Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

BESHINCHI BOB

To‘lov — Xudoning qimmatbaho hadyasi

To‘lov — Xudoning qimmatbaho hadyasi

1, 2. a) Qanday hadyani qimmatbaho deb bilar edingiz? b) Nega to‘lovni Xudoning eng qimmatbaho hadyasi desa bo‘ladi?

QANDAY hadyani qimmatbaho deb bilar edingiz? Uning narxi baland bo‘lishi shart emas, axir hadyaning qadri doim ham pul bilan o‘lchanmaydi-ku! Agar sizga aynan kerakli va sizni baxtiyor qiladigan narsani hadya qilishsa, siz u uchun minnatdor bo‘lasiz.

2 Xudo bizga bergan ko‘plab hadyalar ichida biz juda ham muhtoj bo‘lgan bir hadya bor. Dunyoda unga teng keladigan hadya yo‘q. Ushbu bobda biz abadiy yashay olishimiz uchun Yahova O‘g‘li Iso Masihni yer yuziga yuborgani haqida bilib olamiz. (Matto 20:28 ni o‘qing.) Yahova Isoni yer yuziga to‘lov sifatida yuborib bizni chindan ham sevishini isbotlagan.

TO‘LOV O‘ZI NIMA?

3. Odamlar nega o‘ladi?

3 To‘lov vositasida Yahova insoniyatni gunoh va o‘limdan ozod qiladi. (Efesliklarga 1:7) To‘lov nega kerak bo‘lganini tushunish uchun, ming yillar avval Adan bog‘ida nima yuz berganini bilib olishimiz lozim. Ilk ota-onamiz bo‘lmish Odamato va Momohavo gunoh qilishgan va shu sababli o‘lishgan. Ulardan gunohni meros qilib olganimiz uchun biz ham o‘lamiz. (9-ilovaga qarang.)

4. Muqaddas Kitobdan Odamato haqida nimalarni bilib olyapmiz?

4 Yahova ilk inson — Odamatoni yaratganida unga nihoyatda qadrli bir narsani bergan. U Odamatoga mukammal hayotni ato etgan. Odamato mukammal ong va tanaga ega edi. U hech qachon kasal bo‘lmay, qarimay va o‘lmay yashay olardi. Yahova Odamatoni yaratgani uchun unga xuddi otaday edi. (Luqo 3:38) Yahova u bilan muntazam gaplashib turardi. U Odamatoga undan nimalarni kutishini aniq tushuntirib bergandi va unga qiziqarli vazifa topshirgandi. (Ibtido 1:28–30; 2:16, 17)

5. Qaysi ma’noda Xudo Odamatoni «O‘ziga o‘xshash qilib» yaratgan?

5 Xudo Odamatoni «O‘ziga o‘xshash qilib» yaratgan. (Ibtido 1:27) Bu degani Yahova unga O‘zida bor fazilatlarni, jumladan, sevgi, donolik, adolat va kuchni baxsh etgan. U Odamatoga iroda erkinligini bergan. Odamato robot bo‘lmagan, to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri yo‘l tutish o‘zining ixtiyorida bo‘lgan. Agar u Xudoga quloq solishni tanlaganida, jannatmakon yerda abadiy yashay olardi.

6. Xudoga itoatsizlik qilib Odamato nimalarni yo‘qotdi? Bu bizga qanday ta’sir qilyapti?

6 Xudoga itoatsizlik qilish Odamatoga qimmatga tushdi. U o‘limga mahkum etildi, Yahova bilan o‘zgacha do‘stligini yo‘qotdi, mukammal hayotdan va jannatmakon uyidan mahrum bo‘ldi. (Ibtido 3:17–19) Odamato va Momohavo Allohga itoatsizlik qilishgani uchun abadiy yashashga ortiq umid qila olishmasdi. Odamatoning qilmishi tufayli «dunyoda gunoh paydo bo‘ldi, gunoh orqali esa o‘lim. Shu tariqa o‘lim barcha insonlarga o‘tdi, demak ularning barchasi gunoh qilgan». (Rimliklarga 5:12) Odamato gunoh qilganida, o‘zini-yu bizni gunoh va o‘lim qulligiga sotgan. (Rimliklarga 7:14) Endi biz uchun hech qanday umid yo‘qmi? Albatta bor.

