Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

TO‘QQIZINCHI BOB

Bu dunyoning oxiri yaqinmi?

Bu dunyoning oxiri yaqinmi?

1. Kelajak haqida qayerdan bilib olishimiz mumkin?

YANGILIKLARNI ko‘rayotib, ehtimol, o‘zingizga: «Dunyoda nimalar bo‘lyapti o‘zi?» — deb savol bergandirsiz. Darhaqiqat, dunyo kulfat-u falokatlarga to‘lib borayotgani bois, ko‘p odamlar bu dunyoning oxiri yaqin degan xulosaga kelishyapti. Chindan ham shundaymi? Kelajakda bizni nima kutayotgani haqida bilishning iloji bormi? Ha, bor. Odamlar nima yuz berishini oldindan ayta olmasa-da, Xudovand Yahova buni qila oladi. U bizni va yer yuzini kelajakda nimalar kutayotganini Muqaddas Kitob orqali oshkor etmoqda. (Ishayo 46:10; Yoqub 4:14)

2, 3. Isoning shogirdlari nima haqida bilmoqchi bo‘lgan va Iso ularga qanday javob bergan?

2 Muqaddas Kitobda bu dunyoning oxiri haqida aytilganida, Yer sayyorasiga emas, yovuzlikka chek qo‘yilishi nazarda tutiladi. Iso payg‘ambar Xudoning Shohligi yer yuzi ustidan boshqarishi haqida aytgan. (Luqo 4:43) Uning shogirdlari Xudoning Shohligi qachon kelishi haqida bilmoqchi bo‘lib, Isodan shunday deb so‘rashgan: «Bizga ayting-chi, bu voqealar qachon yuz beradi? Sizning hozir bo‘lishingizni va zamon oxirlab borayotganini qaysi belgidan bilib olamiz?» (Matto 24:3) Iso ularga aniq bir sanani emas, balki bu dunyoning so‘ngi kelishidan avval nimalar yuz berishi haqida aytgan. U aytgan narsalarning bari hozirgi paytda sodir bo‘lyapti.

3 Ushbu bobda dunyoning oxiri yaqinlashib qolgan paytda yashayotganimizni ko‘rsatuvchi belgilarni muhokama qilamiz. Avvaliga osmonda yuz bergan jang haqida bilib olishimiz lozim. Shundagina nega yer yuzida ahvol shunchalik ayanchli ekanini tushuna olamiz.

OSMONDAGI JANG

4, 5. a) Iso Shoh bo‘lganidan ko‘p o‘tmay osmonda nima yuz berdi? b) Vahiy 12:12 ga ko‘ra Shayton osmondan otilgach, yer yuzida nimalar sodir bo‘lishi kerak edi?

4 Iso 1914-yili samoda Shoh sifatida boshqara boshlagani haqida 8-bobdan bilib oldik. (Doniyor 7:13, 14) O‘shanda nima yuz bergani haqida Vahiy kitobida shunday deyilgan: «Osmonda jang bo‘ldi: Mikoil [ya’ni Iso] o‘z farishtalari bilan ajdahoga [Shaytonga] qarshi jang qildi. Ajdaho ham o‘z farishtalari bilan ularga qarshi chiqdi» *. Shayton hamda uning jinlari jangda mag‘lubiyatga uchrab, yer yuziga uloqtirildi. Osmonda qanchalik xursandchilik bo‘lganini bir tasavvur qiling! Ammo yer yuzidagi insonlarning ahvoli ne kechdi? Muqaddas Kitobda insoniyat uchun bu nihoyatda qayg‘uli payt bo‘lishi haqida aytilgan edi. Nega? Muqaddas Kitobda shunday javobni o‘qiymiz: «Iblis vaqti oz qolganini bilib, mudhish qahr-g‘azab ila oldingizga tushdi». (Vahiy 12:7, 9, 12)

5 Iblis bor kuchini ishga solib yer yuzida g‘am-qayg‘u ko‘payishiga harakat qilyapti. Chunki Xudo uning yer yuzidagi faoliyatini cheklab qo‘yishiga oz qolgan. Buni bilib u rosa g‘azabga mingan. Keling, Iso oxirzamonda sodir bo‘ladigan voqealar haqida nima deganini ko‘rib chiqaylik. (24-ilovaga qarang.)

