Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

O‘N TO‘QQIZINCHI BOB

Yahova bilan do‘stlikni saqlab qoling

Yahova bilan do‘stlikni saqlab qoling

1, 2. Bugungi kunda qayerdan boshpana topsak bo‘ladi?

TASAVVUR qiling, siz ko‘chada ketyapsiz, havo esa bulutli. Bir payt osmon qorong‘ilashib, chaqmoq chaqdi va momaqaldiroq gulduray boshladi. Ko‘z ochib yumguncha jala quyib yubordi. Shunda siz boshpana izlay boshlaysiz. Bexatar va quruq joy topganda esa yengil tortib, quvonib ketasiz!

2 Bugungi kunda biz notinch zamonda yashayapmiz. Dunyodagi ahvol og‘irlashib boryapti. Shunday bir paytda qayerdan boshpana topish mumkin? Sano bastakori shunday deb yozgan: «Men Yahovaga: “Sen mening boshpanam va qo‘rg‘onimsan, tayanadigan Xudoyimsan”,— deyman». (Zabur 91:2) Ha, Yahova muammolarga to‘lib-toshgan bu dunyoda bizni himoya qila oladi. Bundan tashqari, U bizga kelajakka nisbatan ajoyib umidni taqdim etyapti.

3. Qay yo‘sin Yahovani boshpanamiz qilib olsak bo‘ladi?

3 Yahova bizni qay yo‘sin himoya qiladi? U muammolarimizni yengishga ko‘maklashadi, qolaversa, U bizga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday shaxsdan ko‘ra kuchliroq. Hatto bugun baxtsiz hodisaga duch kelsak-da, shunga amin bo‘lingki, Yahova kelajakda bu zararning o‘rnini qoplaydi. Yahova og‘ir damda bizga yordam berishi uchun Undan uzoqlashmasligimiz kerak. Muqaddas Kitob: «O‘zingizni Xudoning mehr-muhabbatida saqlanglar»,— deb undayapti. (Yahudo 21)

XUDONING MEHR-MUHABBATINI QADRLANG

4, 5. Yahova qay yo‘sin O‘z sevgisini namoyon etyapti?

4 Agar Yahova bizni qanchalik qattiq yaxshi ko‘rishini tushunsak, Undan uzoqlashib ketmaymiz. Yahova biz uchun nimalar qilgani haqida o‘ylab ko‘ring. U bizga go‘zal yerni berdi, uni ajoyib o‘simliklar va hayvonlar bilan to‘ldirdi. Shuningdek, yeyishimiz uchun noz-u ne’matlarni va ichishimiz uchun musaffo suvni berdi. Muqaddas Kitob orqali Yahova bizga O‘z ismini va bebaho fazilatlarini ochib berdi. Boz ustiga, U bizni gunohdan xalos etish uchun aziz O‘g‘li Isoni yer yuziga yubordi va shu yo‘sin sevgisini namoyon etdi. (Yuhanno 3:16) Bu qurbonlik tufayli kelajakka nisbatan ajoyib umidga ega bo‘ldik.

5 Yahova Masihiy Shohlik, ya’ni samoviy hukumati orqali tez orada barcha azob-uqubatlarga chek qo‘yadi. Bu Shohlik yer yuzini jannatga aylantiradi va odamlar toabad osoyishtalikda baxtli hayot kechirishadi. (Zabur 37:29) Yahova bizga hozirning o‘zida to‘g‘ri yashashni o‘rgatib, O‘z sevgisini namoyon etyapti. Shuningdek, biz Unga bemalol ibodat qilishimiz mumkin. U esa ibodatlarimizni eshitishga hamisha tayyor. Ha, Yahova har birimizga O‘z sevgisini yaqqol namoyon etyapti.

6. Yahovaning mehr-muhabbatiga qanday javob qaytarsangiz bo‘ladi?

6 Yahovaning mehr-muhabbatiga qanday javob qaytarsangiz bo‘ladi? Sizga qilgan barcha yaxshiliklari uchun Unga minnatdorchilik bildiring. Afsuski, bugungi kunda ko‘pchilik noshukur bo‘lib ketgan. Iso yashagan davrda ham shunday bo‘lgan edi. Bir safar Iso moxov kasalligiga chalingan o‘nta kishini sog‘aytirgan, lekin faqat bittasi tashakkur bildirgan. (Luqo 17:12–17) Keling, Isoga tashakkur bildirgan kishiga o‘xshab, Yahovaga hamisha rahmat aytaylik.

