Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

26-DARS

O‘n ikkita ayg‘oqchi

O‘n ikkita ayg‘oqchi

Isroilliklar Sinay tog‘idan ketib, Poron cho‘li bo‘ylab yo‘l yurishdi va Kadesh deb nomlangan joyga kelishdi. Bu yerda Yahova Musoga: «Har bir qabiladan bittadan odamni tanlab, 12 kishini Kan’on yurtiga yubor. Ular Men Isroil xalqiga beradigan o‘sha yurtni ko‘rib kelishsin»,— dedi. Shunday qilib, Muso 12 kishini tanlab olib, ularga: «Kan’on yurtiga borib, u yer serhosilmi yoki unumsizmi, odamlari kuchlimi yoki zaifmi, ular chodirlarda yashaydimi yoki shaharlardami ko‘rib kelinglar»,— deb aytdi. 12 ayg‘oqchi Kan’on yurtiga jo‘nab ketdi. Ularning orasida Yoshua bilan Xolib ham bor edi.

40 kundan keyin ayg‘oqchilar o‘zlari bilan anjir, anor va uzum olib qaytib kelishdi. Ular shunday xabar keltirishdi: «Yurt juda yaxshi, lekin odamlari kuchli, shaharlari esa baland devorlar bilan o‘ralgan ekan». So‘ng Xolib: «Biz ularni yenga olamiz. Kelinglar, hoziroq yo‘lga chiqaylik!» — deb aytdi. Xolib nega bunday deganini bilasizmi? Chunki u va Yoshua Yahovaga ishonishgan. Biroq qolgan o‘nta ayg‘oqchi: «Yo‘q! U yerdagi odamlar xuddi devqomatlarday bahaybat! Biz ularning oldida chigirtkalardaymiz»,— deyishdi.

Bundan isroilliklar tushkunlikka tushdi. Ular noliy boshlashdi va bir-biriga: «Kelinglar, o‘zimizga boshqa yo‘lboshchi tanlab, Misrga qaytib ketamiz. Nega biz Kan’onga borib, o‘lib ketishimiz kerak?!» — deyishdi. Yoshua bilan Xolib bo‘lsa: «Yahovaga itoatsizlik qilmanglar, qo‘rqmanglar. Yahova bizni himoya qiladi»,— deb aytishdi. Lekin isroilliklar ularga quloq solishmadi. Ular hatto Yoshua bilan Xolibni o‘ldirmoqchi bo‘lishdi!

Yahova nima qildi? U Musoga shunday dedi: «Isroilliklarga shuncha yaxshilik qilsam ham, ular Menga quloq solishmayapti. Shuning uchun ular 40 yil sahroda qolib, shu yerda o‘lib ketishadi. Faqat ularning bolalari va Yoshua bilan Xolib Men va’da qilgan yurtda yashaydi».

«Eh, imoni sustlar, namuncha qo‘rqmasangizlar?!» (Matto 8:26)