Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

O‘N BESHINCHI BOB

Xudoga ma’qul topinish

Xudoga ma’qul topinish

1. Xudoga qay yo‘sin topinishimiz kerakligini kim ayta oladi?

KO‘P dinlar Xudo to‘g‘risida haqiqatni o‘rgatishini da’vo qiladi. Lekin bu imkonsiz. Chunki ularning bari Xudo kimligi va Unga qanday topinish kerakligi haqida turlicha ta’lim beradi. Unda Xudoga ma’qul tarzda topinish haqida qayerdan bilsak bo‘ladi? Yahova Unga qay yo‘sin topinishimiz kerakligini ayta oladigan yagona Shaxs.

2. Yahovaga ma’qul tarzda topinishni qayerdan o‘rganishimiz mumkin?

2 Yahova Unga ma’qul tarzda topinishni o‘rganishimiz uchun Muqaddas Kitobni bergan. Muqaddas Kitobni tadqiq qiling. Shunda Yahova bu kitobdagi ta’limotlarni tushunishga va ularga amal qilishingizga yordam beradi, chunki U siz uchun juda qayg‘uradi. (Ishayo 48:17)

3. Xudo bizdan nimani kutadi?

3 Ayrim odamlar: «Xudo barcha dinlarni ma’qullaydi»,— deyishadi. Ammo Iso aksini o‘rgatgan. U shunday degan: «Menga: “Hazratim, Hazratim”,— deb murojaat qilgani bilan, har kim ham Samoviy Shohlikka kirolmaydi, faqat osmondagi Otamning xohishini bajargan kishigina bunga erishadi». Shuning uchun, avval Xudoning irodasi nimadan iborat ekanini bilib olishimiz, so‘ng shunga muvofiq yo‘l tutishimiz lozim. Bu nihoyatda jiddiy masala, sababi, Xudoga quloq solmaydigan kishilarni Iso jinoyatchilar yoki «qonunbuzarlar» bilan taqqoslagan. (Matto 7:21–23)

4. Iso Xudoning irodasini bajarish haqida nima degan?

4 Iso Xudoning irodasini bajarish doim ham oson bo‘lmasligi haqida aytgan. U shunday degan: «Tor darvozadan kiringlar, sababi halokatga olib boradigan darvoza keng, yo‘l esa enlidir. Ko‘plar shu yo‘ldan yuradi. Hayotga olib boradigan darvoza esa tang va yo‘li tordir. Bu yo‘lni topadiganlar oz». (Matto 7:13, 14) Tor yo‘l, ya’ni Xudoga ma’qul topinish abadiy hayotga yetaklaydi. Enli yo‘l, ya’ni Xudoga noma’qul topinish esa o‘limga olib boradi. Ammo Yahova hech kim halok bo‘lishini istamaydi. U hammaga O‘zi haqida bilim olish imkoniyatini taqdim etyapti. (2 Butrus 3:9)

XUDOGA MA’QUL TOPINISH

5. Kim Xudoga ma’qul tarzda topinayotganini qanday farqlasa bo‘ladi?

5 Iso kim Xudoga to‘g‘ri, kim noto‘g‘ri topinayotganini farqlay olishimiz mumkinligi haqida aytgandi. Buning uchun ular nimaga ishonishi va qanday ishlar qilayotganini ko‘rib chiqishimiz kerak. Iso: «Ularni ishlaridan [yoki “mevalaridan”, izoh] bilib olasizlar»,— degan. Keyin u: «Har bir yaxshi daraxt yaxshi meva beradi»,— deb qo‘shib qo‘ygan. (Matto 7:16, 17) To‘g‘ri, bu so‘zlar Xudoga topinayotganlar mukammal ekanini anglatmaydi. Ammo Xudoning xizmatchilari doim to‘g‘ri yo‘l tutishga intilishadi. Hozir, Xudoga ma’qul tarzda topinayotganlar boshqalardan nimasi bilan ajralib turishini ko‘rib chiqamiz.

