Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

20-DARS

Navbatdagi oltita ofat

Navbatdagi oltita ofat

Muso bilan Horun fir’avnning oldiga borib, Xudoning quyidagi so‘zlarini aytishdi: «Agar xalqimni qo‘yib yubormasang, yurtingga so‘na pashshalarni yuboraman». Boy-u kambag‘al misrliklarning uylari gala-gala so‘na pashshalarga to‘lib ketdi. So‘na pashshalar butun yurtni bosdi. Ammo isroilliklar yashaydigan Go‘shen yerida ular yo‘q edi. Ushbu to‘rtinchi ofat va undan keyingilari faqat misrliklarga zarar keltirdi. Fir’avn Musoga: «Yahovadan bu pashshalarni yo‘q qilishini so‘ra, xalqing ketishi mumkin»,— deb o‘tindi. Lekin Yahova so‘na pashshalarni yo‘q qilganida, fir’avn fikridan qaytdi. Fir’avnning aqli kirarmikin?

Yahova: «Agar fir’avn xalqimni qo‘yib yubormasa, misrliklarning chorvasi kasal bo‘lib o‘ladi»,— dedi. Keyingi kuni chorva nobud bo‘la boshladi. Isroilliklarning chorvasiga esa hech narsa qilmadi. Shunda ham fir’avn o‘jarligicha qolib, o‘zinikidan qaytmadi.

Yahova Musoga yana fir’avnning yoniga borishni va kulni havoga sochishni aytdi. Kul changga aylanib havoni to‘ldirdi va barcha misrliklarning ustiga tushdi. Bu chang tufayli misrliklarga va ularning jonivorlariga og‘riqli yaralar toshib ketdi. Lekin bu safar ham fir’avn isroilliklarni qo‘yib yuborishdan bosh tortdi.

Yahova Musoni fir’avn yoniga yuborib, shunday deyishni buyurdi: «Hali ham Mening xalqimni qo‘yib yubormoqchi emasmisan? Ertaga yurtingga do‘l yog‘adi». Ertasi kuni Yahova momaqaldiroq gulduratib, do‘l yog‘dirdi va yerga yashin tushdi. Misrda bunaqa kuchli bo‘ron hech qachon bo‘lmagandi. Go‘shen yeridan tashqari hamma joydagi daraxtlar va ekinlar nobud bo‘ldi. Fir’avn Musoga: «Bularni to‘xtatishni so‘rab Yahovaga yolvor, keyin ketishingiz mumkin»,— deb aytdi. Do‘l va yomg‘ir to‘xtashi bilan fir’avn yana fikridan qaytdi.

So‘ng Muso: «Endi do‘ldan qolgan barcha o‘simliklarni chigirtkalar yeb bitiradi»,— dedi. Millionlab chigirtkalar dalada va daraxtlarda qolgan barcha narsani yeb tashladi. Fir’avn yana Musoga yalinib: «Yahovadan chigirtkalarni yo‘q qilishni so‘ra»,— dedi. Lekin Yahova chigirtkalarni yo‘q qilganidan keyin ham fir’avn o‘jarligicha qoldi.

Yahova Musoga: «Qo‘lingni osmonga ko‘tar»,— dedi. Shu zahoti osmon butunlay qop-qorong‘i bo‘lib qoldi. Uch kun davomida misrliklar hech kimni va hech narsani ko‘ra olishmadi. Faqat isroilliklar yashaydigan joy yorug‘ edi.

Fir’avn Musoga: «Sen va xalqing ketishingiz mumkin, chorvangiz esa shu yerda qoladi»,— dedi. Muso bo‘lsa: «Chorvamizni olib ketmasak bo‘lmaydi, chunki ularni Xudoyimizga qurbonlik qilib keltiramiz»,— deb javob berdi. Bundan fir’avnning jahli chiqib: «Ko‘zimdan yo‘qol! Seni yana ko‘rsam, o‘ldiraman»,— deb baqirdi.

«Shunda odil kishi bilan yovuz kishi, Xudoga xizmat qilayotgan kishi bilan Unga xizmat qilmayotgan kishi o‘rtasidagi farqni yana ko‘rasizlar». (Malaki 3:18)