Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

38-DARS

Yahova Shimsho‘nni kuchli qiladi

Yahova Shimsho‘nni kuchli qiladi

Ko‘p isroilliklar yana butlarga sig‘ina boshlashdi. Shu sababli Yahova filistimliklar ularning yurtini boshqarishiga yo‘l qo‘ydi. Lekin ayrim isroilliklar Yahovani yaxshi ko‘rishardi. Ulardan biri Monuvax edi. U va xotinining bolalari yo‘q edi. Bir kuni Yahova Monuvaxning xotini oldiga farishtasini yubordi. Farishta unga: «Sen o‘g‘il ko‘rasan va u Isroilni filistimliklar qo‘lidan qutqaradi. U Xudoga nazr qilingan bo‘ladi»,— dedi. Xudoga nazr qilinganlar kimligini bilasizmi? Ular Yahovaning o‘zgacha xizmatchilari. Xudoga nazr qilingan kishilar sochini oldirishi mumkin emasdi.

Vaqti kelib Monuvaxning o‘g‘li tug‘ildi va u o‘g‘lining ismini Shimsho‘n qo‘ydi. Shimsho‘n ulg‘ayganida Yahova uni juda kuchli qildi. U qo‘llari bilan sherni o‘ldira olardi. Bir safar Shimsho‘n yolg‘iz o‘zi 30 ta filistimlikni o‘ldirdi. Filistimliklar undan nafratlanishardi va uni o‘ldirish imkonini izlashayotgan edi. Bir kuni Shimsho‘n G‘azo shahrida yotib qoldi. Ertalab uni o‘ldirish uchun filistimliklar shahar darvozasi oldida poylab turishdi. Ammo Shimsho‘n yarim kechasi uyg‘onib, shahar darvozasi yoniga bordi-da, uni devoridan qo‘porib oldi. U darvozani yelkasiga ortib, Xevron yaqinidagi tog‘ning tepasiga olib borib qo‘ydi!

Keyinchalik filistimliklar Shimsho‘nning sevgilisi Dalilaning oldiga borib shunday deyishdi: «Agar Shimsho‘n nega shunchalik kuchli ekanini bilib bersang, senga juda ko‘p pul beramiz. Biz uni ushlab, qamoqqa tashlamoqchimiz». Dalila pul olishni istagani uchun bunga rozi bo‘ldi. Avvaliga Shimsho‘n nega shunchalik kuchli ekanini aytishni istamadi. Lekin Dalila so‘rayverib Shimsho‘nning joniga tegib ketdi va u sirini aytib qo‘ydi. U Dalilaga: «Xudoga nazr qilinganim uchun hech qachon sochimni olishmagan. Agar sochimni olib tashlashsa, kuchimdan ayrilaman»,— dedi. Shimsho‘n unga sirini aytib katta xato qildi.

Dalila darhol filistimliklarga: «Uning sirini bilib oldim»,— dedi. Dalila Shimsho‘nning boshini tizzasiga qo‘yib uxlatdi. Keyin odam chaqirtirib, uning sochini oldirib tashladi. U: «Shimsho‘n, filistimliklar kelyapti!» — deb qichqirdi. Shimsho‘n uyg‘onganida kuchsiz bo‘lib qolgan edi. Filistimliklar uni ushlab, ko‘zlarini o‘yib olishdi va qamoqqa tashlashdi.

Bir kuni minglab filistimliklar xudosi Do‘g‘onning ibodatxonasida to‘planishdi. Ular: «Xudoyimiz Shimsho‘nni qo‘limizga tutib berdi! Shimsho‘nni olib kelinglar, bizga tomosha ko‘rsatsin»,— deyishdi. Ular Shimsho‘nni ikkita ustun orasiga turg‘izib qo‘yishdi va ustidan kulishdi. Shimsho‘n Yahovaga iltijo qilib: «Ey Yahova, o‘tinaman, menga yana bir bor kuch ato et»,— dedi. Bu paytga kelib Shimsho‘nning sochlari ancha o‘sib qolgandi. U bor kuchi bilan ibodatxona ustunlarini itardi. Shunda bino qulab tushdi va uning ichidagi hamma odamlar o‘ldi. Shimsho‘n ham ular bilan birga vafot etdi.

«Meni qo‘llab-quvvatlayotganning madadi bilan har narsani qila olaman». (Filippiliklarga 4:13)