7. Yahovani qanchalik yaxshi ko‘rishimiz kerak?

7 Biz ham Yahovaga o‘z sevgimizni ko‘rsatishimiz kerak. Iso shogirdlariga Yahovani butun qalb, butun jon va butun ong bilan sevishlari kerakligini aytgan. (Matto 22:37 ni o‘qing.) Bu nimani anglatadi?

8, 9. Yahovani yaxshi ko‘rishimizni qanday ko‘rsatsak bo‘ladi?

8 «Yahovani yaxshi ko‘raman»,— deb aytishning o‘zi yetarlimi? Yo‘q. Agar biz Yahovani butun qalb, jon va ongimiz bilan sevsak, buni xatti-harakatlarimiz bilan ko‘rsatamiz. (Matto 7:16–20) Muqaddas Kitobda aniq aytilganiday, agar Yahovani yaxshi ko‘rsak, Uning amrlariga quloq solamiz. Bunday qilish qiyin emas. Sababi «Uning amrlari og‘ir emas». (1 Yuhanno 5:3 ni o‘qing.)

9 Yahovaga itoat etsak, baxtli va mazmunli hayot kechiramiz. (Ishayo 48:17, 18) Endi keling, Yahova bilan do‘stlikni saqlab qolishga nima yordam berishini ko‘rib chiqaylik.

YAHOVA BILAN DO‘STLIKNI MUSTAHKAMLANG

10. Nega Yahova to‘g‘risida bilim olishda davom etishingiz kerak?

10 Yahova bilan qanday do‘stlashganingiz esingizdami? Muqaddas Kitobni o‘rganib, U haqida ko‘p narsalarni bilib olgansiz va shu yo‘sin U bilan do‘stlikni rivojlantirgansiz. Bunday do‘stlikni gulxan bilan solishtirsa bo‘ladi. Gulxan o‘chmasligi uchun doim o‘tin tashlab turish kerak. Demak, Yahova bilan do‘stligimiz mustahkam bo‘lishi uchun U to‘g‘risida bilim olishda davom etishimiz lozim. (Hikmatlar 2:1–5)

Yahovaga bo‘lgan sevgimiz gulxan kabidir, o‘chmasligi uchun o‘tin tashlab turish kerak

11. Muqaddas Kitobdan bilib olganlaringiz sizga qanday ta’sir qiladi?

11 Muqaddas Kitobni tadqiq qilish mobaynida bilib olayotganlaringiz qalbingizga ta’sir qiladi. Iso ikkita shogirdiga Muqaddas Kitobdagi bashoratlarni tushuntirib berganida, ular nimalarni his qilganiga e’tibor bering. Ular shunday deyishgan: «Yo‘l-yo‘lakay biz bilan gaplashib, Muqaddas Yozuvlarni tushuntirib berganda, yuraklarimiz zavq-shavqqa to‘lmaganmidi?» (Luqo 24:32)

12, 13. a) Xudoga bo‘lgan sevgimiz bilan nima yuz berishi mumkin? b) Qanday qilib Yahovaga bo‘lgan sevgimizni alangalatib tursak bo‘ladi?

12 Isoning shogirdlari singari siz ham Muqaddas Kitobni tushunishni boshlaganingizda quvonchni his qilgansiz. Bu esa Yahovani tanib-bilishga va yaxshi ko‘rib qolishingizga yordam bergan. Tabiiyki, Unga bo‘lgan sevgingiz sovib qolishini istamaysiz. (Matto 24:12)

13 Yahova bilan do‘stlashgan bo‘lsangiz-da, bu do‘stlikni mustahkamlash uchun jon kuydirishingiz zarur. Yahova hamda Iso haqida bilim olishda davom eting. Bu bilimlar ustida va ularni qay yo‘sin hayotga tatbiq etish mumkinligi haqida mulohaza yuriting. (Yuhanno 17:3) Muqaddas Kitobni o‘qiyotganingizda yoki tadqiq qilayotganingizda o‘zingizga shunday savollar bering: «Bu Tangri Yahova haqida nimani o‘rgatyapti? Nega Uni butun qalbim va jonim bilan sevishim kerak?» (1 Timo‘tiyga 4:15)

