Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

O‘N TO‘RTINCHI BOB

Baxtli oilaviy hayot

Baxtli oilaviy hayot

1, 2. Yahova barcha oilalarga nimani tilaydi?

TANGRI YAHOVA nikohning asoschisidir. Muqaddas Kitobda Xudo ilk ayolni yaratib, «uni odamning oldiga keltirgani» haqida o‘qiymiz. Odamato xursand bo‘lib: «Mana, nihoyat mening suyagimdan olingan suyak, mening etimdan olingan et»,— deb aytgan. (Ibtido 2:22, 23) Bundan ko‘rinyaptiki, Yahova nikoh qurgan odamlar baxtli bo‘lishini xohlaydi.

2 Afsuski, bugungi kunda baxtsiz oilalar juda ko‘p. Ammo Muqaddas Kitobda ko‘plab prinsiplar bor. Ular barcha oila a’zolariga hamjihatlikda yashab, baxtli bo‘lishga ko‘maklashadi. (Luqo 11:28)

YAXSHI ER QANDAY BO‘LADI?

3, 4. a) Er rafiqasiga qanday muomala qilishi kerak? b) Nega er-xotinlar kechirimli bo‘lishi muhim?

3 Muqaddas Kitobda yaxshi er xotinini sevib ardoqlashi kerakligi haqida aytilgan. Iltimos, Efesliklarga 5:25–29 ni o‘qing. Er hamisha xotiniga mehr bilan muomala qiladi. U xotinini himoya qilib, unga g‘amxo‘rlik ko‘rsatadi, uni so‘kmaydi va urmaydi.

4 Lekin xotini noto‘g‘ri yo‘l tutsa-chi? Erlarga shunday maslahat berilmoqda: «Xotinlaringizni sevinglar va ularga g‘azablanmanglar». (Kolosaliklarga 3:19) Erlar, o‘zingiz ham adashib turishingizni unutmanglar. Agar Xudo sizni kechirishini xohlasangiz, xotiningizni kechirishingiz lozim. (Matto 6:12, 14, 15) Er-xotin bir-birini kechirishga tayyor bo‘lsa, nikohda baxtli bo‘ladi.

5. Nima uchun er o‘z xotinini e’zozlashi darkor?

5 Yahova er o‘z xotinini e’zozlashini kutadi. Er xotinining jismoniy va hissiy ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilishi kerak. Bu nihoyatda jiddiy masala. Mabodo er xotiniga yomon muomala qilsa, Yahova uning ibodatlarini tinglamaydi. (1 Butrus 3:7) Xudo erkakni ayoldan ustun deb hisoblamaydi. Yahova Unga sevgini namoyon etayotgan barchani birday ko‘radi.

6. Er va xotin uchun «bir tan» bo‘lish nimani anglatadi?

6 Iso er-xotin haqida: «Endi ular ikki emas, bir tan hisoblanadi»,— deb aytgan edi. (Matto 19:6) Ular bir-biriga sadoqatli qolib, hech qachon xiyonat qilmasligi kerak. Erning faqat bitta xotini, xotinning esa faqat bitta eri bo‘lishi lozim. (Hikmatlar 5:15–21; Ibroniylarga 13:4) Er-xotin bir-birining jinsiy ehtiyojini qondirishi va faqat o‘zini o‘ylamasligi darkor. (1 Korinfliklarga 7:3–5) Er shuni yodda tutadiki, «hech bir kishi o‘z tanasidan nafratlanmaydi, aksincha, uni oziqlantirib, ardoqlaydi». Demak, u xotinini sevib ardoqlashi kerak. Chunki xotin eri unga mehr ko‘rsatib sevishini xohlaydi. (Efesliklarga 5:29) Rasmiylashtirilgan nikoh ota-ona va bolalar o‘zlarini baxtli hamda sevimli his qilishiga zamin yaratadi. Xudoga bo‘ysunishni istagan kishilar nikohni ro‘yxatdan o‘tkazish borasidagi mahalliy qonunlarga amal qilishi lozim. (Luqo 2:1, 4, 5)

YAXSHI XOTIN QANDAY BO‘LADI?