7, 8. To‘lov o‘zi nima?

7 To‘lov o‘zi nima? Muqaddas Kitobdagi to‘lov tushunchasi o‘z ichiga asosan ikkita narsani oladi. Birinchidan, to‘lov — biror kishini ozod etish yoki garovga qo‘yilgan buyumni qaytarib olish uchun to‘lanadigan pul. Ikkinchidan, to‘lov — biror narsaning bahosini qoplash uchun to‘lanadigan haq yoki tovon.

8 Odamato gunohga qo‘l urib bizni o‘limga duchor qildi. Bu ulkan zararni hech bir nomukammal inson qoplay olmaydi. Biroq Yahova bizni gunoh va o‘lim qulligidan ozod qiladigan vositani — to‘lovni taqdim etdi. Keling, to‘lov qay yo‘sin to‘langanini va biz undan qanday foyda olishimiz mumkinligini bilib olaylik.

YAHOVA TO‘LOVNI QANDAY TAQDIM ETDI?

9. Qanday to‘lovga ehtiyoj bor edi?

9 Hech birimiz Odamato yo‘qotgan mukammal hayot uchun to‘lov to‘lay olmaymiz. Nega? Chunki barchamiz nomukammalmiz. (Zabur 49:7, 8) Faqatgina boshqa bir mukammal insonning hayoti to‘lov bo‘la olardi. Shuning uchun bunday to‘lov «munosib to‘lov» deyilgan. (1 Timo‘tiyga 2:6) To‘lov Odamato yo‘qotgan hayotning bahosiga teng bo‘lishi kerak edi.

10. To‘lov to‘lanishi uchun Yahova nima qildi?

10 To‘lov to‘lanishi uchun Yahova nima qildi? U O‘zining sevikli O‘g‘lini yer yuziga yubordi. O‘g‘il, ya’ni Iso Xudoning ilk ijodi edi. (1 Yuhanno 4:9, 10) U Otasini hamda samoviy makonini tashlab, yer yuziga kelishga tayyor edi. (Filippiliklarga 2:7) Yahova Isoning samodagi hayotini Maryam ismli qizning bachadoniga ko‘chirdi. Shu yo‘sin, Iso gunohdan xoli mukammal inson sifatida yer yuzida tug‘ildi. (Luqo 1:35)

Yahova biz uchun O‘z O‘g‘lini to‘lov sifatida berdi

11. Qanday qilib bitta odam butun insoniyat uchun to‘lov bera oldi?

11 Ilk inson Odamatoning Yahovaga itoatsizligi dastidan butun insoniyat mukammal hayotdan mahrum bo‘ldi. Boshqa bir inson Odamatoning barcha farzandlariga mukammal hayotni qaytarib bera olarmidi? Ha. (Rimliklarga 5:19 ni o‘qing.) Hech qachon gunoh qilmagan Iso mukammal hayotini to‘lov sifatida berdi. (1 Korinfliklarga 15:45) Uning mukammal hayoti Odamatoning barcha farzandlarini o‘limdan qutqara olardi. (1 Korinfliklarga 15:21, 22)

12. Nega Iso shuncha azobni boshdan kechirishi kerak edi?

12 Muqaddas Kitobda Iso o‘limidan oldin qanchalik azob chekkani haqida yozilgan. Uni shafqatsizlarcha qamchilashgan, ustunga mixlashgan va u juda qiynalib jon bergan. (Yuhanno 19:1, 16–18, 30) Nega Iso shuncha azobni boshdan kechirishi kerak edi? Chunki Shayton shunday da’vo qilgan ediki, shiddatli sinovlarga duchor bo‘lsa, hech bir inson Xudoga sodiq qolmaydi. Iso esa mukammal inson qanchalik qattiq azob chekmasin, Xudoga sodiq qola olishini isbotladi. Yahova Iso bilan qanchalik faxrlanganini bir tasavvur qiling! (Hikmatlar 27:11; 15-ilovaga qarang.)

