Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

12-DARS

Yoqub merosni qo‘lga kiritadi

Yoqub merosni qo‘lga kiritadi

Is’hoq Rivqoga uylanganida 40 yoshda edi. U Rivqoni juda yaxshi ko‘rardi. Vaqt o‘tib, ular egizak o‘g‘illar ko‘rishdi.

Katta o‘g‘lining ismi Esov, kichiginiki Yoqub edi. Esov ko‘chada yurishni yaxshi ko‘rardi va u mohir ovchi edi. Yoqub esa uyda o‘tirishni yaxshi ko‘rardi.

O‘sha paytlarda, otasining o‘limidan keyin katta o‘g‘ilga yerning va pulning katta qismi berilardi. Bu meros deb ataladi. Is’hoqning oilasida Yahovaning Ibrohimga bergan va’dalari ham merosga kirardi. Esovning bu va’dalar bilan deyarli ishi yo‘q edi. Yoqub esa bu va’dalar nihoyatda muhimligini bilardi.

Bir safar Esov kuni bilan ov qilib, uyga charchagan holda qaytdi. U Yoqub pishirayotgan shirin ovqatning hidini sezib, unga: «Qornim ochib ketdi! Menga shu qizil ovqatingdan ozgina ber!» — dedi. Yoqub unga: «Mayli, beraman. Lekin avval, merosni menga berishni va’da qil»,— deb javob qaytardi. Esov ukasiga: «Merosim bilan ishim yo‘q! Olsang, olaver! Menga ovqat bersang bo‘ldi»,— deb aytdi. Nima deb o‘ylaysiz, u to‘g‘ri yo‘l tutdimi? Yo‘q, aslo. Esov bir kosa ovqatni deb, juda bebaho narsani qo‘ldan chiqardi.

Is’hoq qarib qolgach, katta o‘g‘lini duo qilmoqchi bo‘ldi. Ammo Rivqo kichik o‘g‘li Yoqub otasining duosini olishiga yordamlashdi. Buni bilib qolib, Esovning rosa jahli chiqdi va ukasini o‘ldirmoqchi bo‘ldi. Is’hoq bilan Rivqo Yoqubni himoya qilish maqsadida unga: «Tog‘ang Lobonnikiga borgin-da, Esov jahlidan tushmaguncha o‘sha yerda qol»,— deb aytishdi. Yoqub ota-onasining gapiga kirib, hayotini saqlash uchun qochib ketdi.

«Inson butun dunyoga egalik qilsa-yu, o‘z jonini yo‘qotsa, bundan unga ne foyda? O‘z joni evaziga inson nima ham bera olardi?» (Mark 8:36, 37)