Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

6-SAVOL

Tengdoshlarning ta’siriga qanday qarshi tura olaman?

Tengdoshlarning ta’siriga qanday qarshi tura olaman?

NEGA BU MUHIM?

O‘z nuqtai nazaringizda tura olsangiz, hayotingizni boshqalar emas, o‘zingiz nazorat qilasiz.

SIZ QANDAY YO‘L TUTGAN BO‘LARDINGIZ?

Quyidagi vaziyatni tasavvur qiling: Braynning ikkita sinfdoshi oldiga kelganida, yuragi o‘ynab ketdi. Bu hafta ular ikki marta Braynni chekishga majburlamoqchi bo‘lishdi. Bu ularning uchinchi urinishi edi.

Birinchi sinfdoshi shunday dedi:

«Yana yakkamoxov bo‘lib yuribsanmi? Qara, sen uchun bitta zo‘r narsam bor».

U «zo‘r narsam» degan so‘zga alohida urg‘u qo‘yadi va ko‘zini qisib, cho‘ntagidan bir narsani oladi-da, Braynga uzatadi.

Shunda Brayn sinfdoshining qo‘lida sigaretni ko‘rib, yuragi yanada tezroq ura boshlaydi.

Brayn shunday deydi: «Kerak emas, axir sizlarga aytgandim-ku...»

Ikkinchi sinfdoshi esa gapini bo‘lib: «Namuncha qo‘rqoq bo‘lmasang?!» — deb aytadi.

Brayn esa qat’iylik ila: «Men qo‘rqoq emasman»,— deydi.

Ikkinchi sinfdoshi Braynning yelkasiga qo‘lini qo‘yib, muloyimlik bilan: «Bitta chekib ko‘r»,— deb aytadi.

Birinchisi esa sigaretni Braynning yuziga yaqin keltirib: «Biz hech kimga aytmaymiz, qo‘rqma. Hech kim bu haqda bilmaydi»,— deb shivirlaydi.

Agar Braynning o‘rnida bo‘lganingizda, qanday yo‘l tutardingiz?

TO‘XTAB, O‘YLAB KO‘RING!

Braynning tengdoshlari nima qilishayotgani haqida o‘ylashganmi? Bu ularning shaxsiy qarori bo‘lganmi? Yo‘q, chunki ular boshqalarning ta’siriga berilishgan. Ular tengdoshlaridan ajralib qolmaslik uchun, ularning fikrlash tarzini tengdoshlari shakllantirishlariga yo‘l qo‘yib berishgan.

Bordi-yu, siz ham shunday vaziyatga duch kelsangiz, tengdoshlarning bosimiga qarshi turib, boshqacha yo‘l tuta olasizmi?

  1. XAVFNI OLDINDAN KO‘RA BILING

    Xudoning Kalomida quyidagicha yozilgan: «Es-hushli xavf-xatarni ko‘rib yashirinadi, sodda esa to‘xtamasdan boraveradi, shuning uchun qiynaladi». (Hikmatlar 22:3)

    Odatda xavfni oldindan aniqlasa bo‘ladi. Masalan, tasavvur qiling, sizdan sal nariroqda turgan sinfdoshlaringiz sigaret chekayotganini ko‘rib qoldingiz. Muammoni oldindan ko‘ra bilsangiz, uni yechishga tayyor bo‘lasiz.

  2. MULOHAZA YURITING

    Muqaddas Kitobda: «Vijdoningizni toza saqlanglar»,— degan so‘zlarni o‘qiymiz. (1 Butrus 3:16)

    O‘zingizdan shunday deb so‘rab ko‘ring: «Agar men bu to‘daga qo‘shilsam, keyin o‘zimni qanday his qilaman?» To‘g‘ri, vaqtincha tengdoshlaringizning hurmatini qozonarsiz, lekin keyin o‘zingizni qanday his etasiz? Sinfdoshlaringizga yoqish uchungina o‘zligingizdan kechish arziydimi? (Chiqish 23:2)

  3. QAROR CHIQARING

    Muqaddas Yozuvlarda shunday deb aytilgan: «Aqlli... qadamini o‘ylab bosadi». (Hikmatlar 14:15)

    Ertami kechmi hammamiz qaror chiqarishimizga va chiqargan qarorimizning oqibati bilan yashashimizga to‘g‘ri keladi. Muqaddas Kitobda Yusuf, Ayub va Iso to‘g‘ri qaror chiqarishgani haqida aytilgan. Ammo shu bilan birga, noto‘g‘ri qarorlar chiqargan Qobil, Esov va Yahudo to‘g‘risida ham yozilgan. Siz esa qanday yo‘l tutasiz?

Xudoning Kalomida: «Kichik narsada ishonchli bo‘lgan, katta narsada ham ishonchli bo‘ladi»,— deb ta’kidlangan. (Luqo 16:10) Agar oqibatlar haqida oldindan o‘ylab, qaror chiqargan bo‘lsangiz, nuqtai nazaringizni aytish o‘ylaganingizdan ham osonroq bo‘ladi va bundan xursandchilik topasiz.

Tengdoshlaringizga nasihat berish shart emas. Odatda qat’iylik bilan «YO‘Q» deyishning o‘zi kifoyadir. Yoki qaroringizda qat’iy ekaningizni ko‘rsatish uchun shunday deyishingiz mumkin:

  • «Adashdingiz, shekilli»

  • «Men bunaqa narsalarga qo‘shilmayman»

  • «Meni hali yaxshi bilmaydiganga o‘xshaysizlar»

Asosiysi, gapni cho‘zmasdan aminlik bilan javob bering. Shunda tengdoshlaringiz sizni qanchalik tez tinch qo‘yishganini ko‘rib, hayron qolasiz!

MAZAX QILISHGANDA

Tengdoshlaringizning bosimiga qarshi turmasangiz, ular tomonidan boshqariladigan robot kabi bo‘lib qolasiz

Tengdoshlaringiz sizni mazax qilishayotgan bo‘lsa-chi? Ular sizga: «Ha, nima bo‘ldi? Qo‘rqyapsanmi?» — deyishsa-chi? Odatda tengdoshlar aynan shunday mazaxlar orqali sizga bosim o‘tkazishlari mumkin. Bu bosimga qanday qarshi tura olasiz? Siz quyidagicha yo‘l tutishingiz mumkin:

  • Shunchaki mazaxni qabul qilsangiz bo‘ladi. («Ha, sen haqsan, men qo‘rqaman»,— deb, nuqtai nazaringizni qisqacha tushuntiring.)

  • Javob qaytarishingiz mumkin. Nima uchun taklifni rad etganingizni aytib, tengdoshlarni mulohaza yuritishga chorlang. («Aqlli odamga o‘xshaysizlar-u, qilayotgan ishlaringizni qarang».)

Mabodo tengdoshlaringiz ustingizdan kulishni davom ettirishsa, ularning oldidan keting. Shuni unutmangki, qanchalik uzoq tursangiz, bosim ham shunchalik kuchayib boradi. Ularning oldidan ketib, burningizdan ip o‘tkazishlariga yo‘l qo‘ymasligingizni ko‘rsatgan bo‘lasiz.

To‘g‘ri, tengdoshlarning bosimidan qochib qutula olmaysiz. Biroq nima qilishni istayotganingizni o‘zingiz hal qilishingiz, nuqtai nazaringizni aytishingiz hamda vaziyatni boshqarishingiz mumkin. Axir tanlov — sizning qo‘lingizda! (Yoshua 24:15)