Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

11-DARS

Ibrohimning imoni sinaladi

Ibrohimning imoni sinaladi

Ibrohim o‘g‘li Is’hoqqa Yahovani sevishni va Uning barcha va’dalariga ishonish kerakligini o‘rgatdi. Is’hoq taxminan 25 yoshda bo‘lganida, Yahova Ibrohimdan judayam qiyin bir ish qilishni so‘radi. Bu qanday ish edi?

Tangri Ibrohimga: «Yakka-yu yagona o‘g‘lingni olgin-da, Moriyox yurtiga bor va o‘sha yerdagi tog‘da uni qurbonlikka keltir»,— deb aytdi. Yahova nega bunday qilishni so‘rayotganini tushunmasa ham, Ibrohim Yahovaga quloq soldi.

Ertasi kuni saharlab Ibrohim yoniga Is’hoqni va ikkita xizmatkorini oldi-da, Moriyox yurti tomon ketdi. Uch kun o‘tgach, ular uzoqdan o‘sha tog‘larni ko‘rishdi. Ibrohim xizmatkorlariga u o‘g‘li bilan qurbonlik keltirib qaytmagunicha kutib turishni aytdi. Ibrohim Is’hoqning yelkasiga o‘tinlarni yukladi, o‘zi esa pichoqni oldi. Is’hoq otasidan: «Qurbonlikka keltirish uchun qo‘y qani?» — deb so‘radi. Ibrohim javoban: «O‘g‘lim, uni Yahovaning O‘zi yetkazadi»,— dedi.

Oxiri ular toqqa yetib kelishdi va o‘sha yerda qurbongoh qurishdi. Keyin Ibrohim Is’hoqning qo‘l-oyoqlarini bog‘lab, qurbongoh ustiga yotqizdi.

Ibrohim qo‘liga pichoqni oldi. Shu payt osmondan Yahovaning farishtasi uni chaqirib, shunday dedi: «Ibrohim! Bolaga ziyon yetkazma! Endi Xudoga ishonishingni bilaman, chunki sen o‘g‘lingni qurbon qilishga tayyor eding». Keyin Ibrohim shoxlari chakalakka o‘ralib qolgan qo‘chqorni ko‘rdi. U tezda Is’hoqning qo‘l-oyoqlarini yechib yubordi-da, o‘rniga qo‘chqorni qurbonlikka keltirdi.

O‘sha kundan boshlab Yahova Ibrohimni do‘stim deb ataydigan bo‘ldi. Buning sababini bilasizmi? Ibrohim Yahova so‘ragan hamma narsani bajargan. Hatto Yahova nega bunday qilishni so‘rayotganini tushunmasa ham, Ibrohim Uning aytganini qilgan.

Yahova Ibrohimga bergan va’dasini yana takrorlab: «Senga O‘z barakamni yog‘dirib, bolalaringni, zurriyotingni ko‘paytiraman»,— dedi. Bu bilan Yahova, Ibrohimning oilasi orqali barcha yaxshi insonlarga baraka bermoqchi ekanini aytdi.

«Alloh insoniyatni shu qadar qattiq sevdiki, hatto ular uchun yagona O‘g‘lini berdi. Toki unga ishongan har bir kishi halok bo‘lmasin, balki mangu hayotga ega bo‘lsin». (Yuhanno 3:16)