OXIRZAMON

6, 7. Iso payg‘ambarning urushlar va ocharchilik haqidagi bashorati bugungi kunda qay yo‘sin amalga oshyapti?

6 Urush. Iso: «Xalq xalqqa qarshi, podshohlik podshohlikka qarshi ko‘tariladi»,— degan. (Matto 24:7) Bizning davrimizdagi urushlarda shunchalik ko‘p odam halok bo‘lyaptiki, insoniyat tarixining hech bir davrida bunaqasi bo‘lmagan. Dunyoda bo‘layotgan voqealarni o‘rganuvchi bir tashkilotning hisobotiga ko‘ra, 1914-yildan beri urushlarda 100 milliondan oshiq odam o‘lgan. 1900–2000-yillar oralig‘ida sodir bo‘lgan urushlarda o‘lganlar soni 1900-yilgacha bo‘lgan urushlarda o‘lganlardan ko‘ra uch baravar ko‘p. («Worldwatsh Institute») Urushlar tufayli millionlab odamlar chekayotgan qayg‘u-alamni bir tasavvur qiling!

7 Ocharchilik. Iso shunday degan: «Oziq-ovqat yetishmovchiligi... bo‘ladi». (Matto 24:7) Hozirgi kunda har qachongidan ham ko‘proq oziq-ovqat ishlab chiqarilmoqda, ammo ancha odamlar to‘yib ovqat yemayapti. Nega? Sababi, ovqat sotib olish uchun odamlarda na yetarlicha puli bor, na hosil yetishtirish uchun yeri bor. Milliarddan ziyod odamlar kuniga bir dollardan ham ozroq pulga yashayapti. Jahon sog‘likni saqlash tashkilotining hisobotiga ko‘ra, yiliga millionlab bolalar yetarlicha ovqatlanmagani uchun kasal bo‘lib o‘lyapti.

8, 9. Isoning zilzilalar va kasalliklar haqidagi bashorati amalga oshayotgani nimadan ko‘rinyapti?

8 Zilzilalar. Iso: «Kuchli zilzilalar yuz beradi»,— deb bashorat qilgan edi. (Luqo 21:11) Hozirgi paytda har yili kuchli zilzilalar yuz berishi kutiladi. 1900-yildan buyon zilzilalar tufayli ikki milliondan ziyod odam halok bo‘lgan. Zamonaviy texnologiyalar zilzilalarni oldindan aniqlashga yordam bersa-da, ko‘plab odamlar ularning qurboniga aylanmoqda.

9 Kasalliklar. Iso «o‘latlar» bo‘lishini ham bashorat qilgan edi. Xavfli kasalliklar tezda tarqalib, ko‘pchilikni hayotdan olib ketyapti. (Luqo 21:11) Shifokorlar ko‘pgina kasalliklarni davolashni o‘rganishgan bo‘lsa-da, bedavolari ham bor. Bir hisobotda aytilishicha, har yili sil, bezgak hamda vabo kabi xastaliklar dastidan millionlab odamlar olamdan o‘tmoqda. Bundan tashqari, shifokorlar 30 ta yangi kasallikni aniqlashgan va ulardan ayrimlari bedavo.

OXIRZAMON ODAMLARI

10. Bugungi kunda 2 Timo‘tiyga 3:1–5 dagi bashorat qanday amalga oshyapti?

10 Muqaddas Kitobda: «Oxirzamonda nihoyatda og‘ir vaqtlar keladi»,— deyilgan. (2 Timo‘tiyga 3:1–5) Havoriy Pavlus ko‘p odamlarning fe’l-atvori qanday bo‘lishini quyidagicha tasvirlagan:

  • xudbin

  • pulparast

  • ota-onaga itoatsiz

  • sadoqatsiz

  • oilasiga mehr-oqibatsiz

  • o‘zini tuta bilmaydigan

  • shafqatsiz va tajovuzkor

  • Allohni emas, aysh-ishratni sevadigan

  • o‘zlarini xudojo‘y ko‘rsatib, aslida Xudoga quloq solmaydigan

11. Zabur 92:7 ga ko‘ra yovuz odamlar bilan nima bo‘ladi?

11 Siz yashaydigan joyda ham ko‘pchilik o‘zini shunday tutadimi? Dunyo bunday odamlarga to‘lib-toshgan. Biroq Xudo yaqinda chora ko‘radi. U shunday deb va’da bermoqda: «Yovuzlarning maysa kabi o‘sib ketishi, yomonlik qiluvchilarning gullab-yashnashi — abadiy yo‘q bo‘lib ketishi uchundir». (Zabur 92:7)

OXIRZAMONDAGI XUSHXABAR

12, 13. Oxirzamon mobaynida Yahova bizga nimalarni ochib berdi?

12 Muqaddas Kitobda oxirzamonda dunyo azob-uqubatlarga to‘lib-toshishi haqida bashorat qilingan. Ammo unda aytilishicha, yaxshi voqealar ham yuz beradi.

«Shohlik haqidagi xushxabar... butun dunyo bo‘ylab va’z qilinadi». (Matto 24:14)

13 Muqaddas Kitobni tushunish. Doniyor payg‘ambar oxirzamon haqida shunday deb yozgan: «Aniq bilim mo‘l-ko‘l bo‘ladi». (Doniyor 12:4) Alloh O‘z xalqiga Muqaddas Kitobni har qachongidan ham aniqroq tushunish qobiliyatini ato etadi. Yahova buni ayniqsa 1914-yildan buyon amalga oshiryapti. Masalan, U bizga ismi qanchalik muhimligi, yerga nisbatan niyati, to‘lov, odam o‘lganida nima yuz berishi va tirilish haqida ta’lim berib kelmoqda. Qolaversa, faqatgina Xudoning Shohligi barcha muammolarimizni hal qila olishi haqida bilib oldik. Qay yo‘sin baxtga erishish mumkinligini va Xudoga ma’qul hayot kechirishni o‘rgandik. Ammo Xudoning xizmatchilari bu bilimlarni qay yo‘sin qo‘llashyapti? Muqaddas Kitobdagi boshqa bir bashorat bu savolga javob bo‘la oladi. (21- va 25-ilovalarga qarang.)

14. Shohlik haqidagi xushxabar qayerda va kim tomonidan e’lon qilinyapti?

14 Dunyo bo‘ylab va’zgo‘ylik ishi. Iso oxirzamon to‘g‘risida gapirayotib quyidagicha aytgan: «Shohlik haqidagi xushxabar hamma xalqlarga shahodat berilishi uchun butun dunyo bo‘ylab va’z qilinadi». (Matto 24:3, 14) Shohlik haqidagi xushxabar 240 ta mamlakat va hududlarda 900 dan ziyod tillarda e’lon qilinyapti. Ha, butun yer yuzi bo‘ylab «har bir millatdan, qabiladan» bo‘lgan Yahovaning Shohidlari barcha odamlarga Xudoning Shohligi nima ekani va u insoniyat uchun nimalar qilishini bilib olishga yordam berishyapti. (Vahiy 7:9) Buning evaziga ular hech qanday haq olishmayapti. Garchi ko‘pchilik ulardan nafratlanib, quvg‘un qilayotgan bo‘lsa-da, Iso bashorat qilganidek va’zgo‘ylik ishini hech nima to‘xtata olmaydi. (Luqo 21:17)

SIZ QANDAY YO‘L TUTASIZ?

15. a) Oxirzamonda yashayotganimizga ishonasizmi? Nima sababdan? b) Yahovaga itoat etayotgan va itoat etmayotganlar bilan nima bo‘ladi?

