiz! (Yuhanno 3:35; 14:31) Iso Otasining fazilatlariga mukammal tarzda taqlid qilgani uchun Muqaddas Kitobda u haqida «ko‘rinmas Allohni o‘zida aks etadi» deb aytilgan. (Kolosaliklarga 1:15)

14. Qanday qilib Yahovaning ardoqli o‘g‘li Iso inson qiyofasida tug‘ildi?

14 Yahovaning ardoqli o‘g‘li Iso osmonni tark etib, yer yuzida inson qiyofasida tug‘ilishga tayyor bo‘lgan. Buning qanday iloji bor? Yahova mo‘jizaviy tarzda osmondagi Isoning hayotini bokira Maryamning bachadoniga ko‘chirdi. Shu yo‘sin, Maryam erkak kishining ishtirokisiz homilador bo‘ldi. Shunday qilib, Maryam mukammal o‘g‘il ko‘rib, ismini Iso qo‘ydi. (Luqo 1:30–35)

ISO QANDAY INSON BO‘LGAN?

15. Yahova bilan yanada yaqinroq tanishishingizga nima yordam beradi?

15 Muqaddas Kitobning Matto, Mark, Luqo hamda Yuhanno kitoblarini o‘qib, Isoning shaxsiyati, uning hayoti hamda fazilatlari haqida ko‘p narsani bilib olishingiz mumkin. Bu to‘rtta kitob Injil deb ataladi. Iso samoviy Otasiga o‘xshagani uchun u haqda o‘qiganlaringiz Tangri Yahova bilan yanada yaqinroq tanishishingizga yordam beradi. Iso bejizga: «Meni ko‘rgan, Otamni ham ko‘rgan bo‘ladi»,— deb aytmagan. (Yuhanno 14:9)

16. Iso nima haqda ta’lim bergan? Iso kimning nomidan ta’lim bergan?

16 Aksar insonlar Isoga «Ustoz» deya murojaat qilardi. (Yuhanno 1:38; 13:13) Uning ta’limotlari ichida eng muhimi «Shohlik haqidagi xushxabarni e’lon etish» bo‘lgan. Bu qanday Shohlik edi? Bu Xudoning samoviy hukumati bo‘lib, butun yer yuzi ustidan boshqaradi. Uning boshqaruvi ostida Xudoga itoatkor barcha insonlarga barakalar yog‘diriladi. (Matto 4:23) Iso nimaiki o‘rgatmasin, Yahovaning nomidan o‘rgatgan. U shunday degan: «Mening ta’limotim meniki emas, meni Yuborgannikidir». (Yuhanno 7:16) Yahova Uning Shohligi butun yer yuzini boshqarishi haqidagi xushxabarni insonlar eshitishini xohlagan. Iso ham buni yaxshi bilgan.

17. Iso qayerda ta’lim bergan? Nima uchun Iso boshqalarga ta’lim berish uchun vaqt va kuchini ayamagan?

17 Iso qayerda ta’lim bergan? Odamlar bor bo‘lgan hamma joyda. U shaharlarda, qishloqlarda, bozor maydonlarida, ma’bad va ibodatxonalarda hamda odamlarning uylarida ta’lim berib yurgan. U odamlar uning yoniga kelishini kutib o‘tirmagan. Aksincha, o‘zi ularning oldiga borgan. (Mark 6:56; Luqo 19:5, 6) Iso vaqt va kuchini ayamay odamlarga ta’lim bergan. Chunki Iso bu Xudoning irodasi ekanini tushungan va doim Unga bo‘ysungan. (Yuhanno 8:28, 29) Odamlarga rahmi kelgani uchun ham Iso ularga va’z qilgan. (Matto 9:35, 36 ni o‘qing.) U din rahbarlari xalqqa Xudo hamda Uning Shohligi to‘g‘risida haqiqatni o‘rgatmayotganini ko‘rgan. Shu sababli, u imkon qadar ko‘proq insonlar xushxabarni eshitishini istagan.

