Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

30-DARS

Rahoba ayg‘oqchilarni yashiradi

Rahoba ayg‘oqchilarni yashiradi

Isroillik ayg‘oqchilar Yerixo shahriga borishdi va Rahoba ismli ayolning uyida qolishdi. Yerixo shohi bundan xabar topib, Rahobaning uyiga askarlarni jo‘natdi. Rahoba esa ikkita ayg‘oqchini tomga yashirdi va askarlarni boshqa tomonga jo‘natib yubordi. Rahoba ayg‘oqchilarga shunday dedi: «Men sizlarga yordam beraman, chunki Yahova sizlar tomonda ekanini va yurtni zabt etishingizni bilaman. Iltimos, oilamni saqlab qolishga va’da beringlar».

Ayg‘oqchilar Rahobaga: «Uyingizning ichkarisida bo‘lgan hech kim zarar ko‘rmaydi, deb va’da beramiz. Derazangizga qizil arqonni bog‘lab qo‘ying, shunda oilangiz qutqariladi»,— deyishdi.

Rahoba ayg‘oqchilarni derazadan arqon yordamida pastga tushirdi. Ular uch kun tog‘larda yashirinib yurgach, Yoshuaning yoniga qaytishdi. Keyin isroilliklar Iordan daryosini kechib o‘tishdi va yurtni bosib olishga tayyorlanishdi. Yerixo ular zabt etgan birinchi shahar edi. Yahova ularga olti kun davomida, har kuni bir martadan shahar atrofini aylanib chiqishni buyurdi. Yettinchi kuni esa ular shahar atrofini yetti marta aylanib chiqishdi. So‘ng ruhoniylar burg‘u chaldi, askarlar esa ovozi boricha baqirdi. Shunda shahar devorlari qulab tushdi! Lekin shahar devorida joylashgan Rahobaning uyiga hech narsa qilmadi. Rahoba va uning oilasi Yahovaga ishongani uchun omon qoldi.

«Shu singari,.. Rahoba ham ayg‘oqchilarni mehmondo‘stlik bilan qabul qilib, so‘ng ularni boshqa yo‘l bilan kuzatib, ishlari tufayli odil deb tan olingan emasmidi?» (Yoqub 2:25)