6, 7. Nega haq topinish Muqaddas Kitobga asoslangan bo‘lishi lozim? Iso bizga qanday o‘rnak ko‘rsatgan?

6 Ta’limotlarimiz Muqaddas Kitobga asoslangan bo‘lishi lozim. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Muqaddas Yozuvlarning hammasi Xudo tomonidan ilhomlantirilgan bo‘lib, o‘rgatish, tanbeh berish, tuzatish, adolat yo‘lida tarbiyalash uchun foydalidir. Toki Allohning xizmatchisi har taraflama bilimga ega bo‘lib, har bir yaxshi ishga butunlayin tayyor tursin». (2 Timo‘tiyga 3:16, 17) Havoriy Pavlus masihiylarga quyidagicha yozgan: «Sizlar Xudoning kalomini bizdan eshitganingizda, buni inson so‘zi sifatida emas, balki Alloh kalomi sifatida qabul qilgansiz». (1 Salonikaliklarga 2:13) Haq topinish faqatgina Xudoning Kalomi bo‘lmish Muqaddas Kitobga asoslanadi. U insoniy g‘oyalar, urf-odatlar yoki boshqa narsalarga asoslanmaydi.

7 Isoning barcha ta’limotlari Alloh Kalomiga asoslangan edi. (Yuhanno 17:17 ni o‘qing.) U gapirganda ko‘pincha Muqaddas Kitobdan oyatlar keltirardi. (Matto 4:4, 7, 10) Haq Xudoning xizmatchilari Isoga taqlid qilib, barcha ta’limotlarini Muqaddas Kitobga asoslashadi.

8. Iso Xudoga topinish haqida nimalarni o‘rgatgan?

8 Biz faqatgina Yahovaga topinishimiz kerak. Zabur 83:18 da: «Xalqlar isming Yahova ekanini, zamin uzra yolg‘iz Sen Alloh Taolo ekaningni bilib olsin»,— deyilgan. Iso odamlar haq Xudo kimligini bilib olishlarini istagan va ularga Xudoning ismini ochib bergan. (Yuhanno 17:6 ni o‘qing.) Iso: «Allohing Yahovaga sajda qil, birgina Unga muqaddas xizmatni ado et»,— deb aytgan. (Matto 4:10) Allohning xizmatchilari sifatida biz ham Isoga taqlid qilamiz. Biz faqat Yahovaga topinamiz va Uning ismini qo‘llaymiz, masalan, U haqida gapirganda va ibodat qilganda. Shuningdek, boshqalarga Xudoning ismi va U biz uchun nimalar qilishi haqida ta’lim beramiz.

9, 10. Bir-birimizga qay yo‘sin sevgini namoyon etamiz?

9 Barcha odamlarni chin dildan sevishimiz darkor. Iso shogirdlarini bir-birini sevishga o‘rgatgan. (Yuhanno 13:35 ni o‘qing.) Qayerlik ekanimiz, madaniyatimiz qandayligi, boy yoki kambag‘al ekanimizning ahamiyati yo‘q. Sevgi bizni birodar-u opa-singillar sifatida birlashtiradi. (Kolosaliklarga 3:14) Shu bois biz urushga bormaymiz va odam o‘ldirmaymiz. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Xudoning va Iblisning bolalarini shundan bilsa bo‘ladi: to‘g‘ri ish qilib yurmaydigan va birodarini sevmaydigan, Allohdan emas». Davomida esa shunday so‘zlarni o‘qiymiz: «Bir-birimizni sevishimiz darkor. Shaytonning farzandi hisoblangan va ukasini o‘ldirgan Qobilga o‘xshamaylik». (1 Yuhanno 3:10–12; 4:20, 21)

10 Vaqtimiz, kuchimiz va moddiy narsalarimizdan bir-birimizga yordam hamda dalda berish uchun foydalanamiz. (Ibroniylarga 10:24, 25) Biz hammaga yaxshilik qilishga intilamiz. (Galatiyaliklarga 6:10)