18. Shaxsan sizga Isoning qaysi fazilatlari ko‘proq yoqdi?

18 Iso odamlarni yaxshi ko‘rardi va ular uchun qayg‘urardi. U mehribon va muloqotga ochiq inson bo‘lgan. Hatto bolalar u bilan vaqt o‘tkazishni yoqtirardi. (Mark 10:13–16) Iso yuzxotirchilik qilmasdi. U poraxo‘rlik va adolatsizlikdan nafratlanardi. (Matto 21:12, 13) Isoning davrida ayollarni ko‘p huquqlardan mahrum etishardi va ularni kamsitishardi. Ammo Iso ayollarga doim hurmat ila muomala qilardi. (Yuhanno 4:9, 27) Iso chinakamiga kamtarin inson bo‘lgan. Misol uchun, Iso hatto bir safar shogirdlarining oyog‘ini yuvgan. Bu ishni odatda qullar qilardi. (Yuhanno 13:2–5, 12–17)

Iso qayerga bormasin va’z qilar edi

19. Iso odamlarning ehtiyojlarini yaxshi tushunganini hamda yordam qo‘lini cho‘zishga tayyor ekanini qaysi misollardan ko‘rsa bo‘ladi?

19 Iso odamlarning ehtiyojlarini yaxshi tushungani uchun ularga yordam bergisi kelardi. U odamlarga mo‘jizaviy tarzda shifo bergani buning yaqqol isbotidir. (Matto 14:14) Masalan, moxov kishi Isoning oldiga kelib: «Siz meni pok qila olasiz, faqat istasangiz bas»,— deya yolvorgan. Iso bu kishining dard-u azobini ko‘rib rahmi kelgan va unga yordam berishni istagan. Iso bu kishiga qo‘lini tekkizib: «Albatta istayman! Pok bo‘ling»,— degan. Shunda moxov kishi dardidan forig‘ bo‘lgan! (Mark 1:40–42) Bu kishi qanchalik baxtiyor bo‘lganini bir tasavvur qiling!

ISO HAMISHA ALLOHGA SADOQATLI BO‘LGAN

20, 21. Xudoga itoatkor bo‘lishda Iso qanday o‘rnak ko‘rsatdi?

20 Allohga sadoqatli qolishda Iso a’lo o‘rnak qoldirgan. Nimaiki yuz bermasin va dushmanlar uni ne ko‘yga solmasin, u Xudoga sadoqatli qolgan. Masalan, Shayton vasvasaga solganda Iso gunoh qilmagan. (Mark 1:40–42) Oila a’zolaridan ba’zilari uning Masih ekaniga ishonmay: «U aqldan ozibdi»,— deb aytishgan. Biroq Iso Xudoning ishini bajarishda davom etgan. (Mark 3:21) Dushmanlari shafqatsizlik qilgan bo‘lishsa-da, Iso Allohga sadoqatli qolgan va ulardan qasd olishni xayoliga keltirmagan. (1 Butrus 2:21–23)

21 O‘limi juda shafqatsiz va azobli bo‘lsa-da, Iso Alloh Yahovaga sadoqatli qolgan. (Filippiliklarga 2:8 ni o‘qing.) O‘limi arafasida uning boshidan nimalar o‘tganini bir tasavvur qiling: Isoni hibsga olishdi, soxta guvohlar uni Xudoga qarshi chiqqanlikda ayblashdi, poraxo‘r hakamlar uni hukm qilishdi, xalq uni masxara qildi, askarlar uni kaltaklab, azob ustuniga mixlashdi. Nafasi uzilayotganda Iso: «Amalga oshdi!» — deya xitob qildi. (Yuhanno 19:30) O‘limidan uch kun o‘tgach, Yahova uni tiriltirdi va unga ruhiy tana berdi. (1 Butrus 3:18) Bir necha hafta o‘tgach esa, Iso osmonga qaytib, «Allohning o‘ng tomoniga o‘tirdi» va Xudo uni Shoh sifatida tayinlashini kutdi. (Ibroniylarga 10:12, 13)

22. Iso samoviy Otasiga sadoqatli qolgani tufayli barchamiz qanday sharafga muyassar bo‘ldik?

22 Iso samoviy Otasiga sadoqatli qolgani tufayli barchamiz Yahova va’da qilganiday yer yuzidagi jannatda abadiy yashash imkoniga ega bo‘lamiz. Keyingi bobda qanday qilib Isoning o‘limi biz uchun abadiy hayotga yo‘l ochib berganini muhokama qilamiz.

^ 11- x.b. Yahova butun olamning Yaratuvchisi bo‘lgani uchun Ota deb atalgan. (Ishayo 64:8) Yahova Isoni yaratgani uchun Uning O‘g‘li deb nomlangan. Qolaversa, farishtalar hamda Odamato Xudoning o‘g‘illari deb nomlangan. (Ayub 1:6; Luqo 3:38)