Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

22-DARS

Qizil dengizdagi mo‘jiza

Qizil dengizdagi mo‘jiza

Isroilliklar Misrni tark etganini eshitishi bilan fir’avn ularni qo‘yib yuborish fikridan qaytdi. U jangchilariga: «Jang aravalarini tayyorlanglar, ularni quvib yetaylik! Ularni qo‘ldan chiqarmasligimiz kerak»,— deb buyurdi. Fir’avn bilan odamlari isroilliklarni ta’qib qila boshlashdi.

Yahova xalqini kunduzi bulut ustuni, kechasi esa olov ustuni yordamida boshlab bordi. Xudo ularni Qizil dengiz bo‘yiga olib keldi va qarorgoh qurishni aytdi.

Keyin isroilliklar fir’avn bilan qo‘shini ularni quvib kelayotganini ko‘rishdi. Ular Qizil dengiz bilan misrliklar qo‘shini orasida tuzoqqa tushib qolganday edi. Xalq Musoga: «Endi o‘lib ketamiz! Bizni Misrdan olib chiqmasliging kerak edi»,— deb faryod qildi. Muso esa: «Qo‘rqmanglar! Yahova bugun sizlarni qanday qutqarishini kuzatib turinglar»,— dedi. Muso chinakamiga Yahovaga tayangan, shunday emasmi?!

Yahova isroilliklarga chodirlarini yig‘ishni buyurdi. Kechasi Yahova bulutni misrliklar bilan isroilliklar orasiga ko‘chirdi. Misrliklar tomon qorong‘i, isroilliklar tomon esa yorug‘ edi.

Yahova Musoga qo‘lini dengiz tomon uzatishini aytdi. Keyin Yahova tuni bilan kuchli shamol estirdi. Dengiz ikkiga bo‘linib, o‘rtasida yo‘l paydo bo‘ldi. Millionlab isroilliklar ikki tomonda devorday bo‘lib turgan suv o‘rtasidan, quruq yerdan narigi qirg‘oqqa o‘tib ketishdi.

Fir’avnning qo‘shini isroilliklar ortidan qurigan dengiz tubiga tushdi. Shunda Yahova ularni sarosimaga soldi. Jang aravalarining g‘ildiraklari chiqib ketdi. Jangchilar: «Bu yerdan qochib qolaylik! Yahova ular uchun jang qilyapti»,— deb baqirishdi.

Yahova Musoga: «Qo‘lingni dengiz tomon uzat»,— dedi. Shunda devorday turgan suvlar Misr qo‘shinini bosib qoldi. Fir’avn bilan odamlari o‘lishdi. Ulardan hech kim tirik qolmadi.

Dengizning narigi qirg‘og‘idagi ulkan olomondan iborat xalq Xudoni ulug‘lab qo‘shiq kuyladi: «Yahovaga kuylaylik, zero U buyuk g‘alabaga erishdi. Ot va uning suvorisini dengizga uloqtirdi». Xalq qo‘shiq kuylayotganida ayollar childirmalarini qo‘liga olib raqsga tushdi. Hamma baxtli edi. Chunki endi ular chinakamiga ozod!

«Shu sababli, biz jasoratga to‘lib, shunday deyapmiz: “Yahova mening yordamchim, men qo‘rqmayman. Inson menga nima ham qila olardi?!”» (Ibroniylarga 13:6)