Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

14-DARS

Xudoga quloq solgan qul

Xudoga quloq solgan qul

Yusuf Yoqubning kichik o‘g‘illaridan biri edi. U otasining sevimli o‘g‘li ekanini akalari bilardi. Sizningcha, bu ularga qanday ta’sir qilgan? Ular Yusufga hasad qilib, undan nafratlanishgan. Yusuf g‘ayrioddiy tushlar ko‘rgan va akalariga aytib bergan. Bu tushlar bir kun kelib akalari Yusufga ta’zim qilishini anglatardi. Endi ular Yusufdan yanada ko‘proq nafratlanishadi.

Bir kuni Yusufning akalari qo‘ylarini Shakam shahri yaqinida boqib yurishgandi. Yoqub uni akalaridan xabar olgani yubordi. Akalari uzoqdan Yusuf kelayotganini ko‘rib bir-biriga: «Ana, tush ko‘ruvchi kelyapti. Kelinglar, uni o‘ldiramiz!» — deyishdi. Akalari uni ushlab olib, chuqurga tashlashdi. Ammo Yahudo ismli akasi: «Uni o‘ldirmanglar! Yaxshisi uni qullikka sotib yuboraylik»,— dedi. Shunday qilib, akalari Yusufni Misrga ketayotgan midiyonlik savdogarlarga 20 shekel kumushga sotib yuborishdi.

Keyin akalari Yusufning to‘nini echkining qoniga bulashdi-da, otasiga yuborib: «Bu o‘g‘lingizning to‘ni emasmi?» — deb so‘rashdi. Shunda Yoqub Yusufni yirtqich hayvon o‘ldirgan deb o‘yladi. U Yusuf uchun ko‘p vaqt yig‘lab yurdi. Unga hech kim tasalli bera olmadi.

Misrda Yusufni Po‘tifar ismli saroy amaldoriga qul qilib sotishdi. Lekin Yahova Yusuf bilan edi. Po‘tifar Yusuf ishlarni yaxshi bajarayotganini va ishonchli odam ekanini ko‘rdi. Tez orada u Yusufga bor narsasini topshirdi.

Po‘tifarning xotini Yusuf qomatdor va chiroyli ekaniga e’tibor berdi. Kundan-kunga u Yusufni o‘zi bilan yotishga undardi. Yusuf nima qildi? U rad etib: «Yo‘q! Bu noto‘g‘ri. Xo‘jayinim menga ishonadi, siz esa uning xotinisiz. Siz bilan yotsam Xudoga qarshi gunoh qilgan bo‘laman!» — dedi.

Bir kuni Po‘tifarning xotini Yusufni majburlab, u bilan yotmoqchi bo‘ldi. U Yusufning kiyimidan mahkam ushlab oldi, lekin Yusuf qochib ketdi. Po‘tifar uyiga kelganida, xotini unga: «Yusuf men bilan yotmoqchi bo‘ldi»,— deb yolg‘on gapirdi. Po‘tifar qattiq g‘azablanib, Yusufni zindonga tashladi. Biroq Yahova Yusufni esidan chiqarmadi.

“«Xudoning qudratli qo‘li ostida o‘zingizni kamtar tutinglar, shunda U o‘z vaqtida sizlarni yuksaltiradi». (1 Butrus 5:6)