14. Yahovaga bo‘lgan sevgimizni mustahkamlashga nima yordam beradi?

14 Agar yaqin do‘stingiz bo‘lsa, u bilan har doim gaplashib turasiz, bu esa do‘stligingiz mustahkamlanishiga hissa qo‘shadi. Shunga o‘xshab, Yahova bilan ibodat orqali muntazam gaplashib tursak, Unga bo‘lgan sevgimiz kuchayib boradi. (1 Salonikaliklarga 5:17 ni o‘qing.) Ibodat — samoviy Otamizning bebaho sovg‘asi. Biz har doim qalbimizda borini Unga to‘kib solishimiz kerak. (Zabur 62:8) Yodlab olingan so‘zlarni takrorlamasdan, aytayotgan gaplarimizning ma’nosini tushunishimiz kerak. Ha, Kalomni muntazam ravishda o‘rganish va chin qalbdan ibodat qilish orqali Yahovaga bo‘lgan sevgimizni mustahkam saqlay olamiz.

BOSHQALARGA YAHOVA HAQIDA AYTING

15, 16. Sizningcha, va’zgo‘ylik ishi qanchalik muhim?

15 Yahova bilan yaqin munosabatlarni saqlab qolish istagimiz bo‘lsa, Muqaddas Kitobdan bilib olganlarimizni boshqalarga aytishimiz lozim. Insonlarga Yahova haqida aytib berish ajoyib sharaf. (Luqo 1:74, 75) Iso barcha masihiylarga bunday mas’uliyatni topshirgan. Hammamiz Xudoning Shohligi to‘g‘risidagi xushxabarni va’z qilishimiz kerak. Siz ham bu faoliyatda ishtirok etyapsizmi? (Matto 24:14; 28:19, 20)

16 Havoriy Pavlus va’zgo‘ylik faoliyatini nihoyatda bebaho deb bilgan va uni «xazina» deb atagan. (2 Korinfliklarga 4:7) Insonlarga Yahova hamda Uning niyati haqida aytishdan muhimroq ish yo‘q. Bu Yahovaga topinishingizning bir qismi va qilayotgan mehnatingiz U uchun qadrli. (Ibroniylarga 6:10) Va’zgo‘ylik ishi o‘zingizga ham, sizni tinglayotganlarga ham foyda keltiradi. Natijada ular ham siz kabi Yahovaga yaqinlashib, abadiy yashash imkoniyatiga ega bo‘lishadi. (1 Korinfliklarga 15:58 ni o‘qing.) Hech bir ish insonga bunchalik mamnuniyat keltirmaydi!

17. Va’zgo‘ylik ishi nega shoshilinch?

17 Va’zgo‘ylik o‘ta shoshilinch ishdir. Biz «kalomni va’z etishimiz» va «buni zudlik bilan bajarishimiz» darkor. (2 Timo‘tiyga 4:2) Odamlar Xudoning Shohligi haqidagi xushxabarni eshitishga muhtoj. Muqaddas Kitobda: «Yahovaning ulug‘ kuni yaqin! O‘sha kun yaqin va shiddat bilan yaqinlashib kelyapti!» — deyilgan. Ha, oxirat «kechikmaydi!» (Zafaniyo 1:14; Xabaqquq 2:3) Tez orada Yahova Shaytonning yovuz dunyosini yakson qiladi. Bu yuz berishidan oldin odamlarni ogohlantirish zarur. Toki ular Yahovaga xizmat qilishni tanlashsin.

