Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

45-DARS

Shohlik ikkiga bo‘linadi

Shohlik ikkiga bo‘linadi

Sulaymon Yahovaga topinib yurganida Isroilda tinchlik hukm surdi. Lekin u begona xalqlardan bo‘lgan ko‘pgina butparast ayollarga uylandi. Sulaymon asta-sekin xotinlariga o‘xshab butlarga sajda qila boshladi. Bundan Yahovaning jahli chiqib, unga shunday dedi: «Isroil shohligi oilangdan tortib olinib, ikkiga bo‘linadi. Shohlikning katta qismini xizmatkorlaringdan biriga beraman. Sening oilang esa shohlikning kichik bir qismi ustidan boshqaradi, xolos».

Keyin Yahova bu qarorini yana bir bor tasdiqladi. Sulaymonning xizmatkori Yorubom yo‘lda ketayotganida Oxiyo ismli payg‘ambarga duch keldi. Oxiyo egnidagi kamzulini 12 bo‘lak qilib yirtdi va Yorubomga quyidagilarni aytdi: «Yahova Sulaymonning oilasidan Isroil shohligini tortib olib, uni ikkiga bo‘ladi. Mana bu o‘nta bo‘lakni oling, chunki siz o‘nta qabila ustidan shoh bo‘lasiz». Shoh Sulaymon bu haqda eshitib, Yorubomni o‘ldirmoqchi bo‘ldi. Yorubom esa Misrga qochib ketdi. Vaqt o‘tib, Sulaymon vafot etdi va uning o‘g‘li Raxabom shoh bo‘ldi. Shunda Yorubom «Endi Isroilga qaytsam bo‘ladi», deb o‘yladi.

Isroil oqsoqollari Raxabomga: «Agar xalqqa yaxshi munosabatda bo‘lsangiz, ular sizga sadoqatli bo‘lishadi»,— deb aytishdi. Ammo Raxabomning yosh do‘stlari: «Xalqqa qattiqqo‘l bo‘lishingiz kerak! Ularni yanada ko‘proq ishlatishingiz kerak!» — deyishdi. Raxabom do‘stlarining maslahatiga quloq soldi. U xalqqa shafqatsiz munosabat ko‘rsatdi va Isroilning o‘nta qabilasi unga qarshi isyon ko‘tardi. Ular Yorubomni Isroilning o‘nta qabilasi ustidan shoh etib tayinlashdi va bu shohlik Isroil shohligi deb ataldi. Shu yo‘sin, Isroilning 12 ta qabilasi ikkiga bo‘lindi.

Raxabom Quddusda shohlik qilardi. Yorubom xalq topinish uchun u yerdagi ma’badga borishini istamadi. Negaligini bilasizmi? Yorubom xalq undan yuz o‘girib, Raxabomni qo‘llab-quvvatlashidan qo‘rqdi. Shu bois, u oltindan ikkita buzoq yasadi-da, xalqqa shunday dedi: «Quddus juda uzoq. Mana shu yerda ham topinsangiz bo‘ladi». Odamlar shu oltin buzoqlarga sig‘ina boshlashdi va Yahovani yana esdan chiqarishdi.

«Imondosh bo‘lmaganlar bilan bitta bo‘yinturuqqa qo‘shilmanglar. Axir odillik bilan qonunsizlik o‘rtasida qanday umumiylik bor?» (2 Korinfliklarga 6:14)