Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

42-DARS

Jasur va sadoqatli Yo‘natan

Jasur va sadoqatli Yo‘natan

Shoulning o‘g‘li Yo‘natan jasur jangchi edi. Dovud Yo‘natan haqda u burgutdan ham chaqqonroq, sherdan ham qudratliroq, deb aytgandi. Bir kuni Yo‘natan qoyaning tepasida bir nechta filistimlik jangchini ko‘rdi. U qurolbardoriga: «Agar Yahova bizga belgi bersa, ularga hujum qilamiz. Ular biz tomonga kelinglar deyishsa, demak hujumga o‘tamiz»,— deb aytdi. Filistimliklar: «Qani, bu yoqqa kelinglar-chi, bir ta’ziringizni berib qo‘yaylik!» — deb baqirishdi. Shunda u qurolbardori bilan qoyaga chiqib, 20 ta jangchini mag‘lub qildi.

Yo‘natan Shoulning to‘ng‘ich o‘g‘li bo‘lgani uchun shoh bo‘lishi kerak edi. Ammo Yahova Isroilning keyingi shohi sifatida Dovudni tanlagandi. Yo‘natan buni bilsa-da, unga hasad qilmasdi. Yo‘natan bilan Dovud qalin do‘st bo‘ldi. Ular bir-birini himoya qilishga va’da berishdi. Yo‘natan o‘rtadagi do‘stlik ramzi sifatida Dovudga o‘zining kamzuli, qilichi, kamoni va kamarini berdi.

Dovud Shoulning dastidan qochib ketganida, Yo‘natan do‘stining oldiga borib: «Kuchli va jasoratli bo‘lgin. Yahova seni shoh qilib tanladi. Hatto otam ham buni biladi»,— deb aytdi. Sizning ham Yo‘natanga o‘xshagan qalin do‘stingiz bo‘lishini xohlaysizmi?

Yo‘natan do‘stiga yordam berish uchun ko‘p marotaba jonini xavf ostiga qo‘ydi. U otasi Dovudni o‘ldirmoqchi ekanini bilib, unga shunday dedi: «Dovudni o‘ldirsangiz gunohga botasiz. Axir u sizga hech qanday yomonlik qilgani yo‘q-ku!» Bu gapdan Shoulning jahli chiqib ketdi.

Bir necha yil o‘tgach, Shoul va Yo‘natan jangda halok bo‘lishdi. Yo‘natanning o‘limidan so‘ng, Dovud uning o‘g‘li Mefibositni qidirdi. Topganida unga shunday dedi: «Otang qalin do‘stim bo‘lgani uchun butun umring davomida senga g‘amxo‘rlik qilaman. Sen saroyimda yashab, dasturxonimdan taom yeysan». Dovud aslo Yo‘natanni unutmadi.

«Men sizlarni qanday sevgan bo‘lsam, sizlar ham bir-biringizni shunday seving. Kim o‘z do‘stlari uchun jonini bersa, bundan buyukroq sevgi yo‘qdir». (Yuhanno 15:12, 13)