18. Nega Yahovaga boshqa masihiylar bilan birga topinishimiz kerak?

18 Yahova boshqa masihiylar bilan birga Unga topinishimizni istaydi. Muqaddas Kitobda shunday so‘zlar yozilgan: «Sevishga va ezgu ishlar qilishga undash uchun bir-birimiz haqimizda o‘ylaylik. Ba’zilarning odatidek, yig‘ilishlarimizni qoldirmaylik. Aksincha, o‘sha kunning yaqinlashib qolganini ko‘rib turgan ekanmiz, bir-birimizga yanada ko‘proq dalda beraylik». (Ibroniylarga 10:24, 25) Yig‘ilishlarning birortasini ham qoldirmaslikka harakat qilishimiz kerak. Zero, yig‘ilishlarda bir-birimizni mustahkamlashga va dalda berishga imkoniyat tug‘iladi.

19. Imondoshlarimizni sevishga nima yordam beradi?

19 Yig‘ilishlarga borib tursangiz, Yahovaga xizmat qilishga ko‘maklashadigan yaxshi do‘stlar orttirasiz. U yerda kelib chiqishi turlicha bo‘lgan birodar-u opa-singillarni uchratasiz. Ular ham siz kabi Yahovaga jon kuydirib xizmat qiladi. Lekin ular sizday nomukammal va xatolar qilib turishadi. Shunday paytlarda ularni kechirishga tayyor bo‘ling. (Kolosaliklarga 3:13 ni o‘qing.) Hamisha imondoshlarning yaxshi tomonlariga e’tibor qarating. Shunday yo‘l tutib, ularni sevishga o‘rganasiz, bu esa Yahovaga yanada yaqinlashishingizga ko‘maklashadi.

HAQIQIY HAYOT

20, 21. «Haqiqiy hayot» qanday bo‘ladi?

20 Yahova barcha do‘stlari chinakamiga baxtli hayot kechirishini istaydi. Muqaddas Kitobda kelajakdagi hayot bugungidan butkul farq qilishi to‘g‘risida aytilgan.

Yahova «haqiqiy hayotdan» zavqlanishingizni istaydi. Siz bunga intilyapsizmi?

21 Kelajakda 70 yoki 80 yil emas, balki abadiy umr kechiramiz. Go‘zal jannatda «abadiy hayotdan» zavq olib yashaymiz, qolaversa, mukammal sog‘likka, tinchlikka va baxt-u saodatga erishamiz. Muqaddas Kitobda bu «haqiqiy hayot» deb atalgan. Yahova bizga haqiqiy hayotni va’da beryapti, ammo buning uchun uni «mahkam ushlashga» jon kuydirishimiz kerak. (1 Timo‘tiyga 6:12, 19)

22. a) Qanday qilib haqiqiy hayotni mahkam ushlay olamiz? b) Nega abadiy hayotga o‘zimiz sazovor bo‘la olmaymiz?

22 Qanday qilib haqiqiy hayotni mahkam ushlay olamiz? Buning uchun «yaxshilik qilib, ezgu ishlar bilan boyishimiz» lozim. (1 Timo‘tiyga 6:18) Demak, Muqaddas Kitobdan bilib olayotganlarimizni amalda qo‘llashimiz kerak. Biroq haqiqiy hayotga o‘z urinishlarimiz bilan erisha olmaymiz. Ha, abadiy hayotga o‘zimiz sazovor bo‘la olmaymiz. Bu Yahovaning «inoyati», ya’ni sadoqatli xizmatchilariga beradigan beminnat sovg‘asidir. (Rimliklarga 5:15) Samoviy Otamiz bu hadyani sadoqatli xizmatchilariga berishni chin dildan istaydi.

23. Nima sababdan hozir to‘g‘ri tanlov qilishingiz kerak?

23 O‘zingizdan: «Men Xudoga Unga ma’qul keladigan tarzda topinyapmanmi?» — deb so‘rab ko‘ring. Bordi-yu, qandaydir o‘zgarishlar kiritish zarurligini payqasangiz, o‘sha zahotiyoq ishga kirishing. Agar Yahovaga tayanib, Unga bo‘ysunish uchun qo‘limizdan kelgancha harakat qilsak, Yahova boshpanamiz bo‘ladi. Shaytonning ushbu yovuz dunyosi oxirlab borayotgan bir paytda, Yahova O‘z xalqini asrab-avaylaydi. So‘ng va’dasiga binoan, bizga jannatda abadiy yashash in’omini hadya qiladi. Ha, agar hozir to‘g‘ri tanlov qilsangiz, haqiqiy hayotga erishasiz!