15 Oxirzamonda yashayotganimizga ishonasizmi? Muqaddas Kitobdagi oxirzamonga tegishli bashoratlar bugungi kunda amalga oshmoqda. Tez orada Yahova xushxabarni va’z qilish ishini to‘xtatadi va «oxirat bo‘ladi». (Matto 24:14) «Oxirat» so‘zi ostida Xudo Armageddon jangida yer yuzidan butun yovuzlikni yo‘q qilishi nazarda tutiladi. Iso va qudratli farishtalaridan foydalanib, Yahova Unga va O‘g‘liga itoat etmayotgan barcha odamlarni yo‘q qiladi. (2 Salonikaliklarga 1:6–9) O‘shanda Shayton va jinlari odamlarni ortiq yo‘ldan ozdira olmaydi. Xudoga bo‘ysunib, Samoviy Shohlik boshqaruvini qo‘llab-quvvatlayotganlar Uning hamma va’dalari amalga oshishini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishadi. (Vahiy 20:1–3; 21:3–5)

16. Oxirat yaqin ekan sizdan nima qilish kutiladi?

16 Shaytonning boshqaruvi ostidagi ushbu dunyo yaqinda o‘z nihoyasiga yetadi. Shuning uchun o‘zimizdan: «Mendan nima kutiladi?» — deb so‘rashimiz juda muhim. Yahova Muqaddas Kitobni iloji boricha chuqurroq o‘rganishingizni istaydi. Shuning uchun Muqaddas Kitobni tadqiq qilishga jiddiy yondashing. (Yuhanno 17:3) Yahovaning Shohidlari har hafta yig‘ilishlar o‘tkazishadi va bu uchrashuvlar Muqaddas Kitobni yaxshiroq tushunishga yordam beradi. Ularga muntazam qatnashga harakat qiling. (Ibroniylarga 10:24, 25 ni o‘qing.) Agar o‘zgarishingiz kerakligini tushunsangiz, bu qadamni qo‘yishdan qo‘rqmang. Bunday yo‘l tutsangiz, Yahova bilan do‘stligingiz yanada mustahkam bo‘ladi. (Yoqub 4:8)

17. Nega yovuzlikka chek qo‘yilishi kutilmagan voqea bo‘ladi?

17 Havoriy Pavlus yovuzlikka chek qo‘yilishi ko‘pchilik kutmagan paytda, xuddi «o‘g‘ri tunda kelgandek» sodir bo‘lishini tushuntirgan. (1 Salonikaliklarga 5:2) Iso ko‘plar oxirzamonda yashayotganimizning dalillariga beparvo bo‘lishini bashorat qilgan. U shunday degan: «Nuh payg‘ambar davrida qanday bo‘lgan bo‘lsa, Inson O‘g‘li hozir bo‘lganida [yoki oxirzamonda] ham shunday bo‘ladi. To‘fondan oldin, Nuh payg‘ambar kemaga kirguncha, odamlar yeb-ichishgan, uylanib, erga tegishgan. Ammo To‘fon kelib barini qirib tashlamaguncha, ular parvo qilishmagan. Inson O‘g‘li hozir bo‘lganida ham xuddi shunday bo‘ladi». (Matto 24:37–39)

18. Iso bizni nimadan ogohlantirgan?

18 Iso bizni shunday ogohlantirgan: «Yuraklaringizni ortiqcha yegulik, ichkilik va turmush tashvishlari egallab olmasin». Demak, bu ishlar bizni chalg‘itishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Iso oxirat «to‘r» tushganday nogahon kelishi haqida aytgan. Shuningdek, u: «O‘sha kun yer yuzida yashovchi barchaning boshiga tushadi»,— degan. Keyin esa mana bu so‘zlarni qo‘shib qo‘ygan: «Shunday ekan, yuz beradigan bu voqealardan omon qolib, Inson O‘g‘lining oldida tura olish uchun, Allohga doimo iltijo qilib, hushyor turinglar». (Luqo 21:34–36) Nima uchun Isoning ogohlantirishiga quloq solish muhim? Chunki yaqinda Shaytonning yovuz dunyosi yakson qilinadi. Faqatgina Yahova bilan Isoning roziligini olganlar oxiratda omon qoladi va yangi dunyoda abadiy yashaydi. (Yuhanno 3:16; 2 Butrus 3:13)

^ 4- x.b. Mikoil — Iso Masihning boshqa ismi. Bu haqida ko‘proq ma’lumot olish uchun 23-ilovaga qarang.