Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

35-DARS

Xanna o‘g‘il so‘rab ibodat qiladi

Xanna o‘g‘il so‘rab ibodat qiladi

Elqana ismli isroillik kishining Xanna hamda Paninna degan ikkita xotini bor edi. Ammo Elqana Xannani ko‘proq yaxshi ko‘rardi. Xannaning farzandlari yo‘q edi, Paninnaning esa bolalari ko‘p edi. Shuning uchun Paninna doim Xannani mazax qilardi. Har yili Elqana Xudoga topinish uchun butun oilasi bilan Shilo‘dagi muqaddas chodirga borardi. Bir safar o‘sha yerda bo‘lishganida, Elqana suyukli xotini Xanna qattiq xafa ekanini payqadi. U xotiniga: «Iltimos, yig‘lamagin. Axir men borman-ku! Seni yaxshi ko‘raman»,— deb aytdi.

Keyin Xanna xoli qolib ibodat qilgani ketdi. Yahovadan yordam so‘rab ibodat qilayotganida, yig‘idan o‘zini to‘xtata olmadi. U: «Yahova, agar menga o‘g‘il ato etsang, uni Senga beraman va u Senga butun umr xizmat qiladi»,— deb va’da berdi.

Oliy ruhoniy Elax Xannaning hiqillab yig‘layotganini ko‘rib, uni mast, deb o‘yladi. Xanna: «Yo‘q, taqsirim, mast emasman. Mening bir dardim bor. Men shu haqda Yahovaga ibodat qilayotgandim»,— deb aytdi. Elax adashganini tushunib, unga: «Iloyim, Xudo niyatingga yetkazsin»,— dedi. Xanna ancha yengil tortib, o‘z yo‘liga qaytdi. Bir yil o‘tar-o‘tmas, u o‘g‘il ko‘rdi va chaqaloqqa Shomuil deb ism berdi. Xannaning xursandchiligi ichiga sig‘maganini bir tasavvur qiling!

Xanna Yahovaga bergan va’dasini unutmadi. Shomuilni sutdan chiqarishi bilanoq, Xanna uni muqaddas chodirda xizmat qilgani olib bordi. U Elaxga: «Mana shu bolani Xudodan so‘rab ibodat qilgandim. Uni butun umr Yahovaga xizmat qilishi uchun bermoqchiman»,— deb aytdi. Har yili Elqana bilan Xanna Shomuilni ko‘rgani borib, unga yangi kamzul olib kelishardi. Yahova Xannaga yana uchta o‘g‘il va ikkita qiz ato etdi.

«So‘rab turinglar va sizlarga beriladi, izlab turinglar va topasizlar». (Matto 7:7)