11. Najot faqat Iso Masih orqali kelishiga nega ishonishimiz kerak?

11 Najot faqat Iso Masih orqali kelishiga ishonishimiz lozim. Allohning Kalomida: «Odamlarni undan boshqa hech kim qutqara olmaydi, chunki najot topishimiz uchun osmon-u falak ostida odamlarga berilgan boshqa ism yo‘q»,— deyilgan. (Havoriylar 4:12) 5-bobdan bilib olganimizday, Yahova Isoni itoatkor odamlar uchun o‘z hayotini to‘lov sifatida bergani yuborgan. (Matto 20:28) Yahova Isoni yer yuzi ustidan Shoh sifatida boshqarish uchun tanlagan. Muqaddas Kitobda aytilishicha, abadiy yashashni istasak, Isoga quloq solishimiz kerak. (Yuhanno 3:36 ni o‘qing.)

12. Nega siyosatga aralashmaymiz?

12 Biz siyosatga aralashmasligimiz kerak. Iso siyosatga aralashmagan. U rimlik hokim Pilatning oldida turganida: «Mening Shohligim bu dunyodan emas»,— degan edi. (Yuhanno 18:36 ni o‘qing.) Iso kabi biz ham Xudoning Shohligiga sodiqmiz. Shuning uchun, qayerda yashashimizdan qat’i nazar siyosatga aralashmaymiz. Ammo Muqaddas Kitobda «hukmron hokimiyatga» bo‘ysunishimiz kerakligi haqida amr berilgan. (Rimliklarga 13:1) Biz o‘zimiz yashayotgan mamlakat qonunlariga bo‘ysunamiz. Biroq bu qonunlar Xudoning qonuniga zid bo‘lsa, havoriylarga taqlid qilamiz. Ular: «Biz odamlarga emas, Sarvari Olamga bo‘ysunishimiz kerak»,— deb aytishgan. (Havoriylar 5:29; Mark 12:17)

13. Biz nima haqida va’z qilamiz?

13 Biz faqatgina Xudoning Shohligi dunyodagi muammolarni hal qila olishiga ishonamiz. Iso «Shohlik haqidagi xushxabar» butun dunyo bo‘ylab va’z qilinishi to‘g‘risida aytgan. (Matto 24:14 ni o‘qing.) Xudoning Shohligi biz uchun bajaradigan ishlarni hech bir insoniy hukumat amalga oshira olmaydi. (Zabur 146:3) Iso Xudoning Shohligi to‘g‘risida shunday deb ibodat qilishni o‘rgatgan: «Shohliging kelsin. Osmonda bo‘lgani kabi, yerda ham Sening irodang bajo bo‘lsin». (Matto 6:10) Muqaddas Kitobda aytilishicha, Xudoning Shohligi barcha insoniy hukumatlarni yo‘q qilib, «o‘zi abadiy turadi». (Doniyor 2:44)

14. Sizningcha, kimlar Xudoga ma’qul tarzda topinyapti?

14 Ushbu omillarni ko‘rib chiqqach, o‘zingizga quyidagi savollarni berib ko‘ring: «Kimlar o‘z ta’limotini Muqaddas Kitobga asoslaydi? Kimlar boshqalarga Xudoning ismi haqida aytadi? Kimlar bir-birini chin dildan sevadi va Xudo Isoni bizni qutqarish uchun yuborganiga ishonadi? Kimlar siyosatga aralashmaydi? Kimlar faqatgina Xudoning Shohligi muammolarimizni hal qilishi to‘g‘risida va’z qiladi?» Faqatgina Yahovaning Shohidlari shunday yo‘l tutadi. (Ishayo 43:10–12)

SIZ QANDAY YO‘L TUTASIZ?

15. Topinishimiz Xudoga ma’qul kelishi uchun nima qilishimiz kerak?

15 Shunchaki Xudo mavjud ekaniga ishonishning o‘zi yetarli emas. Hatto jinlar ham Xudo borligiga ishonishadi, lekin Unga itoat etishmaydi. (Yoqub 2:19) Demak, topinishimiz Xudoga ma’qul kelishi uchun nafaqat Uning borligiga ishonishimiz, balki Uning aytganlarini bajarishimiz darkor.

