Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

13-DARS

Yoqub bilan Esov yarashadi

Yoqub bilan Esov yarashadi

Yahova Ibrohim bilan Is’hoqni asraganiday Yoqubni ham himoya qilishga va’da berdi. Yoqub Xoron degan joyga o‘rnashib, uylandi. Uning katta oilasi va ko‘p boyligi bor edi.

Vaqt o‘tib, Yahova Yoqubga: «Ota-bobolaring yurtiga qaytib bor»,— dedi. Shunday qilib, Yoqub va oilasi uzoq safarga otlanishdi. Yo‘lda Yoqubning xizmatkorlari uning yoniga kelib: «Akangiz Esov 400 ta odami bilan siz tomonga kelyapti»,— deyishdi. Yoqub akasi unga va oilasiga zarar yetkazishidan qo‘rqdi. U Yahovaga ibodat qilib: «Iltimos, meni akamdan himoya qil»,— dedi. Kelasi kuni Yoqub Esovga ko‘p qo‘y-u echkilar, sigirlar, tuyalar va eshaklarni sovg‘a sifatida yubordi.

O‘sha kuni kechasi Yoqub yolg‘iz qolganida unga farishta ko‘rindi. Farishta u bilan kurashdi. Bu ertalabgacha davom etdi. Yoqub shikastlanganiga qaramay, taslim bo‘lmadi. Farishta unga: «Meni qo‘yib yubor»,— dedi. Lekin Yoqub: «Yo‘q, meni duo qilmaguningcha, qo‘yib yubormayman»,— deb javob berdi.

Oxiri farishta Yoqubni duo qildi. Endi Yoqub Esov unga zarar yetkazishiga Yahova yo‘l qo‘ymasligini biladi.

Ertalab Yoqub uzoqdan Esov 400 ta odami bilan kelayotganini ko‘rdi. U oilasidan oldinroq yurib, akasining oldiga yetti marta ta’zim qilib bordi. Esov esa Yoqubning oldiga yugurib kelib, uni quchoqladi. Aka-uka ko‘z yosh to‘kkancha bir-biri bilan yarashdi. Sizningcha, Yoqub bu vaziyatni qanday hal qilgani Yahovaga yoqdimi?

Keyinroq Esov uyiga qaytib ketdi, Yoqub esa yo‘lida davom etdi. Yoqubning hammasi bo‘lib 12 ta o‘g‘li bor edi. Ularning ismlari Ruben, Shimo‘n, Levi, Yahudo, Dan, Naftali, Gad, Osher, Issaxor, Zabulun, Yusuf va Benyamin. Yahova O‘z xalqini Yoqubning o‘g‘illaridan biri — Yusuf orqali qutqardi. Bu qanday bo‘lganini bilasizmi? Keling, bilib olamiz.

«Dushmanlaringizni sevinglar hamda sizlarni ta’qib qilayotganlar uchun ibodat qilinglar. Shunda osmondagi Otangizning o‘g‘illari bo‘lasizlar». (Matto 5:44, 45)