Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

32-DARS

Yangi yo‘lboshchi va ikkita jasur ayol

Yangi yo‘lboshchi va ikkita jasur ayol

Ko‘p yillar mobaynida Yahovaning xalqiga yo‘lboshchilik qilgan Yoshua 110 yoshida vafot etdi. U tirikligida isroilliklar Yahovaga topinishardi. Ammo uning o‘limidan so‘ng, ular kan’onliklar singari butlarga sig‘ina boshlashdi. Isroilliklar Yahovaga quloq solmagani bois, U kan’onliklarning Yobin ismli shohi ularga zulm o‘tkazishiga yo‘l qo‘ydi. Xalq Yahovaga yolvorib, yordam so‘radi. Yahova ularga Baraq ismli yangi yo‘lboshchini tayinladi. U xalq yana Yahovaga topinishiga yordam berdi.

Dobira ismli payg‘ambar ayol Baraqqa Yahovadan quyidagi xabarni yetkazdi: «Yoningga 10 000 kishini olib, Xishon soyida Yobinning qo‘shinini qarshi olishga bor. O‘sha yerda Yobinning lashkarboshisi Sisaroni mag‘lub qilasan». Baraq bo‘lsa Dobiraga: «Agar men bilan birga borsangiz, boraman»,— deb aytdi. Dobira unga: «Albatta siz bilan boraman. Ammo shuni bilingki, Sisaroni siz o‘ldirmaysiz. Yahovaning so‘zlariga ko‘ra, uni ayol kishi o‘ldiradi»,— dedi.

Jangga tayyorlanish uchun Dobira Baraq va uning qo‘shini bilan Tovur tog‘iga bordi. Bu haqda eshitgan zahoti, Sisaro jang aravalari va lashkarini vodiyda to‘pladi. Dobira Baraqqa: «Yahova sizga bugun g‘alaba beradi»,— deb aytdi. Baraq va uning 10 000 ta odami shiddat bilan tog‘dan tushib, Sisaroning kuchli qo‘shiniga qarshi chiqishdi.

Yahova Xishon soyini toshirdi va Sisaroning jang aravalari loyga botib qoldi. Shunda Sisaro aravasini tashladi-da, qochib ketdi. Baraq bilan askarlari Sisaroning qo‘shinini mag‘lub qilishdi, lekin Sisaro qochib qutuldi! U qochib ketib, Yovel ismli ayolning chodirida yashirinib oldi. Yovel Sisaroga ichgani sut berdi, keyin ustini choyshab bilan yopib qo‘ydi. U charchagani uchun uxlab qoldi. Yovel sekingina uning oldiga bordi-da, boshiga chodir qozig‘ini qoqib qo‘ydi. Shunday qilib, Sisaro o‘ldi.

Shu payt Baraq Sisaroni izlab keldi. Yovel chodiridan chiqib, unga: «Ichkariga kiring. Siz izlayotgan odamni ko‘rsataman»,— dedi. Baraq ichkariga kirib, Sisaro o‘lib yotganini ko‘rdi. Isroilliklarga dushmanlari ustidan g‘alaba bergani uchun Baraq bilan Dobira qo‘shiq kuylab, Yahovani maqtashdi. Keyingi 40 yil mobaynida Isroilda tinchlik hukm surdi.

«Xushxabarni e’lon qilayotgan ayollar ulkan qo‘shindir». (Zabur 68:11)