Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

17-DARS

Muso Yahovaga topinishni tanladi

Muso Yahovaga topinishni tanladi

Yoqubning oilasi Misrda Isroil xalqi deb tanildi. Yoqub va Yusufning o‘limidan so‘ng, Misrda yangi fir’avn boshqarishni boshladi. U Isroil xalqi misrliklarga qaraganda kuchayib ketayotganidan qo‘rqib, ularni qul qilib oldi. Fir’avn Isroil xalqini g‘isht quyishga hamda dalada og‘ir ishlarni qilishga majburladi. Ammo misrliklar ularni qancha og‘ir ish qilishga majburlasa, ular shuncha ko‘payib ketdi. Bu fir’avnga yoqmagani uchun u Isroil xalqida tug‘ilgan barcha o‘g‘il bolalarni o‘ldirishni buyurdi. Isroil xalqi qattiq sarosimaga tushganini bir tasavvur qiling!

Yo‘xavad ismli isroillik ayol yoqimtoy bir o‘g‘il ko‘rdi. U o‘g‘lini himoya qilish uchun uni savatga soldi va Nil daryosi bo‘yidagi qamishlar orasiga yashirib qo‘ydi. Chaqaloqning opasi Maryam nima bo‘lishini ko‘rish uchun nariroqda qarab turdi.

Fir’avnning qizi daryoga cho‘milgani kelganida savatga ko‘zi tushib qoldi. U savatda yig‘lab yotgan bolani ko‘rib, unga rahmi keldi. Shunda Maryam undan: «Bu bolani boqib beradigan birorta ayol topib kelaymi?» — deb so‘radi. Fir’avnning qizi ruxsat bergach, Maryam o‘z onasi Yo‘xavadni chaqirib keldi. Fir’avnning qizi Yo‘xavadga: «Bolani olib, menga boqib ber. Bu uchun senga pul to‘layman»,— deb aytdi.

Bola katta bo‘lib qolganida, Yo‘xavad uni fir’avn qizining yoniga olib keldi. U bolaga Muso deb ism berdi va uni o‘z bolasiday katta qildi. Muso shahzodalarday ulg‘ayib, xohlagan narsasiga ega bo‘lishi mumkin edi. Ammo Muso aslo Yahovani unutmadi. U aslida misrlik emas, isroillik ekanini bilardi va Yahovaga xizmat qilishni tanladi.

Muso 40 yoshga kirganida, xalqiga yordam bermoqchi bo‘ldi. Misrlik bir kishi isroillik qulni urayotganini ko‘rib, Muso o‘sha misrlikni shunchalik qattiq urdiki u o‘lib qoldi. Muso o‘likni qumga yashirdi. Fir’avn bu haqda xabar topgach, Musoni o‘ldirmoqchi bo‘ldi. Ammo Muso Midiyon yurtiga qochib ketdi va Yahova o‘sha yerda unga g‘amxo‘rlik qildi.

«Muso ulg‘ayganda, imoni tufayli fir’avn qizining o‘g‘li deb atalishdan voz kechgan... Xudoning xalqi bilan azob-uqubat chekishni afzal ko‘rgan». (Ibroniylarga 11:24, 25)