16. Nega soxta dinni rad etishimiz lozim?

16 Topinishimiz Xudoga ma’qul kelishi uchun soxta dinni rad etishimiz lozim. Ishayo payg‘ambar shunday deb yozgan: «Uning orasidan chiqib, o‘zingizni pok saqlang». (Ishayo 52:11; 2 Korinfliklarga 6:17) Shuning uchun soxta topinishga aloqador bo‘lgan har qanday narsani rad etishimiz kerak.

17, 18. «Buyuk Bobil» nimani anglatadi va nega uni zudlik bilan tark etishimiz lozim?

17 Soxta din deganda nima nazarda tutiladi? Xudoga Muqaddas Kitobda yozilganlarga zid ravishda topinishni o‘rgatuvchi barcha dinlar nazarda tutiladi. Allohning Kalomida barcha soxta dinlar «Buyuk Bobil» deb atalgan. (Vahiy 17:5) Nega? Nuh davridagi To‘fondan so‘ng, soxta dinning aksariyat ta’limotlari Bobil shahridan kelib chiqqan. Ushbu soxta ta’limotlar butun yer yuzi bo‘ylab tarqalgan. Masalan, Bobilda yashagan odamlar uch ilohdan iborat xudolar guruhiga sig‘inishgan. Bugungi kunda ham ko‘plab dinlarda Xudo uchlik, ya’ni uch qiyofali degan ta’limot mavjud. Biroq Muqaddas Kitobda birgina haq Xudo — Yahova borligi hamda Iso Uning O‘g‘li ekanligi haqida aniq yozilgan. (Yuhanno 17:3) Bobilliklar, shuningdek, odam o‘lgach, uning ruhi chiqib yashashni davom ettirishiga va bu ruh do‘zaxda azob chekishi mumkinligiga ishonishgan. Ammo bular yolg‘on. (14-, 17- va 18-ilovalarga qarang.)

18 Xudo yaqinda barcha soxta dinlar yo‘q qilinishini bashorat qilgan. (Vahiy 18:8) Soxta dinni tark etish nega shunchalik muhim ekanini tushunyapsizmi? Xudovand Yahova hali juda kech bo‘lmasidan shunday yo‘l tutishingizni istaydi. (Vahiy 18:4)

Yahovaga Uning xalqi bilan xizmat qilsangiz, umumjahon oilaning bir qismi bo‘lasiz

19. Yahovaga xizmat qilish qaroriga kelsangiz, U sizga qanday g‘amxo‘rlik qiladi?

19 Soxta dinni tark etib, Yahovaga xizmat qilish qaroriga kelsangiz, ayrim do‘stlaringiz yoki oilangiz sizni tushunmasligi, sizga qarshilik qilishi yoki gaplashmay qo‘yishi mumkin. Bundan sarosimaga tushib qolishingiz hech gap emas. Ammo Yahova sizni tashlab qo‘ymaydi. Siz bir-birini chinakamiga yaxshi ko‘radigan millionlab odamlardan iborat umumjahon oilaning a’zosi bo‘lasiz. Shuningdek, Xudo va’da berayotgan yangi dunyoda abadiy yashash umidiga ega bo‘lasiz. (Mark 10:28–30) Vaqt o‘tib, Yahovaga xizmat qilish qaroringizga qarshilik qilgan do‘stlaringiz va oila a’zolaringizdan ayrimlari, ehtimol, Muqaddas Kitobni tadqiq qilishni istar.

20. Nega hozir Xudoga ma’qul tarzda topinishni boshlashning ayni vaqti?

20 Yaqinda Xudo butun yovuzlikka chek qo‘yadi va Uning Shohligi yer yuzi ustidan boshqaradi. (2 Butrus 3:9, 13) Bu nihoyatda ajoyib davr bo‘ladi! Hamma Yahovaga aynan U istaganiday topinadi. Shunday ekan, hozir Xudoga ma’qul tarzda topinishni boshlashning ayni vaqti.