Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

46-DARS

Yahova haq Xudo ekanini ko‘rsatadi

Yahova haq Xudo ekanini ko‘rsatadi

O‘n qabilali Isroil shohligini boshqargan shohlarning aksariyati yomon edi. Ammo Axab ularning hammasidan yovuzroq edi. U Baalga sig‘inadigan yovuz ayolga uylandi. Bu ayolning ismi Izabel edi. Axab bilan Izabel dastidan butun yurt Baalga sajda qila boshladi. Bu ham yetmaganidek, ular Yahovaning payg‘ambarlarini o‘ldirishdi. Yahova qanday chora ko‘rdi? U payg‘ambari Ilyos orqali Axabga xabar yubordi.

Ilyos shoh Axabga uning yovuzligi dastidan Isroil yurtiga yomg‘ir yog‘masligini aytdi. Uch yildan oshiq payt davomida, yurtda hech qanday ekin o‘smadi va odamlar ochlikdan azob chekdi. Yahova Ilyosni yana Axabning oldiga yubordi. Shoh unga: «Sen faqat tashvish keltirasan! Hammasiga sen aybdorsan!» — deb aytdi. Ilyos unga javoban dedi: «Qurg‘oqchilik bo‘layotganiga men aybdor emasman. Sen Baalga sig‘inayotganing uchun shunday bo‘lyapti. Kel, haq Xudo kim ekanini ko‘rsatadigan bir sinov o‘tkazaylik. Xalqni va Baalning payg‘ambarlarini Karmil tog‘iga to‘pla».

Odamlar tog’ga yig‘ildi. Ilyos ularga shunday dedi: «Bir qarorga kelinglar. Agar Yahova haq Xudo bo‘lsa, Unga ergashinglar. Bordi-yu, Baal haq Xudo bo‘lsa, unga ergashinglar. Kelinglar, sinov o‘tkazaylik. Baalning 450 ta payg‘ambari qurbonlik tayyorlab, o‘z xudosini chaqirsin. Men ham qurbonlik hozirlab, Yahovani chaqiraman. Kimning Xudosi olov yuborib javob bersa, haq Tangri o‘sha bo‘ladi». Xalq bunga rozi bo‘ldi.

Shunday qilib, Baalning payg‘ambarlari qurbonlikni tayyorlashdi. Ular kuni bilan: «Ey Baal, bizga javob ber!» — deya o‘z xudosini chaqirishdi. Baal javob qaytarmagach, Ilyos ularning ustidan kulib, shunday dedi: «Bor ovozingiz bilan chaqiringlar! U uxlayotgan bo‘lsa, uni uyg‘otish kerakdir!» Baalning payg‘ambarlari kechgacha o‘z xudosini chaqirishdi. Lekin hech qanday javob bo‘lmadi.

Ilyos qurbongohning ustiga qurbonlikni qo‘yib, ustidan suv quydi. Keyin u shunday deya ibodat qildi: «Ey Yahova, iltimos, Sen haq Xudo ekaningni xalq bilib olsin». Yahova shu zahotiyoq osmondan olov tushirib, qurbonlikni kuydirib yubordi. Shunda xalq: «Yahova haq Xudodir!» — deya hayqirdi. Ilyos: «Baalning payg‘ambarlarini ushlanglar!» — dedi. O‘sha kuni Baalning 450 ta payg‘ambari o‘ldirildi.

Dengiz tomonda kichkina bulut ko‘tarilganini ko‘rib, Ilyos Axabga: «Bo‘ron yaqinlashyapti. Aravangni hozirlagin-da, uyingga ket»,— deb aytdi. Shu payt osmonni qora bulut qopladi, shamol esdi va jala quyib yubordi. Shu tariqa, qurg‘oqchilik ham o‘z nihoyasiga yetdi. Axab aravasiga minib, kuchi boricha haydab ketdi. Ammo Ilyos Yahovaning yordami bilan aravadan ham tezroq yugurib ketdi! Shu bilan Ilyosning tashvishlari tugadimi? Keling, bu haqda bilib olaylik.

«Xalqlar isming Yahova ekanini, zamin uzra yolg‘iz Sen Alloh Taolo ekaningni bilib olsin». (Zabur 83:18)