Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

31-DARS

Yoshua va givonliklar

Yoshua va givonliklar

Yerixo bilan nima sodir bo‘lgani haqidagi xabar Kan’onda yashovchi boshqa xalqlarga ma’lum bo‘ldi. Ularning shohlari birga yig‘ilib isroilliklarga qarshi jang qilish qaroriga kelishdi. Lekin givonliklar boshqacha yo‘l tutishdi. Ular eskirgan kiyimlarni kiyib, Yoshuaning oldiga borishdi-da, shunday deyishdi: «Biz uzoq yurtdan keldik. Yahova haqida va U sizlar uchun Misr bilan Mo‘abda nima qilganini eshitdik. Bizga hujum qilmaslikka va’da bersangiz, sizlarga xizmatkor bo‘lamiz».

Yoshua ularga ishonib, hujum qilmaslikka rozi bo‘ldi. Uch kundan so‘ng, ular olis yurtdan kelmaganini Yoshua bilib qoldi. Ular Kan’on yurtida yashardi. Yoshua givonliklardan: «Nega bizni aldadingiz?» — deb so‘radi. Ular javoban: «Biz qo‘rqib ketdik. Xudoyingiz Yahova sizlar uchun jang qilayotganini bilamiz. Iltimos, bizni o‘ldirmanglar»,— deyishdi. Yoshua va’dasida turib ularni tirik qoldirdi.

Ko‘p o‘tmay, beshta kan’onlik shoh qo‘shini bilan givonliklarga hujum qilishga shaylandi. Yoshua givonliklarni himoya qilish uchun qo‘shini bilan tuni bo‘yi yo‘l yurdi. Ertalab esa jang boshlandi. Kan’onliklar har tomonga qocha boshladi. Ular qayerga qochmasin, Yahova ularning ustiga osmondan katta toshlarni yog‘dirdi. Keyin Yoshua Yahovadan quyoshni bir joyda to‘xtatib qo‘yishni so‘radi. Agar quyosh hech qachon bir joyda turmagan bo‘lsa, nega Yoshua Yahovadan bunday qilishni so‘radi? Chunki Yoshua Yahovaga ishonardi. Isroilliklar kan’onlik shohlarni va ularning qo‘shinini yengmagunicha quyosh botmadi.

«“Ha” deganingiz “ha” bo‘lsin, “yo‘q” deganingiz “yo‘q” bo‘lsin. Bundan ortig‘i esa Shaytondandir». (Matto 5:37)