Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

44-DARS

Yahovaga atalgan ma’bad

Yahovaga atalgan ma’bad

Sulaymon Isroil ustidan shoh bo‘lgach, Yahova unga: «Tila tilagingni»,— deb aytdi. Sulaymon Unga: «Men hali yoshman va nima qilishni bilmayapman. Iltimos, Sening xalqingga g‘amxo‘rlik qilishim uchun menga donolik ber»,— dedi. Yahova esa: «Donolik so‘raganing uchun seni yer yuzidagi eng dono insonga aylantiraman. Senga boylik ham beraman. Agar Menga quloq solsang umring uzoq bo‘ladi»,— deb aytdi.

Sulaymon ma’badni qura boshladi. Qurilishda u eng yaxshi oltin, kumush, yog‘och va qimmatbaho toshlarni ishlatdi. Minglab mahoratli erkag-u ayollar ma’badning qurilishida qatnashdi. Yetti yil o‘tib, ma’bad Yahovaga bag‘ishlanish uchun tayyor bo‘ldi. Ma’badda qurbongoh bor edi va uning ustida ko‘p qurbonlik keltirishdi. Sulaymon qurbongoh qarshisida tiz cho‘kkancha, shunday ibodat qildi: «Ey Yahova, bu ma’bad Sen uchun kichiklik qiladi va Senga loyiq darajada chiroyli emas. Biroq iltimos, topinishimiz Senga ma’qul kelsin va ibodatlarimizni eshitgin». Ma’bad va Sulaymonning ibodati Yahovaga yoqdimi? Sulaymon ibodatini tugatishi bilanoq Yahova osmondan olov tushirdi va qurbongohdagi qurbonliklarni yondirib yubordi. Shunday qilib, Yahova ma’bad Unga yoqqanini ko‘rsatdi. Isroilliklar buni ko‘rib juda xursand bo‘lishdi.

Shoh Sulaymon donoligi tufayli butun Isroilda va olis yurtlarda mashhur bo‘lib ketdi. Odamlar muammolarini hal qilish uchun Sulaymondan yordam so‘rab kelishardi. Hatto Shava malikasi qiyin savollar berib, Sulaymonni sinash uchun keldi. Malika uning javoblarini eshitganida: «Odamlar siz haqingizda aytganlariga ishonmagan edim. Lekin endi ular aytganidan ham donoroq ekaningizni ko‘rdim. Tangringiz Yahova sizga baraka beribdi»,— dedi. Isroilliklar yaxshi yashardi va hamma baxtli edi. Biroq bu uzoqqa cho‘zilmadi.

«Qarshingizda turgan kishi Sulaymondan ham donoroqdir». (Matto 12:42)