13. To‘lov qay yo‘sin to‘landi?

13 To‘lov qay yo‘sin to‘landi? Milodiy 33-yili, yahudiylarning kalendari bo‘yicha nison oyining 14- kuni Yahova dushmanlar Isoni o‘ldirishiga yo‘l qo‘ydi. (Ibroniylarga 10:10) Uch kun o‘tgach, Yahova Isoni inson emas, ruhiy shaxs sifatida tiriltirdi. Keyinchalik Iso samoga, Otasining yoniga qaytganida mukammal insoniy hayotining bahosini to‘lov sifatida Yahovaga taqdim etdi. Boshqacha qilib aytganda, u yer yuzida mukammal inson sifatida yashash huquqini Xudoga berdi, Xudo esa bu huquqni Odamatoning avlodlariga taqdim eta olardi. (Ibroniylarga 9:24) Shu yo‘sin Yahova biz gunoh va o‘lim qulligidan ozod bo‘la olishimiz uchun to‘lovni taqdim etdi. (Rimliklarga 3:23, 24 ni o‘qing.)

TO‘LOV SIZGA QANDAY FOYDA KELTIRADI?

14, 15. Gunohlarimiz kechirilishi uchun nima qilishimiz kerak?

14 Xudoning qimmatbaho hadyasi bo‘lmish to‘lovdan hozirning o‘zida foyda olyapmiz. Kelajakda ham u bizga foyda keltiradi. Keling, ulardan ayrimlarini ko‘rib chiqaylik.

15 Gunohlarimiz kechiriladi. To‘g‘ri yo‘l tutish doim ham oson emas. Biz xatolar qilib turamiz, ya’ni noto‘g‘ri gapirishimiz va yomon ish qilib qo‘yishimiz mumkin. (Kolosaliklarga 1:13, 14) Gunohlarimiz kechirilishi uchun nima qilishimiz kerak? Qilgan gunohimizdan chinakamiga pushaymon bo‘lib, Yahovadan kamtarlik ila kechirim so‘rashimiz lozim. Shunda U bizni kechiradi va bunga shubhalanmasak ham bo‘ladi. (1 Yuhanno 1:8, 9)

16. Pok vijdonga ega bo‘lish uchun nima qilishimiz lozim?

16 Pok vijdonga ega bo‘lishimiz mumkin. Noto‘g‘ri ish qilganimiz uchun vijdonimiz qiynaganida, o‘zimizni ayblaymiz. Hatto umidsizlikka tushib, o‘zimizni hech narsaga arzimasday his qilishimiz mumkin. Ammo taslim bo‘lmasligimiz kerak. Chunki kechirim so‘rab Yahovaga yolvorganimizda, U bizni tinglashiga va kechirishiga amin bo‘lishimiz mumkin. (Ibroniylarga 9:13, 14) Yahova har qanday muammoyimiz va zaifligimiz haqida Unga bemalol aytishimizni istaydi. (Ibroniylarga 4:14–16) Bu tufayli Xudoning oldida pok vijdonga ega bo‘lishimiz mumkin.

17. Iso biz uchun o‘lgani tufayli qanday barakalarga ega bo‘lishimiz mumkin?

17 Abadiy yashashga umidimiz bor. «Gunohning evazi — o‘lim, Xudoning in’omi esa Hazratimiz Iso Masih vositasida abadiy hayotdir». (Rimliklarga 6:23) Iso biz uchun o‘lgani tufayli abadiy yashab, mukammal sog‘liqdan bahra olishimiz mumkin. (Vahiy 21:3, 4) Ammo bu barakalarga ega bo‘lish uchun nima qilishimiz lozim?

TO‘LOVNI QADRLASHINGIZNI QANDAY KO‘RSATA OLASIZ?

