Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

16-DARS

Ayub qanday inson bo‘lgan?

Ayub qanday inson bo‘lgan?

Uz degan yurtda bir kishi yashardi va u Yahovaga topinardi. Uning ismi Ayub edi. U judayam boy inson bo‘lib, katta oilasi bor edi. U mehribon bo‘lgani uchun kambag‘al odamlarga, eri vafot etgan ayollarga va ota-onasi yo‘q bolalarga yordam berardi. U mana shunday to‘g‘ri ishlar qilgani uchun hech qanday qiyinchiligi bo‘lmagan deb aytsa bo‘ladimi?

Shayton Ayubni kuzatib turardi, ammo Ayub bu haqda bilmasdi. Yahova Shaytonga: «Xizmatkorim Ayubga e’tibor berdingmi? Yer yuzida unga o‘xshagani yo‘q. U menga quloq solib, to‘g‘ri ishlarni qiladi»,— deb aytdi. Shayton Unga javoban dedi: «Sen uni himoya qilib, baraka bergansan-ku, albatta Senga quloq soladi-da! Axir unga yer va mol-qo‘ylar bergansan. Bularni olib qo‘ysang, u senga topinmay qo‘yadi». Yahova unga: «Mayli, Ayubni sinab ko‘r. Ammo uni o‘ldirishingga ruxsat bermayman»,— dedi. Nega Yahova Shayton Ayubni sinashiga ruxsat berdi? Chunki Ayub bunga dosh berishiga U amin edi.

Shayton ko‘p kulfatlar yuborib, Ayubni sinashni boshladi. Birinchidan, u savoliklarni Ayubning qoramoli va eshaklarini o‘g‘irlash uchun jo‘natdi. Keyin olov Ayubning qo‘ylarini yo‘q qildi. So‘ng xaldeylar uning tuyalarini o‘g‘irlab ketishdi. Uning mol-qo‘ylariga qarab turgan xizmatkorlari esa halok bo‘ldi. Keyin Ayubning boshiga yanada dahshatli kulfat tushdi. Uning barcha farzandlari ziyofat qilib o‘tirganda, uy qulab, ularni bosib qoldi. Ayub qattiq qayg‘urdi, ammo Yahovaga topinishni to‘xtatmadi.

Shayton Ayub bundan ham ko‘proq azob chekishini istadi va uning butun tanasiga yaralar toshib ketdi. Ayub og‘riqdan rosa qiynaldi. U bilan nega bunday narsalar sodir bo‘layotganini Ayub bilmasdi. Shunga qaramay, u Yahovaga topinishni to‘xtatmadi. Xudo bularning barini ko‘rib turardi va U Ayubdan mamnun edi.

Shayton Ayubni sinash maqsadida uning yoniga uchta kishini yubordi. Ular unga: «Sen gunoh qilib, uni yashirishga uringandirsan. Shu bois Xudo seni jazolayapti»,— deyishdi. Ayub esa: «Men hech qanday yomon ish qilganim yo‘q»,— dedi. Ammo keyin qiyinchiliklarining sababchisi Yahova deb o‘ylay boshladi. Xudo menga adolatsizlik qildi, deb aytdi.

Elixu ismli yigit ularning gaplarini tinglab turgandi. Keyin u shunday dedi: «Aytayotgan gaplaringiz noto‘g‘ri. Yahova biz o‘ylaganimizdan ham buyukroq. U hech qachon yomonlik qilmaydi. U hammasini ko‘rib turadi va odamlarga qiyinchiliklarni yengishga yordam beradi».

So‘ng Yahova Ayub bilan gaplashdi. U shunday dedi: «Osmon va yerni yaratganimda qayerda eding? Nega Meni adolatsiz deyapsan? Bularning bari nega sodir bo‘layotganini bilmay turib gapiryapsan». Ayub adashganini tan olib: «Men xato qildim. Avvallari Sen haqingda eshitgandim, biroq endi Seni yaxshi bilib oldim. Sen uchun imkonsiz narsa yo‘q ekan. Aytgan gaplarim uchun kechir»,— dedi.

Sinov tugaganida Yahova Ayubni sog‘aytirdi va unga oldingidan ham ko‘proq baraka berdi. Ayub uzoq va baxtli hayot kechirdi. Ayub juda qiyin bo‘lganda ham Yahovaga quloq solgani uchun, Yahova unga baraka berdi. Siz ham nima bo‘lishiga qaramay, Ayub singari Yahovaga topinishda davom etasizmi?

«Sizlar Ayub payg‘ambarning bardoshi haqida eshitib, oqibatda Yahova unga qanday baraka berganini ko‘rgansizlar». (Yoqub 5:11)