Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

8-SAVOL

Jinsiy zo‘rlash haqida nimani bilishim kerak?

Jinsiy zo‘rlash haqida nimani bilishim kerak?

NEGA BU MUHIM?

Har yili millionlab odamlar zo‘rlashning yoki boshqa bir jinsiy tahqirlanishning qurboniga aylanishyapti. Ularning asosiy o‘ljasi — yoshlardir. *

SIZ QANDAY YO‘L TUTGAN BO‘LARDINGIZ?

Bir kimsa Annettni tutib oldi va Annett nima bo‘layotganini hali tushunmasidanoq uni yerga yiqitdi. Annett shunday deb bo‘lishdi: «Men unga qarshilik ko‘rsatishga harakat qildim. Baqirishga ham urindim, lekin nafasim bo‘g‘zimga tiqilib qoldi. Uni itardim, musht bilan urdim, tepdim, timdalab tashladim, ammo birdan tanamga pichoq sanchilganini sezdim. Bundan keyin boshqa qarshilik ko‘rsata olmadim».

Siz shunday vaziyatga tushib qolganingizda, qanday yo‘l tutgan bo‘lardingiz?

TO‘XTAB, O‘YLAB KO‘RING!

Garchand kechasi ko‘chada yurganingizda hushyor bo‘lsangiz ham, yomon hodisalar yuz berishi mumkin. Muqaddas Kitobda shunday so‘zlarni o‘qiymiz: «Doim ham yutuq tez yugurganga,.. muvaffaqiyat esa bilimliga nasib etavermas ekan. Sababi, ularning bari vaqt va tasodifga duch keladi». (Voiz 9:11, YADT)

Annettga o‘xshab, ba’zi yoshlar notanish kimsa tomonidan zo‘rlanishgan. Boshqalar esa tanishi yoki hatto oila a’zosi tomonidan bunday jirkanchlikka duch kelishgan. Masalan, 10 yoshli Natalini qo‘shnisi bo‘lgan bir o‘smir bola zo‘rlagan. U quyidagicha dedi: «Men shunchalik qo‘rqib ketib, uyalgandimki, hatto boshida bu haqda hech kimga ayta olmadim».

SIZ AYBDOR EMASSIZ

Annett hali-hamon bo‘lib o‘tgan voqeadan o‘zini aybdor his qilyapti. U shunday deb bo‘lishdi: «O‘sha kecha hanuzgacha boshimda aylanaveradi. O‘shanda unga kuchliroq qarshilik ko‘rsatishim kerak edi. Lekin u menga pichoq sanchiganida qo‘rqib, qotib qoldim va boshqa qarshilik ko‘rsata olmadim... Ammo ko‘rsatishim kerak edi».

Natali ham shunday aybdorlik hissi bilan kurashib kelyapti. U quyidagicha aytib berdi: «Men bunchalik ishonuvchan bo‘lmasligim kerak edi. Dadam bilan oyim men va singlimga ko‘chada doim birga o‘ynashimizni aytishgandi, biroq men quloq solmadim. Shunga qo‘shnimga o‘zim imkoniyat berib qo‘ydimmi, deb o‘ylab qolaman. Yuz bergan voqea oiladagilarimga qattiq ta’sir qildi. Ularga shunchalik ko‘p og‘riq keltirganimdan o‘zimni aybdor his qilaman va ayniqsa shundan ko‘p siqilaman».

Agar sizning his-tuyg‘ularingiz Annett va Natalinikiga o‘xshash bo‘lsa, shuni yodda tutingki, zo‘rlangan inson o‘z xohishi bilan zo‘rlash qurboni bo‘lgani yo‘q. Ayrim odamlar zo‘rlash qurbonlarining o‘zlari bunga yo‘l qo‘yib berishgan deyishadi. Lekin bu bilan zo‘rlagan insonni oqlab bo‘lmaydi, axir hech kimning birovni zo‘rlashga haqqi yo‘q. Mabodo siz ham bunday kimsalarning jirkanch qilmishidan aziyat chekkan bo‘lsangiz, o‘zingizni ayblamang!

To‘g‘ri, «Sen aybdor emassan» degan gapni eshitish oson, lekin bunga ishonch hosil qilish ancha qiyinroqdir. Ba’zilar his-tuyg‘ularini ichida saqlashadi va o‘zlarini aybdor his qilib, bundan azob chekishadi. Ammo sukut saqlasangiz, zo‘rlovchini xursand qilganingiz qoladi, xolos. Shunday ekan, siz boshqacha yo‘l tutishingiz kerak.

BOSHQALARGA AYTIB BERING

Muqaddas Kitobda katta fojiani boshdan kechirgan adolatli Ayubning quyidagi so‘zlari qayd etilgan: «Alam-hasrat bilan gapirishdan o‘zimni tiymayman». (Ayub 10:1) Shunday yo‘l tutish sizga ham foydali bo‘ladi. Ishongan insoningiz bilan suhbatlashish sizga bo‘lib o‘tgan voqeadan ko‘p kuyunmaslikka yordam berib, dil yarangiz tezroq bitishiga hissa qo‘shadi.