18. Yahova bizni yaxshi ko‘rishini qayerdan bilamiz?

18 Kimdir sizga ajoyib sovg‘a berganida, nimalarni his qilganingizni bir eslang. To‘lov barcha hadyalar ichida eng a’losi va bu uchun Yahovaga nihoyatda minnatdor bo‘lishimiz lozim. Yuhanno 3:16 da: «Alloh insoniyatni shu qadar qattiq sevdiki, hatto ular uchun yagona O‘g‘lini berdi»,— deyilgan. Ha, Yahova bizni shunchalik qattiq yaxshi ko‘radiki, biz uchun qadrli O‘g‘li Isoni qurbon qildi. Iso ham bizni yaxshi ko‘rishini bilamiz, chunki u biz uchun tayyorlik ila jonini berdi. (Yuhanno 15:13). To‘lov — Yahova hamda Iso bizni chinakamiga yaxshi ko‘rishining yaqqol dalili. (Galatiyaliklarga 2:20)

Yahova haqida bilim olganimiz sayin U bilan yaqin do‘st bo‘lib, Unga nisbatan sevgimiz ortadi

19, 20. a) Yahovaning do‘sti bo‘lish uchun nima qilishingiz lozim? b) Isoning to‘loviga ishonayotganingizni qanday ko‘rsata olasiz?

19 Mana Alloh bizni qanchalik sevishi haqida bilib oldik. Endi sizda ham Unga o‘z sevgingizni namoyon etish istagi tug‘ilgandir. Ammo kimnidir yaxshi ko‘rish va uning do‘sti bo‘lish uchun u bilan yaqindan tanishish lozim. Yuhanno 17:3 da Yahovani tanib-bilishimiz mumkinligi haqida aytilgan. Bunday qilsangiz Unga bo‘lgan sevgingiz ortib boradi, Uni mamnun qilishni istaysiz va Uning do‘sti bo‘lasiz. Shunday ekan, Muqaddas Kitobni tadqiq qilib Yahova haqida bilim olishda davom eting. (1 Yuhanno 5:3)

20 Isoning to‘lov qurbonligiga ishoning. Muqaddas Kitobda: «O‘g‘ilga ishongan kishi abadiy hayotga egadir»,— deyilgan. (Yuhanno 3:36) O‘g‘ilga ishonish deganda nima nazarda tutilgan? Bu — Iso o‘rgatgan narsalarga amal qilish degani. (Yuhanno 13:15) Shunchaki: «Isoga ishonaman»,— deyishning o‘zi yetarli emas. Iso bergan to‘lovga ishonsak, buni ishlarimiz bilan tasdiqlashimiz lozim. Zero Yoqub 2:26 da: «Ishlarsiz imon o‘likdir»,— deyilgan.

21, 22. a) Nega Qutlug‘ Kechlik marosimiga har yili borishimiz lozim? b) 6- va 7-boblarda nimani ko‘rib chiqamiz?

21 Qutlug‘ Kechlik marosimida qatnashing. O‘limidan oldingi kechada Iso shogirdlariga uning o‘limini xotirlab turishni buyurgan edi. Shu sababli biz ham har yili Qutlug‘ Kechlik yoki «Hazratimizning kechlik taomi» deb nomlangan ushbu marosimni o‘tkazamiz. (1 Korinfliklarga 11:20; Matto 26:26–28) Iso biz uchun o‘zining mukammal hayotini to‘lov sifatida berganini yodda tutishimizni istaydi. U shunday degan: «Buni meni eslab turish uchun qilinglar». (Luqo 22:19 ni o‘qing.) Qutlug‘ Kechlik marosimiga kelib, Yahova bilan Iso bizga namoyon etayotgan ulkan sevgi hamda to‘lov uchun minnatdor ekaningizni ko‘rsata olasiz. (16-ilovaga qarang.)

22 To‘lov bizga berilgan eng qimmatbaho hadyadir. (2 Korinfliklarga 9:14, 15) Ushbu bebaho hadya hayotdan ko‘z yumgan millionlab kishilarga ham foyda keltiradi. 6- va 7-boblarda buni atroflicha ko‘rib chiqamiz.