Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

15-DARS

Yahova Yusufni hecham unutmadi

Yahova Yusufni hecham unutmadi

Yusuf zindonda bo‘lganida, fir’avn, ya’ni Misr shohi tush ko‘rdi, ammo hech kim uni tushuntirib bera olmadi. Xizmatkorlardan biri fir’avnga tushining ma’nosini Yusuf tushuntira olishini aytdi. Fir’avn o‘sha zahotiyoq Yusufni chaqirtirdi.

Fir’avn Yusufdan: «Tushimning ma’nosini aytib bera olasanmi?» — deb so‘radi. Yusuf shunday dedi: «Misrda yetti yil mobaynida oziq-ovqat mo‘l-ko‘l bo‘ladi, keyin esa yetti yil ocharchilik bo‘ladi. Shu bois, dono bir kishini tanlang, xalqingiz ochlikdan o‘lmasligi uchun u oziq-ovqat g‘amlasin». Fir’avn javoban: «Men seni tanladim! Sen Misrdagi ikkinchi qudratli odam bo‘lasan!» — dedi. Fir’avn ko‘rgan tushning ma’nosini Yusuf qayerdan bilgan? Unga Yahova yordam bergan.

Keyingi yetti yil davomida Yusuf oziq-ovqat g‘amladi. So‘ng Yusuf aytganidek, butun yer yuzida ocharchilik bo‘ldi. Odamlar turli joylardan oziq-ovqat sotib olish uchun Yusufning oldiga kelishardi. Yusufning otasi Yoqub Misrda oziq-ovqat borligini eshitib, o‘nta o‘g‘lini oziq-ovqat sotib olgani yubordi.

Yoqubning o‘g‘illari Yusufning oldiga borishdi. U akalarini darrov tanidi. Ammo ular Yusufni tanishmadi. Yusuf o‘smirligida tushida ko‘rganiday, akalari unga ta’zim qilishdi. Yusuf akalari hali ham nafratga to‘lami yoki yo‘qmi bilishni istadi. Shu sababli, ularga: «Sizlar ayg‘oqchisizlar. Sizlar yurtning himoyasiz joylarini ko‘rgani kelgansizlar»,— dedi. Ular esa: «Yo‘q, biz 12 ta aka-ukamiz. Biz Kan’on yurtidanmiz. Bitta ukamiz o‘lgan, kenja ukamiz esa otamiz bilan qolgan»,— deyishdi. Shunda Yusuf ularga: «Kenja ukangizni oldimga olib kelsangiz, sizlarga ishonaman»,— deb aytdi. Shu tariqa, uning akalari uyga, otasining yoniga qaytib ketishdi.

Ularning oziq-ovqati tugab qolgach, Yoqub o‘g‘illarini yana Misrga yubordi. Bu safar ular kenja ukalari Benyaminni o‘zlari bilan olib ketishdi. Yusuf akalarini sinash maqsadida, Benyaminning don solingan xurjuniga kumush qadahini solib qo‘ydi va akalarini o‘g‘rilikda aybladi. Xizmatkorlar qadahni Benyaminning xurjunidan topishganini ko‘rib, akalari sarosimaga tushib qolishdi. Ular Yusufdan Benyaminning o‘rniga ularni jazolashni o‘tinib so‘rashdi.

Yusuf akalari o‘zgarganini ko‘rdi. U his-tuyg‘ularini boshqa yashira olmay yig‘lab yubordi va ularga: «Men sizlarning ukangiz Yusufman. Otam tirikmilar?» — deb aytdi. Akalari hayratdan qotib qolishdi. Yusuf akalariga shunday dedi: «Menga qilgan ishingizni o‘ylab qayg‘urmanglar. Sizlarning hayotingizni asrab qolish uchun Xudo meni bu yerga yubordi. Endi tezda borib, otamni bu yerga olib kelinglar».

Ular otalariga xushxabarni yetkazish va uni Misrga olib kelish uchun uylariga qaytishdi. Ko‘p yillardan so‘ng, Yusuf bilan otasi yana ko‘rishishdi.

«Agar kechirmasangiz, unda Otangiz ham xatolaringizni kechirmaydi». (Matto 6:15)