Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

33-DARS

Rut va Naima

Rut va Naima

Isroilda ocharchilik boshlanganida Naima ismli ayol eri va ikkita o‘g‘li bilan Mo‘ab yurtiga ko‘chib ketdi. Keyinchalik Naimaning eri vafot etdi. Uning o‘g‘illari Rut va O‘rpa ismli mo‘ablik qizlarga uylanishdi. Afsuski, vaqt o‘tib Naimaning o‘g‘illari ham hayotdan ko‘z yumishdi.

Isroilda ocharchilik tugaganini eshitib, Naima uyiga qaytishga qaror qildi. Rut bilan O‘rpa ham u bilan ketishayotgan edi. Lekin yo‘lda Naima ularga: «Sizlar o‘g‘illarimga yaxshi xotin, menga esa yaxshi kelin bo‘ldingiz. Ikkingiz ham qayta turmush qurishingizni istayman. Shuning uchun uyingizga, Mo‘abga qaytinglar»,— dedi. Ular esa Naimaga: «Biz sizni yaxshi ko‘ramiz, sizni tashlab ketishni istamaymiz»,— deyishdi. Naima ularni ortga qaytarishga rosa urindi. Oxiri O‘rpa uyiga qaytib ketdi, Rut esa qoldi. Naima unga: «O‘rpa o‘z xalqi va o‘z xudolari oldiga qaytib ketyapti, siz ham u bilan ota-onangizning uyiga qayting»,— dedi. Ammo Rut: «Yo‘q, sizni tashlab ketmayman. Sizning xalqingiz mening xalqim, sizning Xudoyingiz mening Xudoyim bo‘ladi»,— deb javob berdi. Nima deb o‘ylaysiz, Rutning so‘zlarini eshitganida Naima o‘zini qanday his qildi?

Rut va Naima arpa o‘rim-yig‘imi boshlanganida Isroilga kelishdi. Bir kuni Rut tushib qolgan boshoqlarni terish uchun Boz ismli kishining dalasiga bordi. Bu kishi Rahobaning nabirasi edi. Boz Rut mo‘ablik ekanini va sadoqat ila Naimaning yonida qolganini eshitgan edi. U xizmatkorlariga Rut terib olishi uchun don boshoqlaridan biroz tashlab ketishni buyurdi.

O‘sha kuni kechqurun Naima Rutdan: «Bugun kimning dalasida ishladingiz»,— deb so‘radi. Rut: «Boz ismli kishining dalasida»,— deb javob berdi. Naima esa: «Boz erimning qarindoshlaridan biri bo‘ladi. Boshqa ayollarga qo‘shilib uning dalasida ishlayvering. U yerda xavfsizlikda bo‘lasiz»,— dedi.

Rut o‘rim-yig‘im tugaguncha Bozning dalasida ishlab yurdi. Boz Rut jon kuydirib mehnat qilayotganiga va yaxshi ayol ekaniga e’tibor qaratdi. O‘sha paytlarda agar biror kishi o‘lsa-yu, o‘g‘li bo‘lmasa, uning qarindoshi o‘sha kishining bevasiga uylanardi. Shuning uchun Boz Rutga uylandi. Ular o‘g‘il ko‘rishdi va ismini Obid qo‘yishdi. Keyinchalik u shoh Dovudning bobosi bo‘ldi. Naimaning do‘stlari rosa xursand bo‘lishdi. Ular: «Avvaliga Yahova sizga ko‘p yaxshilik qilgan Rutni berdi, endi esa nabira ham ato etdi. Yahovaga shon-sharaflar bo‘lsin»,— deyishdi.

«Tug‘ishgandan ham yaqinroq do‘st bor». (Hikmatlar 18:24)