7. Nega oilaning boshi bo‘lishi kerak?

7 Har bir oila a’zosi o‘z vazifasini yaxshi bajara olishi uchun unga yo‘l ko‘rsatadigan bosh bo‘lishi kerak. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Har bir erkakning boshi Masih, ayolning boshi erkak, Masihning boshi esa Xudodir». (1 Korinfliklarga 11:3)

8. Qanday qilib xotin erini chuqur hurmat qilayotganini ko‘rsata oladi?

8 Albatta er xato qilib turadi. Biroq xotin erining qarorlarini qo‘llab-quvvatlasa va tayyorlik ila hamkorlik qilsa, oila gullab-yashnaydi. (1 Butrus 3:1–6) Xudoning Kalomida: «Xotin erini chuqur hurmat qilsin»,— deb yozilgan. (Efesliklarga 5:33) Mabodo er xotinining e’tiqodini qabul qilmasa-chi? Shunda ham xotin erini chuqur hurmat qilishi lozim. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Siz xotinlar erlaringizga bo‘ysuninglar. Toki Xudo Kalomiga quloq solmaydigan erlaringiz so‘zlaringiz orqali emas, xulq-atvoringiz orqali zabt etilsinlar. Shuningdek, ular benuqson xatti-harakatingizni va chuqur hurmat qilishingizni ko‘rishsin». (1 Butrus 3:1, 2) Agar xotin Muqaddas Kitob prinsiplari asosida yashasa, er xotini uchun uning e’tiqodi muhim ekanini tushunadi va hurmat qiladi.

9. a) Agar xotin erining fikriga qo‘shilmasa nima qilishi kerak? b) Titusga 2:4, 5 da xotinlarga qanday maslahat berilmoqda?

9 Agar xotin erining fikriga qo‘shilmasa-chi? Shunday bo‘lsa-da, xotin o‘z fikrini hurmat bilan aytishi kerak. Misol uchun, Soraning gapi Ibrohimga yoqmasa-da, Tangri Yahova: «Uning gaplariga quloq sol»,— degan. (Ibtido 21:9–12) Odatda xudojo‘y erlar Muqaddas Kitobga muvofiq qarorlar chiqaradi. Shuning uchun, xotinlar ularni qo‘llab-quvvatlasa yaxshi bo‘ladi. (Havoriylar 5:29; Efesliklarga 5:24) Yaxshi xotin oilasiga g‘amxo‘rlik qiladi. (Titusga 2:4, 5 ni o‘qing.) U oilasiga jon kuydirib g‘amxo‘rlik qilsa, eri va bolalari uni yanada ko‘proq sevib hurmat qilishadi. (Hikmatlar 31:10, 28)

Sora xotinlarga qanday ajoyib o‘rnak ko‘rsatdi?

10. Muqaddas Kitobda alohida yashash yoki ajrashish haqida nima deyilgan?

10 Ba’zida er va xotin alohida yashash yoki ajrashish haqida shoshilib qaror chiqarishadi. Lekin Muqaddas Kitobda: «Xotin erini tashlab ketmasin... Er ham xotinini tashlab ketmasin»,— deb aytilgan. (1 Korinfliklarga 7:10, 11) Shunday vaziyatlar borki, er-xotinlar alohida yashashga qaror qilishi mumkin. Ammo bu juda jiddiy qaror. Muqaddas Kitobda ajrashish haqida nima deyilgan? Mazkur kitobda ajrashishga yagona jiddiy sabab bor. Bu ham bo‘lsa er yoki xotin zino qilsa *. (Matto 19:9)

YAXSHI OTA-ONA QANDAY BO‘LADI?

Oilaning har bir a’zosi Isodan o‘rnak olishi mumkin

11. Farzandlar birinchi navbatda nimaga muhtoj?

11 Ota-onalar, farzandlaringiz bilan imkon qadar ko‘proq vaqt o‘tkazing. Ular sizning e’tiboringizga muhtoj. Biroq eng muhimi, ular Yahova haqida ta’lim berishingizga muhtoj. (Qonunlar 6:4–9)

12. Ota-onalar farzandlarini qanday himoya qilishi kerak?

12 Bu dunyo yovuzlashib boryapti. Ba’zi odamlar farzandlarimizga ziyon yetkazmoqchi bo‘ladi yoki hatto nomusiga tajovuz qilishga urinadi. Ayrim ota-onalar bu mavzuda bolalari bilan gaplashishga uyaladi. Biroq ota-onalar farzandlarini bu xavfdan ogoh etishi va shunday odamlardan qay yo‘sin himoyalanishni o‘rgatishi kerak. Farzandlarni himoya qilish ota-onaning burchi *. (1 Butrus 5:8)

13. Ota-ona farzandlariga qanday ta’lim berishi kerak?

13 Ota-onaga odob-axloq masalasida farzandlariga ta’lim berish mas’uliyati yuklangan. Siz bolalaringizga qanday ta’lim berasiz? To‘g‘ri, farzandlaringizga ta’lim berishingiz kerak. Ammo ularni tuzatayotganda shafqatsiz yoki qattiqqo‘l bo‘lmasligingiz lozim. (Yeremiyo 30:11) Shunday ekan, hech qachon farzandlaringizga jahl ustida tarbiya bermang. Aks holda, so‘zlaringiz bilan ularni «qilichday jarohatlashingiz» mumkin. (Hikmatlar 12:18) Ularga nima uchun itoatli bo‘lish muhim ekanini tushuntiring. (Efesliklarga 6:4; Ibroniylarga 12:9–11; 30-ilovaga qarang.)

