Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

23-DARS

Isroilliklar Yahovaga va’da beradi

Isroilliklar Yahovaga va’da beradi

Misrni tark etganidan taxminan ikki oy o‘tgach, isroilliklar Sinay tog‘iga yetib kelishdi va shu yerda qarorgoh qurishdi. Yahova Musoni chaqirdi va toqqa chiqqanida unga shunday dedi: «Men isroilliklarning hayotini saqlab qoldim. Agar ular Menga itoat etib, qonunlarimga rioya qilishsa, Mening o‘zgacha xalqim bo‘lishadi». Muso tog‘dan tushib, Yahovaning so‘zlarini isroilliklarga yetkazdi. Xo‘sh, ular bunga qanday javob qaytarishdi? Ular: «Yahovaning hamma aytganlarini bajaramiz»,— deyishdi.

Muso yana toqqa chiqdi. U yerda Yahova unga: «Uchinchi kuni Men senga gapiraman. Xalqni ogohlantir, Sinay tog‘iga qadam bosmasin»,— dedi. Muso pastga tushib, isroilliklarga Yahovaning so‘zlarini eshitish uchun tayyorgarlik ko‘rishni aytdi.

Uchinchi kuni isroilliklar chaqmoq chaqqanini hamda tog‘ tepasida quyuq bulut paydo bo‘lganini ko‘rishdi. Shuningdek, momaqaldiroq gumburlaganini va burg‘uning baland ovozini eshitishdi. So‘ng Yahova olov ichida tog‘ tepasiga tushdi. Isroilliklarni qo‘rquvdan titroq bosdi. Butun tog‘ qattiq silkindi va uni tutun qopladi. Burg‘u ovozi tobora balandlashib borardi. Keyin Xudo shunday dedi: «Men Yahovaman. Mendan o‘zga xudolaringiz bo‘lmasin».

Muso qaytib tog’ga chiqdi. U yerda Yahova unga qonunlar berdi. Bu qonunlarda Yahovaga qanday topinish hamda ular o‘zini qanday tutishi kerakligi haqida aytilgandi. Muso bu qonunlarni yozib oldi, so‘ng isroilliklarga o‘qib berdi. Ular esa: «Yahovaning hamma aytganlarini bajaramiz»,— deb va’da berishdi. Ha, ular Xudoga va’da berishdi. Ammo ular va’dasining ustidan chiqishdimi?

«Tangringiz Yahovani butun qalbingiz, butun joningiz va butun ongingiz bilan seving». (Matto 22:37)