Sizga his-tuyg‘ularingizni ichingizda saqlash nihoyatda qiyin bo‘lishi mumkin. Shuning uchun, bu haqda boshqalarga aytib bering

Annett bu so‘zlar to‘g‘ri ekanini o‘zida his etdi. U shunday dedi: «Men dugonam bilan suhbatlashdim va u meni bu haqda jamoatimizdagi oqsoqollarga aytib berishga undadi. Bunday qilganimdan xursandman. Oqsoqollar men bilan bir necha marta suhbatlashishdi va bo‘lib o‘tgan voqeada aybdor emasligimni aytishdi. Bu bilan ular aynan men eshitmoqchi bo‘lgan so‘zlarni gapirishdi. Men hech narsada aybdor emas edim».

Natali u bilan yuz bergan voqeani ota-onasiga aytib berdi. U shunday fikr bildirdi: «Ular meni qo‘llab-quvvatlashdi. Ota-onam meni bu haqda borini aytib berishga undashdi va bu qattiq tushkunlikka tushmasligimga hamda hadeb o‘zimni ayblayvermaslikka ko‘maklashdi».

Natali ibodat orqali ham tasalli topdi. U shunday deya so‘zladi: «Xudo bilan suhbat menga ayniqsa ichimdagini boshqalarga ayta olmagan paytlarimda yordam berdi. Ibodatda men ichimdagini bemalol to‘kib solaman va shu orqali qalbim haqiqiy tinchlik-xotirjamlikka to‘ladi».

«Shifo berishning... o‘z vaqti borligiga» o‘zingiz ham amin bo‘lishingiz mumkin. (Voiz 3:3) O‘zingizni ehtiyot qiling va hamisha ijobiy narsalar haqida fikr yuriting. Yetarlicha dam oling. Eng muhimi esa, har qanday vaziyatda tasalli beradigan Alloh Yahovaga tayaning. (2 Korinfliklarga 1:3, 4)

UCHRASHISH UCHUN YETARLICHA KATTA BO‘LSANGIZ

Qiz bola bo‘lsangiz va sizga bosim o‘tkazib, axloqsiz xatti-harakatga undayotgan bo‘lishsa, qat’iylik ila «Bunday qilma!» yoki «Qo‘lingni ol!» deb aytishdan qo‘rqmang. Yigitingizni yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqqaningiz uchungina orqaga chekinmang. Agar bundan keyin u sizni tashlab ketsa, demak, u sizga loyiq emas. Axir siz prinsiplaringizni va sizni hurmat qiladigan insonning sevgisiga arziysiz!

JINSIY SHILQIMLIKKA OID TEST

«O‘rta maktabda bolalar orqadan byustgalterimni tortib, «Biz bilan yotsang, maza qilasan» degan uyatsiz gaplarni aytishardi». (Koretta)

Sizningcha, bu bolalar...

  1. tegajog‘lik qilishganmi?

  2. noz-karashma qilishganmi?

  3. jinsiy shilqimlik qilishganmi?

«Avtobusda bir bola menga beadab gaplarni aytishni boshlab, meni ushlab olmoqchi bo‘ldi. Men bo‘lsa, qo‘liga bir shapaloq urib, oldimdan ketishini aytdim. U menga jinniga qaragandek qaradi». (Kendis)

Sizningcha, bu bola Kendisga...

  1. tegajog‘lik qilganmi?

  2. noz-karashma qilganmi?

  3. jinsiy shilqimlik qilganmi?

«O‘tgan yili bir bola meni yaxshi ko‘rishini aytib, “yo‘q” desam ham, men bilan uchrashmoqchi ekanini hadeb aytaverdi. Ba’zida u qo‘limni silab qo‘yardi. «Bo‘ldi qil», deb aytsam ham, u hech to‘xtamasdi. Bir marta oyoq kiyimimning ipini bog‘laganimda esa, dumbamga bir urgandi». (Betani)

Sizningcha, bu bola...

  1. tegajog‘lik qilganmi?

  2. noz-karashma qilganmi?

  3. jinsiy shilqimlik qilganmi?

Mazkur uchta savolning barchasiga to‘g‘ri javob — D.

Jinsiy shilqimlik noz-karashma va tegajog‘likdan nimasi bilan farq qiladi?

Jinsiy shilqimlik bir tomonlama harakatdir. Shilqimlikning qurboni bunday qilishni to‘xtatishni aytsa ham, shilqim baribir davom ettiradi.

Shilqimlik — jiddiy narsa. U jinsiy zo‘ravonlikka olib kelishi mumkin.

^ 4- x.b. Garchi bu maqolada asosan qizlar haqida gapirilsa ham, maqoladagi prinsiplar va maslahatlar o‘g‘il bolalarga ham tegishlidir.