YAXSHI FARZANDLAR QANDAY BO‘LADI?

14, 15. Nima uchun bolalar ota-onasiga itoatli bo‘lishi kerak?

14 Iso doim, hatto qiyin bo‘lganda ham Otasiga quloq solgan. (Luqo 22:42; Yuhanno 8:28, 29) Yahova farzandlardan ota-onaga itoatli bo‘lishni kutadi. (Efesliklarga 6:1–3)

15 Bolalar, ota-onangizga itoat etish qiyin bo‘lsa ham, ularga quloq soling. Unutmangki, shunday yo‘l tutib Yahovaning hamda ota-onangizning qalbini xursand qilasiz *. (Hikmatlar 1:8; 6:20; 23:22–25)

Yomonlik qilishga og‘dirmoqchi bo‘lishsa, yoshlarga Xudoga sadoqatli qolishga nima yordam beradi?

16. a) Qanday qilib Shayton yoshlarni yomon ishlar qilishga og‘dirishi mumkin? b) Nima uchun Yahovani sevadigan insonlar orasida do‘st topish muhim?

16 Shayton do‘stlaringiz yoki boshqa tengdoshlaringiz orqali sizni yomon ish qilishga undashi mumkin. U bunday bosimga dosh berish qiyin bo‘lishini biladi. Masalan, Yoqubning qizi Dina Yahovani sevmaydigan kishilar bilan do‘stlashgan. Oqibatda bu nafaqat unga, balki butun oilasiga ko‘p tashvish keltirgan. (Ibtido 34:1, 2) Agar sizning ham do‘stlaringiz Yahovani sevmasa, ular sizni Yahova yomon ko‘radigan ishlarni qilishga og‘dirishi mumkin. Oqibatda o‘zingizga, oila a’zolaringizga va Xudoga ko‘p qayg‘u keltirgan bo‘lasiz. (Hikmatlar 17:21, 25) Shu sababli Yahovani sevadigan insonlar orasida do‘st topishingiz juda muhim. (1 Korinfliklarga 15:33)

OILANGIZ BAXTLI BO‘LSIN!

17. Har bir oila a’zosining qanday mas’uliyati bor?

17 Oila a’zolari Xudoning yo‘l-yo‘riqlariga amal qilishsa, ko‘p tashvish va muammolarning oldini olishadi. Erlar, xotiningizni sevib uni ardoqlang. Xotinlar, eringizni hurmat qilib, unga bo‘ysuning hamda Hikmatlar 31:10–31 dagi ayolga taqlid qiling. Ota-onalar, farzandlaringizni Xudoni sevishga o‘rgating. (Hikmatlar 22:6) Otalar, oilangizni yaxshi boshqaring. (1 Timo‘tiyga 3:4, 5; 5:8) Va nihoyat farzandlar, ota-onangizga itoatli bo‘ling. (Kolosaliklarga 3:20) Shuni unutmangki, oilada hamma xatoga yo‘l qo‘yadi. Shunday ekan, kamtarin bo‘lib bir-biringizdan kechirim so‘rang. Ha, Muqaddas Kitobda oilaning har bir a’zosiga tegishli Yahovaning maslahatlari bor.

^ 10- x.b. Alohida yashash va ajrashish haqida ko‘proq ma’lumot olmoqchi bo‘lsangiz, Yahovaning Shohidlari tomonidan chop etilgan «O‘zingizni Xudoning mehr-muhabbati soyasida saqlanglar» nomli kitobning 219–221-sahifalariga qarang.

^ 12- x.b. Bu mavzuda ko‘proq ma’lumot olish uchun Yahovaning Shohidlari tomonidan chop etilgan «Ulug‘ Ustozga quloq soling» nomli kitobning 32-bobiga qarang.

^ 15- x.b. Ota-ona Xudoning amriga zid narsani talab qilgandagina, bola ularga itoat qilmasligi mumkin. (Havoriylar 5:29)