Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

43-DARS

Shoh Dovudning gunohi

Shoh Dovudning gunohi

Shoulning o‘limidan so‘ng, Dovud 30 yoshida shoh bo‘ldi. U bir necha yil shohlik qilgach, jiddiy xatoga yo‘l qo‘ydi. Bir kuni kechasi u saroyining tomidan chiroyli ayolni ko‘rib qoldi. Dovud uning ismi Botsheva ekanini va u Uriyo ismli jangchining xotini ekanini bilib oldi. Dovud Botshevani saroyga olib kelishlarini buyurdi va u bilan yotdi. Botsheva homilador bo‘lib qoldi. Dovud qilgan ishini yashirishga urindi. U lashkarboshiga Uriyoni jangda old qatorga qo‘yishni va keyin ortga chekinib uni yolg‘iz qoldirishni buyurdi. Uriyo jangda halok bo‘lgach, Dovud Botshevaga uylandi.

Yahova Dovudning barcha yomon ishlarini ko‘rib turgandi. Xo‘sh, U nima qildi? Yahova payg‘ambari Natanni Dovudning yoniga yubordi. Natan unga shunday dedi: «Bir boy odamning qo‘ylari ko‘p ekan. Kambag‘al odamda esa bittagina sevimli qo‘zichog‘i bor ekan. Boy kishi kambag‘alning yakka-yu yagona qo‘zichog‘ini olib qo‘yibdi». Buni eshitib Dovudning qattiq jahli chiqdi va u: «Boy odam o‘limga loyiq!» — dedi. Natan unga: «Siz o‘sha odamsiz!» — deb aytdi. Dovud qilgan ishidan pushaymon bo‘lib, Natanga: «Men Yahovaga qarshi gunoh qildim»,— dedi. Bu gunohi Dovudga va oilasiga ko‘p azob keltirdi. Yahova Dovudni jazoladi, lekin aybini tan olgani va kamtarin bo‘lgani uchun uni tirik qoldirdi.

Dovud Yahovaga atab ma’bad qurmoqchi bo‘ldi. Biroq Yahova bu ishni bajarish uchun Dovudning o‘g‘li Sulaymonni tanladi. Dovud Sulaymon uchun kerakli narsalarni tayyorlay boshladi va shunday dedi: «Yahovaga atab quriladigan ma’bad mahobatli bo‘lishi lozim. Sulaymon esa hali yosh. Men kerakli narsalarni tayyorlab, unga yordam beraman». Dovud o‘zining ko‘p pulini qurilish uchun ehson qildi. U ustalarni topdi, oltin va kumush to‘pladi, Tir bilan Sidondan kedr yog‘ochlarini keltirdi. Hayoti oxirlab qolganida Dovud Sulaymonga ma’badning loyihasini berdi. U o‘g‘liga: «Bularning barini senga chizib berishim uchun Yahova menga aql-idrok ato etdi. U senga ham yordam beradi. Qo‘rqma, jasoratli bo‘lib ishni boshla»,— dedi.

«Gunohlarini bekitgan muvaffaqiyatga erishmaydi, ularni tan olib, soqit qilganga esa rahm-shafqat ko‘rsatiladi». (Hikmatlar 28:13)