Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

34-DARS

Gido‘n midiyonliklarni mag‘lub qiladi

Gido‘n midiyonliklarni mag‘lub qiladi

Vaqt o‘tib, Isroil xalqi Yahovadan yuz o‘girdi va soxta xudolarga sig‘ina boshladi. Midiyonliklar yetti yil mobaynida isroilliklarning mol-qo‘ylarini o‘g‘irlab, yerlaridagi hosilni yo‘q qilishdi. Isroilliklar ulardan qochib, g‘orlar-u tog‘larga yashirinadigan bo‘lishdi. Ular Yahovaga yolvorib, midiyonliklardan qutqarishni so‘rashdi. Shunda Yahova Gido‘n ismli yigitning oldiga O‘z farishtasini yubordi. Farishta unga: «Qudratli jangchi bo‘lishing uchun Yahova seni tanladi»,— deb aytdi. Gido‘n esa: «Qanday qilib men Isroil xalqini qutqaraman? Axir men hech kim emasman-ku?!» — dedi.

Qanday qilib Gido‘n Yahova uni tanlaganini bilib oldi? Gido‘n yerga junni qo‘ydi-da, Yahovaga shunday dedi: «Agar ertaga ertalab junning ustiga shudring tushsa va u ho‘l bo‘lsa, ammo yer quruq bo‘lsa, Isroilni qutqarish uchun meni tanlaganingni bilib olaman». Gido‘n ertalab turib, jun jiqqa ho‘l, yer esa qup-quruq ekanini ko‘rdi. Ammo Gido‘n ertasi kuni jun quruq, yer esa ho‘l bo‘lishini so‘radi. So‘ragani amalga oshganida, Gido‘n Yahova uni tanlaganiga amin bo‘ldi. U midiyonliklarga qarshi jang qilish uchun askarlarni to‘pladi.

Yahova Gido‘nga quyidagilarni aytdi: «Men isroilliklarga g‘alaba beraman. Lekin askarlaring juda ko‘p va sizlar jangda o‘zimiz g‘alaba qozondik, deb o‘ylashingiz mumkin. Qo‘rqayotganlarga uyiga qaytishi mumkinligini ayt». Shunday qilib, 22 000 askar uyiga qaytib ketdi, 10 000 tasi esa Gido‘nning oldida qoldi. Yahova Gido‘nga: «Oldingdagi askarlar soni haliyam ko‘p. Ularni suv yoniga olib borgin-da, suv ichishlarini ayt. Suv ichayotgan paytda dushman kelmayaptimikan, deb qarab turgan kishilarnigina oldingda qoldir»,— dedi. Suv ichayotgan paytda faqat 300 kishi hushyor turdi. Yahova mana shu ozchilik 135 000 midiyonlik askarlar ustidan g‘alaba qozonadi, deb va’da berdi.

O‘sha kecha Yahova Gido‘nga: «Midiyonliklarga hujum qilish payti keldi!» — deb aytdi. Gido‘n odamlariga burg‘u va ichiga mash’al yashirilgan katta ko‘zalarni berdi. Ularga: «Menga qarab turinglar va men nima qilsam, shuni qilinglar»,— dedi. Gido‘n burg‘u chaldi, ko‘zani sindirib, mash’alni silkitdi-da: «Yahova bilan Gido‘nning qilichi!» — deb baqirdi. Uning 300 ta odami ham xuddi shunday qildi. Midiyonliklar qo‘rqib, har tomonga qochib ketishdi. To‘s-to‘polon ko‘tarilib, ular bir-biriga hujum qila boshlashdi. Bu safar ham Yahova isroilliklarga dushmanlari ustidan g‘alaba qozonishga yordam berdi.

«Insonlarnikidan ustun turgan kuch bizdan emas, Xudodan ekani aniq ko‘rinib tursin». (2 Korinfliklarga 4:7)