Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

27-DARS

Isroilliklar Yahovaga qarshi isyon ko‘taradi

Isroilliklar Yahovaga qarshi isyon ko‘taradi

Oradan vaqt o‘tib, isroilliklar sahroda bo‘lgan paytda Ko‘rax, Datan, Aburam va 250 ta boshqa kishi Musoga qarshi isyon ko‘tarishdi. Ular Musoga shunday deyishdi: «Bo‘ldi, yetar! Nega endi siz bizga yo‘lboshchi, Horun esa oliy ruhoniy bo‘lishi kerak? Yahova faqat siz va Horun bilan emas, U barchamiz bilan». Yahovaga bu yoqmadi. Buni O‘ziga qarshi ko‘tarilgan isyon deb bildi.

Muso Ko‘raxga va tarafdorlariga: «Ertaga olovkuraklaringizga tutatqi solib, muqaddas chodir yoniga kelinglar. Yahova bizga kimni tanlaganini ko‘rsatadi»,— deb aytdi.

Keyingi kuni Ko‘rax va 250 ta kishi Muso bilan ko‘rishish uchun muqaddas chodir yoniga borishdi. Ular xuddi ruhoniylardek tutatqi tutatishdi. Yahova Muso bilan Horunga: «Ko‘rax va uning odamlari orasidan ajralib chiqinglar»,— dedi.

Ko‘rax muqaddas chodirga, Musoning oldiga bordi. Ammo Datan, Aburam va ularning oilasi kelishdan bosh tortdi. Yahova isroilliklarga Ko‘rax, Datan va Aburamning chodirlaridan uzoqroq turishni aytdi. Isroilliklar shu zahotiyoq uzoqroq ketishdi. Datan, Aburam va ularning oilalari chodirlaridan tashqarida edi. Kutilmaganda yer ikkiga bo‘linib, ularni yutib yubordi! Muqaddas chodir yonida turgan Ko‘rax va 250 ta kishining ustiga olov tushib, ularni yutib yubordi.

Yahova Musoga shunday dedi: «Har bitta qabila yo‘lboshchisidan tayog‘ini olgin-da, ustiga ismini yozib qo‘y. Ammo Levi qabilasiga tegishli tayoqqa Horunning ismini yoz. Tayoqlarni muqaddas chodirga olib kir, shunda Men tanlagan kishining tayog‘i gullaydi».

Ertasi kuni Muso hamma tayoqlarni olib chiqib, yo‘lboshchilarga ko‘rsatdi. Horunning tayog‘i gullab, unda bodomlar pishibdi. Shu yo‘sin Yahova Horunni oliy ruhoniy bo‘lish uchun tanlaganini tasdiqladi.

«Orangizda rahbarlikni o‘z zimmasiga olganlarga itoatkor bo‘lib, ularga quloq solinglar». (Ibroniylarga 13:17)